RAJAB OYI KIRIB KELMOQDA
Rajab oyi qamariy oylarning yettinchisi bo‘lib, urush harom qilingan ulug‘ oylardan biri hisoblanadi. Zero, “rajab” so‘zi lug‘atda “ulug‘lash”, “hurmat bajo keltirish” ma’nolarini anglatadi. Johiliyat davri arablari bu oyni ulug‘lagani va hurmatlagani bois shu nom bilan atalib qolgan.
Sahobai kiromlar va ulardan keyingi salafi solihlarimiz Ramazon oyidan so‘ng tutgan ro‘zalarini qabul bo‘lishini Alloh taolodan so‘rashar edi. Rajab oyi kelganda esa, Ramazonga sog‘-salomat yetishni so‘rar edilar. Bu haqida Payg‘ambarimizdan quyidagi hadis ham rivoyat qilingan:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ. قَالَ : كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ رَجَبٌ قَالَ: "اللهُمَّ بَارِكْ لَنَا فِي رَجَبٍ، وَشَعْبَانَ، وَبَلِّغْنَا رَمَضَانَ" (رواه الإمام ابن عساكر والبيهقي).
ya’ni: Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rajab oyi kirsa, Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Ey Alloh! Rajab va Sha’bon oylarida bizga baraka bergin va Ramazon oyiga yetkazgin”, der edilar” (Imom Ibn Asokir va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Mashhur tobeinlardan bo‘lgan Abu Qiloba rahimahulloh Rajab oyi fazilati haqida shunday degan:
عن عَامِرِ بْنِ شِبْلٍ رضي الله عنه، قَالَ: سَمِعْتُ أَبَا قِلابَةَ رضي الله عنه، يَقُولُ: "فِي الْجَنَّةِ قَصْرٌ لِصُوَّامِ رَجَبٍ" (رواه الإمام البيهقي).
ya’ni: Omir ibn Shibldan rivoyat qilinadi, Abu Qiloba raziyallohu anhudan eshitdim, u zot aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shunday ekan, imkoni bor kishilar Rajab oyidan boshlab, nafl ro‘zalarni tutib, Ramazon ro‘zasiga o‘zlarini tayyorlab borishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Demak, Rajab oyida ham boshqa oylarda bo‘lgani kabi nafl ro‘za va namozlar biror kunga belgilamasdan, odat qilib olmasdan o‘qilaveradi. Shundagina shariatimizda ko‘rsatilmagan turli bid’at va xurofotdan uzoq bo‘linadi.
MUSTAFO Yunusxo‘jayev
Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti mudarrisi
Izohlar