26.05.2023

SADAQA IBODATDUR

Sadaqa haqida Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan: “Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va O‘zi xohlaganiga rizqni tang qilur. Biror narsani muhtojlarga xolis ehson qilsangiz, bas, Alloh uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir”. ("Saba’" surasi, 39-oyat)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir kishi, to insonlarning orasida hukm qilingunicha, sadaqasining soyasida bo‘ladi”, dedilar.

Yana payg‘ambarimiz: “ Uch narsaga qasam ichaman:

1. Bandaning moli sadaqa qilish bilan kamaymaydi.

2. Kimga biror zulm yetganida sabr qilsa, Alloh uning izzat-sharafini oshiradi.

3. Kim tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga faqirlik eshigini ochadi”, deb marhamat qilganlar.

Ushbu hadisda ikkita xayrli ishga chaqirilib, bitta illatdan qaytarilyapti.

Birinchisi: “Bandaning moli sadaqa qilish bilan kamaymaydi”.

Bunday deyish bilan Rasululloh biz ummatlarini sadaqa qilishga targ‘ib etmoqdalar. Biror kishi “molim kamayib qoladi”, degan xayol bilan xayru sadaqa qilishdan to‘xtamasin. Sadaqa qilgan bilan davlat kamaymaydi, aksincha, ziyoda bo‘ladi va baraka kiradi.

Mol-dunyo ko‘payishining sabablaridan biri, uning zakotini o‘z vaqtida berish, faqir va muhtojlarga ehson qilishdir.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh sudxo‘rlikni foydasini yo‘q qiladi va sadaqa beruvchilarga boyliklarni ziyoda etadi”. ("Baqara" surasi, 276 oyat)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kim xayru saxovat ko‘rsatib, kiyimga muhtoj odamni kiyintirib, xursand qilsa, Alloh uni jannat kiyimlari bilan kiyintiradi. Kim bir kishini to‘ydirsa, ovqatlantirsa, jannatdagi taomlardan nasibador bo‘ladi”.

Boshqa hadisda sadaqa haqida Payg‘ambarimiz bunday deganlar: “Har kuni tongda insonlar uyqudan uyg‘onganida yer yuziga ikkita farishta tushadi. Ulardan biri: “Yo Alloh, infoq-ehson qilgan insonning moli o‘rnini to‘ldirgin”, desa, ikkinchisi: “Yo Alloh, ziqna odamning moliga talafot yetkazgin”, deb duo qiladi.

Demak, moddiy imkoniyatga ega bo‘lgan kishi sadaqa qilish, muhtojlarga yordam berishdan sira qo‘rqmasligi, balki xayru ehson bilan ulkan savoblarni qo‘lga kiritishga oshiqmog‘i zarur.

Imom Faxriddin ar-Roziy O'MIMBY matbuot xizmati

Izoh qoldirish

Izohlar