31.12.2023

Inson g‘aybga iymon keltirish bilan hayvondan ajralib turadi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Amr ibn Shu’aybdan, u otasidan, u bobosidan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Sizningcha kimning iymoni ajoyib?» dedilar.

«Farishtalarniki», deyishdi.

«Ular Robblarining oldida turib, iymon keltirmasalar qanday bo‘ladi?» dedilar.

«Nabiylarniki», deyishdi.

«Ularga vahiy tushib turib, iymonga kemasalar qanday bo‘ladi?» dedilar.

«Bizniki», dedilar.

«Men oralaringizda turib, iymon keltirmasalaringiz qanday bo‘ladi?» dedilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Men uchun xaloyiqning ichida iymoni ajoyibi sizlardan keyin sahifalardagi kitobga iymon keltirgan qavmlardir», dedilar».

Hokim rivoyat qilgan.

Inson g‘aybga iymon keltirish bilan hayvondan ajralib turadi. Chunki his qilish a’zolari yordamida moddiy ta’sir etuvchi narsalarni idrok qilish, ularga ishonish hayvonlarda ham bor. G‘aybga iymon keltirish tufayli inson o‘zini o‘rab turgan hissiy dunyodan cheksiz ufqli, keng olamga chiqadi.

Ikkinchisi:

«namozni to‘kis ado etadigan».

Ya’ni ular Allohga ibodat qiladilar. Bandaga qul bo‘lishdan ozod bo‘lib, bandalarning Robbiga qul bo‘ladilar. Banda namoz orqali Alloh taologa bog‘lanadi. Shuningdek, boshqa ulkan yaxshiliklarga erishadi.

Uchinchisi:

«Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan nafaqa qiladiganlardir».

Taqvodor mo‘min-musulmon odamning e’tiqodi bo‘yicha, uning qo‘lidagi mol-dunyo o‘zi yaratgan narsa emas, balki Alloh taolo bergan rizqdir. Shuning uchun ham taqvodor inson Alloh taolo bergan rizqdan o‘zining zaifhol, muhtoj birodarlariga sadaqa qiladi. «Sadaqa» so‘zining «tasdiq» ma’nosi bor, mol-dunyosini sarflab sadaqa qilishda e’tiqoddagi ma’noning, ya’ni yaxshilik qilish ma’nosining tasdig‘i bor.

«Nafaqa» umumiy so‘z bo‘lib, «zakot», «xayr-ehson», «sadaqa» kabi ma’nolarni anglatadi.

«Hamda senga nozil qilingan narsaga va sendan oldin nozil qilingan narsalarga iymon keltiradigan».

Demak, taqvodorlarga oid navbatdagi to‘rtinchi sifat – Muhammad alayhissalomga nozil qilingan Qur’oni Karimga va u kishidan oldin nozil qilingan samoviy kitoblarga iymon keltirish. Bu narsa taqvodorlarning, Islom ummatining buyuk sifatlaridan biri bo‘lib, boshqa hech bir ummatda yo‘qdir. Chunki Islom ummatidan boshqa hech bir ummat Alloh nozil qilgan barcha kitoblarga birdek iymon keltirmagan. Islom ummati Alloh nozil qilgan barcha kitoblarga birdek iymon keltiradi.

Bu hol esa aslida bashariyatning kitoblari va nabiylari bir ekanining alomatidir.

Beshinchi sifat:

«oxiratga aniq ishonadigan».

Ya’ni hech shak-shubha qilmay ishonadilar. Oxiratga ishonish insonni tor dunyodan keng dunyoga chiqaradi. Oxiratga ishonish inson hayoti imtihonlarga to‘la bu besh kunlik dunyo bilan tugamasligiga, kelajakning uzoq ekaniga, nihoyasiz yashash olami bor ekaniga ishonishdir.

Ushbu besh sifat insoniyat uchun nihoyatda zarur sifatlar bo‘lib, kim shularni o‘zida mujassam qilsa, Qur’on hidoyatidan to‘la bahramand bo‘ladi.

Qur’on hidoyatidan bahramand bo‘lgan kimsa esa ikki dunyo saodatiga erishadi. Shuning uchun ham kelasi oyatda mazkur besh sifatga sohib bo‘lganlar erishadigan natijaning e’loni kelyapti:

«Ana o‘shalar Robblaridan bo‘lgan hidoyat uzradirlar va ana o‘shalar, o‘shalargina zafar topuvchilardir».

Kim najot topishni istasa, o‘zida taqvodorlik sifatlarini mujassam qilishga urinsin.

Alloh taolo taqvodor bandalarini shunday ta’riflaydi:

«Yaxshilik yuzingizni mashriq yoki mag‘rib tomonga burishingizgina emas. Lekin yaxshilik – Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, nabiylarga iymon keltirgan va molini yaxshi ko‘ra turib, yaqin qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yo‘qsil yo‘lovchiga, tilanchilarga va qul ozod qilishga bergan hamda namozni to‘kis ado etgan, zakotni bergan kishi hamda ahd qilganda ahdiga vafo qiluvchilar, yo‘qchilik, qiyinchilik va shiddat vaqtida sabr qiladiganlarnikidir. Ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar, o‘shalargina taqvodorlardir» (Baqara surasi, 177-oyat).

Bu oyati karimada tavodorlikka olib boruvchi yaxshilik bir necha qismga bo‘linmoqda:

1. Iymon.

2. Molu dunyosidan nafaqa qilish.

3. Namoz o‘qish.

4. Zakot berish.

5. Ahdiga vafo qilish.

6. Sabr qilish.

Oyatning oxirida mazkur oliymaqom sifatlarga ega bo‘lganlarni:

«Ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar, o‘shalargina taqvodorlardir», deb ta’riflanmoqda.

Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan: «Iymon nima?» deb so‘raganida, u zot ushbu oyatni tilovat qilganlar. Keyin yana qayta so‘raganida, yana shu oyatni tilovat qilganlar.

Shunday qilib, Alloh taolo bitta oyatda e’tiqod asoslarini, jon va mol ibodatlarini jamlab, bir-biridan ajramaydigan qilib birlashtirib, ularning hammasiga «yaxshilik» deb sarlavha qo‘yibdi.

Shuning uchun ham ushbu unvon ostiga doxil bo‘lib, unga amal qilganlarni Alloh taolo:

«Ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar, o‘shalargina taqvodorlardir», deb ta’riflamoqda.

Ana o‘shalar Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytgan taqvodorlardir.

«Ruhiy tarbiya» kitobining 2-juzi asosida tayyorlandi

Izoh qoldirish

Izohlar