Lavhul mahfuz va qalam
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Mo‘min-musulmon odam lavh va qalamga ham iymon keltirmog‘i vojib. Bu ikki narsa ham g‘aybiyot turkumiga kiradi. Ahli sunna va jamoaning aqoid kitoblari ichida eng mo‘tabarlaridan hisoblanmish «Sharxi «Aqiydatut Tahoviyya» kitobida quyidagilar aytiladi:
«Lavh va qalamga, unga chizilgan jamiki narsaga iymon keltiramiz».
Sharh: «Lavh»dan murod Alloh xaloyiqning taqdirlarini yozgan narsadir. «Qalam»dan murod Alloh yaratgan va u bilan mazkur lavhga qadarlarni yozgan qalamdir.
Bas, lavhga, qalamga va qalam bilan lavhga yozilgan narsaga iymon keltirish lozimdir.
Dalil:
1. «Yo‘q!!! U Qur’oni Majiddir. Lavhul Mhfuzdadir» (Buruj surasi, 21-22-oyatlar).
2. «Nuun. Qalam bilan va satrlarga yozadigan narsalar bilan qasam» (Qalam surasi, 1-oyat).
3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Albatta, Alloh lavhul mahfuzni oq durdan yaratgandir. Uning sahifalari yoqutdandir. Qizildir. Qalami nurdir. Kitobi nurdir. Unda har kuni Alloh uchun uch yuz oltmish lahza bor. Uning kengligi osmon bilan yerning orasicha. Har kuni unga uch yuz oltmish marta nazar soladi. Xalq qiladi. Rizq beradi. O‘ldiradi. Tiriltiradi. Aziz qiladi. Xor qiladi. Xohlagan narsasini qiladi».
Tobaroniy «Mu’jamul Kabir»da rivoyat qilgan.
4. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Albatta, Alloh birinchi xalq qilgan narsa qalamdir. Bas, unga: «Yoz!» dedi. U: «Ey Robbim, nimani yozay?» dedi. U Zot taboraka va taolo: «Qiyomatgacha bo‘ladigan har bir narsaning taqdirini yoz», dedi.
Abu Dovud Uboda ibn Somitdan rivoyat qilgan.
«Sunniy aqiydalar» kitobi asosida tayyorlandi
Izohlar