Keling, Qur’on ahlidan bo‘laylik!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ko‘pchilik musulmonlar Qur’oni Karimni faqat ajr-savob umidida o‘qishadi, chunki ular Qur’onning ulug‘ manfaatlaridan bexabardir. Ular banda Qur’onni qanday niyatda o‘qisa, shunga erishishini bilishmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Amallar niyatga bog‘liqdir. Har kimga niyat qilgani bo‘ladi…» deganlar. Qur’on – hayot yo‘lidir. Niyat esa ulamolarning tijorat sarmoyasidir. Shunday ekan, o‘zimga ham, barcha birodarlarimizga ham Qur’on qiroati paytida qanday niyat qilish kerakligini eslatib o‘tmoqchiman:
1. Qur’onni ilm olish va unga amal qilish niyatida o‘qiymiz.
2. Qur’onni Allohdan hidoyat so‘rash niyatida o‘qiymiz.
3. Qur’onni Alloh taologa munojot qilish niyatida o‘qiymiz.
4. Qur’onni zohiriy va botiniy dardlardan shifo topish niyatida o‘qiymiz.
5. Qur’onni Alloh meni zulmatlardan nurga chiqarsin deya o‘qiymiz.
6. Qur’onni qotgan qalblarga davo bo‘lgani, unda qalb uchun xotirjamlik, hayot va isloh borligi uchun o‘qiymiz.
7. Qur’onni Alloh taoloning ziyofati bo‘lgani uchun o‘qiymiz.
8. Qur’onni g‘ofillar qatoriga yozilib qolmaslik uchun, zokirlardan bo‘lish uchun o‘qiymiz.
9. Qur’onni Allohga iymonimizni ziyoda qilish uchun o‘qiymiz.
10. Qur’onni Alloh taoloning Qur’oni Karimni tilovat qilinglar degan amriga bo‘ysunish niyatida o‘qiymiz.
11. Qur’onni savobga erishish, har bir harf uchun o‘n hasanotga ega bo‘lish uchun o‘qiymiz. Alloh taolo xohlagan bandasiga savobini bundan ham ko‘paytirib beradi.
12. Qur’onni qiyomat kuni uning shafoatiga erishish uchun o‘qiymiz.
13. Qur’onni Nabiy sallallohu alayhi vasallamga ergashish uchun o‘qiymiz.
14. Qur’onni butun ummatning va shu jumladan mening ham yuksak martabalarga ko‘tarilishimga sababchi bo‘lsin deb o‘qiymiz.
15. Qur’onni jannat darajalariga ko‘tarilish, viqor tojini kiyish, butun dunyo teng bo‘la olmaydigan ikki sarponi ota-onamizga kiydirish uchun o‘qiymiz.
16. Qur’onni Allohga yaqin bo‘lish uchun o‘qiymiz.
17. Qur’onni Allohning xos bandalaridan bo‘lish uchun o‘qiymiz.
18. Qur’onni yaxshi o‘qigan odam olijanob, mukarram farishtalar bilan birga bo‘lishini bilganimiz uchun o‘qiymiz.
19. Qur’onni do‘zaxdan va Allohning azobidan najot topish uchun o‘qiymiz.
20. Qur’onni Allohning hifzu himoyasida bo‘lish uchun o‘qiymiz.
21. Qur’onni abgor hayotga tushib qolmaslik uchun o‘qiymiz.
22. Qur’onni zararimizga emas, foydamizga hujjat bo‘lsin deb o‘qiymiz.
23. Qur’onni mus'hafga qarash ibodat bo‘lgani uchun o‘qiymiz.
24. Qur’onni sakina nozil bo‘lishi, rahmat o‘rab olishi va Alloh bizni O‘z huzuridagilar qatorida zikr qilishi uchun o‘qiymiz.
25. Qur’onni Allohdan xayru barakot va fazlga ega bo‘lish uchun o‘qiymiz.
26. Qur’onni o‘zi xushbo‘y, mevasi totli mevadek xushbo‘y bo‘lishi uchun o‘qiymiz.
27. Qur’onni dunyoda zalolatga ketmaslik, oxiratda baxtsiz bo‘lmaslik uchun o‘qiymiz.
28. Qur’on u tufayli Alloh mahzunlikni ketkazgani, g‘am-tashvishlarni aritgani uchun o‘qiymiz.
29. Qur’onni qabrimizda uns-ulfat, yo‘limizga nur, dunyoda hidoyatchimiz, jannatga yetaklovchimiz bo‘lishi uchun o‘qiymiz.
30. Qur’onni Alloh bizni tarbiya qilishi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xulqlangan xulqlar bilan odob berishi uchun o‘qiymiz.
31. Qur’onni haq bilan band bo‘lish, botil bilan band bo‘lmaslik uchun o‘qiymiz.
32. Qur’onni nafs, shayton va havoi nafsga qarshi kurashish uchun o‘qiymiz.
33. Qur’onni qiyomat kuni iymonsizlardan to‘sishi uchun o‘qiymiz.
Keling, Qur’on ahlidan bo‘laylik!
Mana shu Alloh bilan qilinadigan, foydasi naqd tijoratdir. Alloh unga bitmas fazli karamidan in’om etadi.
Muhammad Ali Muhammad Yusuf tarjimasi asosida Salohiddin Ibragimov Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti 4- kurs talabasi tayyorladi
#Талабалар
Izohlar