Аррозий ўрта махсус билим юрти

Bu sinovli kunlardan ibrat olaylik!

Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar, Payg’ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi va sallamga salovatu salomlar bo’lsin! Dunyoning deyarli har bir davlatida koronavirus vabosi kundan kunga ko’payib bormoqda. Bunday sinovli kunlarda mo’min kishi o’zini qanday tutishi kerak? عن عائشة رضي الله عنها: أنها سألت رسول الله صلى الله عليه و سلم عن الطاعون فأخبرها أنه كان عذابا يبعثه الله على من يشاء فجعله الله رحمة للمؤمنين فليس من عبد يقع الطاعون فيمكث في بلده صابرا يعلم أنه لن يصيبه الا ما كتب الله له الا كان له مثل أجر الشهيد رواه الإمام البخاري Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: U kishi Rosululloh sollalohu alayhi va sallamdan vabo haqida so’radilar. Shunda u zot shunday xabar beribdilar: “Aslida u Alloh o’zi xohlaganlariga yuboradigan azob bo’lgan edi. Bas, Alloh uni mo’minlarga rahmat qildi. Bas, qay bir banda vabo voqe’ bo’lganda o’z yurtida sabr qilib, Alloh unga bitganidan boshqa narsa bo’lmasligiga ishonib tursa, albatta, unga shahidning ajri mislidek ajr bo’lur  Imom Buxori rivoyati. Biz ham bu kunlardagi sinovlarni tadabbur va tafakkur qilishimiz kerak, o’zimizga xulosa chiqarishimiz kerak. Gigiyena va karantin qoidalariga to’liq bo’ysunishimiz lozim. Shifokorlarimizni mehnatini qadrlashimiz kerak. Albatta, ko’p vaqtimiz oila davrasida o’tmoqda. Shunday ekan, bunday vaqtlarda farz va nafl ibodatlar, ota onalar farzand tarbiyasi, Qur’on tilovati va istig’for aytish bilan ko’proq mashg’ul bo’lishimiz kerak. Albatta qanday qiyinchiliklar kelayotgan bo’lsa bularning barchasi o’z gunohlarimizni natijasidan, berilgan ne’matlarga shukrona qilmaslikdan bo’ladi. Biz bilmaymizki, balki, Alloh taolo gunohlarimiz ko’payib ketgandan bizni shunday balolar bilan sinayotgandir. Bunday holatlardan ibrat olib yanada ko’proq tavba qilishimiz kerak. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Allohga barchangiz tavba qiling, ey mo’minlar! Shoyadki, najot topsangizlar”. (Nur surasi, 31-oyat) Imom Bag’oviy o’zlarining Tafsiri Bag’oviy nomli tafsir kitoblarida bu oyatni tafsirlab Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisni keltiradilar. Rosulullohni shunday deyayotganlarini eshitdim: Ey insonlar, Robbingizga tavba qilinglar, chunki, men har kuni Robbimga yuz marta istig’for aytaman. Bilamizki, boshliqqa bo’ysunish vojib, shunga qaramasdan hozirgi kunda ba’zi itoatsiz odamlar karantindan qochishga urinmoqdalar, vaholanki, yurtboshimiz bu vabodan qutilish uchun bir necha bor kuyinib gapirmoqdalar. Agar biz o’zimizni isloh qilmas ekanmiz Alloh bizni isloh qilmaydi.

Alloh taolo bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: Albatta, to bir qavm o’zlarini o’zgartirmagunlaricha, Alloh ularning holini o’zgartirmas. (Ra’d surasi, 11-oyat) Kasallik kelishidan oldin ba'zilarimiz ko'p vaqtimizni behuda o’tkazardik, ba’zilar o’yin-kulguga berilib, yeb-ichar, mo’l-ko’lchiligidan Xudoni esdan chiqarib kibrga ketdi, odamlar kundan-kunga noliydigan bo’lib borayotgan edi. Bugun qarasak bularni hammasi jim bo’lib qolgan! Taqdiridan nolib yuradiganlar ham yo’q, hamma narsani tanqid qilib dushmanchilik nazari bilan qaraydiganlar ham yo’q. Ha, haqiqatda inson o’z holini isloh qilmaguncha Alloh uni isloh qilmaydi. Hozirgi kunda ko’p odamlar yordamga muhtoj bo’lib turgan paytlarida ularga yordam qo’lini cho’zishimiz, ularni qo’llab-quvvatlashimiz lozim, yaxshliklarda musobaqalashishimiz kerak. Oxirgi paytlarda o‘zi chet elda turib ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni davlatga qarshi qayraydiganlar, doimo ta’na otishni o‘ziga kasb qilib buni din deb biladiganlar, Alloh belgilagan taqdiridan norozi diydiyochilar, robbisini rizqini yeb shukr qilish o‘rniga aysh ishrat, fahsh botqog‘iga botganlar, boyligini xarom, ma’siyat, isrofgarchilik, manmanlikka, behudalikka sarf etganlar va hakazolar nihoyatda avj olishgan edi. Robbimiz bizga bergan ne’matlari shukronasi bilmas edik. Bugun koronavirus balosi barchamizni qancha hushyor tortishga, yaratgan qancha ne’matlar berganini tafakkur qilishga undadi. Avvalgi xotirjamlikni astoydil Alloh taolodan so’rashga bugun barchamiz kirishishimiz zarur. Davlatimizni qilayotgan ishlarini olib ko’raylik, agar davlat bo’lmaganda nima bo’lar edi? Albatta barcha narsa izdan chiqib ketardi, chunki, oynai jahon orqali ba’zi davlatlarda qiynalib yashayotgan insonlar, ochlikdan qirilib ketayotgan bolalar, hatto kamerani ko’rsa avtomat deb o’ylab qo’lini ko’tarayotgan yosh bolalarni ko’rmoqdamiz. Shu narsalar haqida o’ylab tafakkur qiladigan bo’lsak, o’zimizga ko’plab ibratlar olamiz. Alloh taolodan yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo qilishini va insonlardan bu balolarni daf qilishini so’raymiz. Bu sinovlardan ibrat olib, Allohga ko’proq tavba qilishimizni muvaffaq qilsin. Zero, Alloh ko’plab tavba qiluvchilarni yaxshi ko’radi. Imom Faxriddin ar-Roziy o’rta maxsus islom bilim yurti 4-kurs talabasi Hikmatullayev Rahmatulloh.