26.05.2023

EHSONNING MOHIYATI

Islom dini – ehson dinidir. Ehson so‘zi yaxshilik qilish ma'nosini anglatadi. Bu – umumiy ma'noda keladi. Biz ehson deganda odamlarga dasturxon yozishni, xudoyi qilishni tushunib qolganmiz. Aslida, ehson barcha ishni go‘zal qilishdir. Alloh taolo Qur'oni karimning ko‘plab oyat-karimalarida mo‘min-musulmon bandalarini ehson qilishga, yaxshilik qilishga buyurgan.

Alloh taolo marhamat qiladi: “...va siz ehson qiling, Alloh taolo ehson qiluvchilarni yaxshi ko‘radi”. Yana bir oyatda: “Yaxshilik qiluvchilarga bu dunyoning o‘zida ham yaxshilik bor”, deyiladi. Alloh taoloning marhamatini qarang. Bu dunyoda bitta yaxshilik qilsak, oxiratda o‘ndan to yetti yuz barobargacha bo‘lgan yaxshilik bizni kutib turadi. U bandalariga ana shunday marhamati keng, mehribon zotdir.

Dunyoda nafas olib turibmiz ekan xayolimiz, fikrimiz va zikrimiz yaxshilik qilish bo‘lish kerak. Hadisi shariflarda shunday ma'nolar keladi: “Yaxshilik qilish qo‘lingdan kelmasa, hech bo‘lmaganda yomonlik qilma”. Ramazon oyi aynan ehson oyi hisoblanadi. Mo‘min-musulmon bandalar yaxshilikda musobaqa qiladigan oy hisoblanadi. 
 

G'ofurov Tolibjon
Imom Faxriddin ar-Roziy O'MBY mudarrisi

Izoh qoldirish

Izohlar