Allohning muhabbati alomatlari va uning foydalari
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
1. Allohga yo‘liqishni sevish.
2. Allohga ma’siyat qilmaslik.
3. Allohning toatini lozim tutish, dangasalik va havoyi nafsga ergashishdan yiroq bo‘lish.
4. Allohning zikrini ko‘p qilish.
5. Allohga Uning Kitobini tilovat qilish, tahajjud namozi o‘qish kabi amallar ila uns paydo qilish.
6. Allohning zikrisiz va toatisiz o‘tgan har bir soatga afsus qilish.
7. Allohning toatini og‘ir sanamay, toatdan huzurlanish.
8. Allohning bandalariga mehribon bo‘lish.
9. Allohga bo‘lgan muhabbatini berkitib, uni da’vo qilishdan yiroq bo‘lish.
10. Allohdan uns topib, U Zotdan rozi bo‘lish.
Allohning muhabbati foydalaridan:
1. Allohning muhabbati iymon kamolotining dalilidir.
2. Allohning muhabbati Islom go‘zalligining dalilidir.
3. Allohning muhabbati U Zot ila uchrashuv shavqidir.
4. Allohning muhabbati bor qalbni Alloh taoloning barakasi davomli ravishda o‘rab turadi.
5. Allohning muhabbati asari qiyinchilik va g‘am-g‘ussa paytida zohir bo‘ladi.
6. Allohning muhabbati, bu dunyo ne’mati va sururi o‘laroq, oxirat ne’mati va sururiga yetkazadi.
7. Allohning muhabbati musibat paytida tasalli beradi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bandaning qalbi Alloh taoloning muhabbati, ibodati va zikri bilan to‘lib-toshgan bo‘lsa, bunday qalbda dunyoning muhabbatiga joy qolmaydi. Bunday banda badani bilan molu mulk uchun harakat qilayotgan chog‘ida ham uning qalbi doimo Alloh taoloning zikri bilan band bo‘ladi.
U naqshbandiylarning «Dast ba koru, dil ba yor» shioriga amal qilgan bo‘ladi. Oqibatda qalbi Alloh taoloning muhabbati ila to‘ladi. Qalbi Allohning muhabbati ila to‘lib-toshgan bandaga Alloh taolo haqiqiy ma’nodagi boylikni ato qiladi va uni qashshoqlikdan qutqaradi.
Aksincha, qalbi Alloh taoloning muhabbati, ibodati hamda zikri bilan obod bo‘lmagan banda ochko‘z bo‘lib, doimiy qashshoqlikda qolishi ham turgan gap.
Gap moddiy ma’nodagi molu dunyoning ko‘p yoki ozligida emas, balki bandaning o‘sha mol-dunyoga bo‘lgan munosabatidadir.
Tarixda molu dunyosi had-hisobsiz bo‘lgan tariqat shayxlari anchagina. Ularning boshqa boylardan farqi o‘z molu dunyolariga zarracha muhabbat qo‘ymasdan, faqat Alloh taoloning ibodati va zikri bilan mashg‘ul bo‘lganlari va qalblarida mol-dunyo muhabbatiga joy qolmaganidadir.
«Ruhiy tarbiya» kitobining 2-juzi asosida tayyorlandi
Izohlar