26.01.2024

ERKAK KISHINI OILADA QANDAY MAJBURIYATLARI BORLIGINI BILASIZMI?

Muqaddas Islom dinimizda er-xotin o‘rtasidagi mehr-muhabbat davomiyligini ta’minlash uchun o‘ziga xos qonun-qoidalar joriy qilingan. Agar er va xotin mazkur qoidalarga amal qilishsa, bir-birlariga nisbatan zimmalaridagi burch va mas’uliyatlarini his qilib, sidqidildan ado etishsa, bunday oila baxt va saodat qasriga aylanadi.

Er va xotinning majburiyatlari haqida Qur’oni karim oyatlari va Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hadislarida batafsil yoritilgan. Mujtahid ulamolarimiz mazkur oyat va hadislardan ko‘plab hukmlarni chiqarganlar. Hamma hujjat va dalillarni to‘plab o‘rgangan ulamolarimiz erning xotindagi haqlarini quyidagicha bayon qilganlar.

Erning zimmasidagi ba’zi majburiyatlar:

1. Er ayoliga yaxshi va chiroyli muomala qilishi. Zero, Alloh taolo O‘z kitobida shunday marhamat qilgan:

وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا

ya’ni: Ular (ayollar) bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin (Niso surasi, 19-oyat).

Bu buyruq erning xotinga yaxshi muomalada bo‘lishini, tabiatidagi ayrim noqisliklarga sabr qilishni, ba’zi xatolariga ko‘z yumishni taqozo etadi.

2. Ayolga mahr berish. Alloh taolo Qur’oni karimda erlarni ayollarining mazkur haqlariga rioya qilishga chaqirib: “وَآتُواْ النَّسَاء صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَةً”

ya’ni: “Xotinlariga mahrlarini hadya kabi (ya’ni chin ko‘ngildan) beringiz” deya amr etgan (Niso surasi, 4-oyat). Afsuski, ba’zi erlar zimmalarida shunday vazifa borligini ham bilmaydilar.

3. Er xotinning ozorini ko‘tarishi, u g‘azablanganida va jahli chiqqanida muloyim bo‘lishi, uning xatolarini kechirishi. Bunday qilish – Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Bu borada Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

لَا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إِنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقًا رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ (رواه الإمام مسلم).

ya’ni: “Mo‘min er mo‘mina xotindan nafratlanmasin, agar uning bir xulqini yomon ko‘rsa, boshqa xulqi tufayli undan rozi bo‘lib ketaveradi” (Imom Muslim rivoyati).

Demak, er xotinining ayrim fe’lidan g‘azablansa, oilani buzishga shoshilmasligi, balki uning yaxshi odatlarini ham ko‘z oldiga keltirib, shu bilan ko‘nglini to‘q qilib yurishi kerak ekan.

4. Erkak ayolini qizg‘anishi, uning or-nomusini saqlashi. Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

ثَلاَثَةٌ لاَ يَدْخُلُونَ الْجنَّةَ أَبَدًا: اَلدَّيُّوثُ، وَالرَّجِلَةُ مِنَ النَّسَاءِ، وَمُدْمِنُ الْخَمْرِ قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ! أَمَّا مُدْمِنُ الْخَمْرِ فَقَدْ عَرَفْنَاهُ، فَمَا الدَّيُّوثُ؟ فَقَالَ: اَلَّذِي لاَ يُبَالِيْ مَنْ دَخَلَ عَلَى أَهْلِهِ قُلْنَا: فَمَا الرَّجِلَةُ مِنَ النِّسَاءِ

قَالَ: اَلَّتِي تَشَبَّهَ بِالرِّجَالِ (رواه الإمام الطبراني والإمام البيهقي).

ya’ni: “Uch toifa kishi aslo jannatga kirmaydi: dayus, erkaksifat ayol va xamr ichishga mukkasidan ketgan kishi”, – dedilar. “Ey Allohning Rasuli, xamr ichishga mukkasidan ketganni bilamiz. “Dayus” nima degani?” deyishdi. U zot: “Ahli huzuriga kim kirayotganiga parvo qilmaydigan odam”, – dedilar. Biz: “Erkaksifat ayol kim?” – dedik. U zot: “O‘zini erkaklarga o‘xshatadigan ayol”, dedilar” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Islomda rashk ana shu darajada yuksak baholanishi bilan bir qatorda, bu borada haddan oshish, chegaradan chiqish qoralanadi. O‘z o‘rnida va me’yorida bo‘lgan rashk erkakda bo‘lsin, ayolda bo‘lsin, maqtalgan va go‘zal turmush taqozo etgan xislatlardandir. Har ikki tomon ham umr yo‘ldoshining me’yordagi rashkini qadrlashi lozim.

5. Er xotinini uy-joy bilan ta’minlashi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

أَسْكِنُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ سَكَنْتُمْ مِنْ وُجْدِكُمْ

ya’ni: “Ularga (taloq iddasini saqlayotgan xotinlaringizga) o‘zlaringiz maskan tutgan joydan toqatingizga qarab joy beringiz...” (Taloq surasi, 6- oyat).

6. Er xotinining oziq-ovqat va kiyim-bosh kabi nafaqasini ta’minlashi. Nafaqaning miqdori erning iqtisodiy holidan kelib chiqib belgilanadi. Alloh taolo bu haqda shunday degan:

لِيُنْفِقْ ذُو سَعَةٍ مِنْ سَعَتِهِ وَمَنْ قُدِرَ عَلَيْهِ رِزْقُهُ فَلْيُنْفِقْ مِمَّا آَتَاهُ اللَّهُ

ya’ni: “Boy kishi o‘z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin!...” (Taloq surasi, 7-oyat).

Mazkur nafaqa minnat va ta’nasiz bo‘lishi kerak. Chunki nafaqa berish, erkakning xotiniga qilgan marhamati emas! Balki, Alloh taolo erning zimmasiga farz qilgan amalni bajarishdir! Dinimizda er oilasiga sarflagan xarjlari uchun ajr va savobga erishadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

(إِنَّكَ لَنْ تُنْفِقَ نَفَقَةً تَبْتَغِي بِهَا وَجْهَ اللَّهِ إِلَّا أُجِرْتَ عَلَيْهَا حَتَّى مَا تَجْعَلُ فِي فَمِ امْرَأَتِكَ" (متفق عليه

ya’ni: “Siz Alloh taolo roziligini istab qilgan har qanday sarf xarajatingiz uchun ajr olasiz. Hatto xotiningiz og‘ziga solgan taomingiz uchun ham sizga ajr bor” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Nafaqa masalasida er o‘zining iqtisodiy holidan kelib chiqib ish ko‘radi. Xotinning bitmas-tuganmas talab va xohishlari uchun er o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib, noshar’iy va noqonuniy yo‘llar bilan pul topishi durust emas.

7. Ayoliga zaruriy shar’iy masalalarni o‘rgatishi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)” (Tahrim surasi 6-oyat).

Demak, har bir er musulmon kishi bilishi kerak bo‘lgan zaruriy ma’lumotlarni ayoliga o‘rgatishi zarur bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda masjid va boshqa joylardagi nasihat va maruzalarni yaxshi tinglab, ayoli va farzandlariga yetkazishi kerak.

8. Er xotinining xususiyatlari va o‘rtalaridagi aloqalari haqida og‘iz ochmasligi hamda odamlar o‘rtasida yoymasligi kerak. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ

ya’ni: “…Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz…”, (Baqara surasi, 187-oyat). Ulamolar ushbu oyati karimaning tafsirlarida “libos” so‘ziga turlicha ma’nolar berganlar. Ba’zilar er-xotin bir-birining aybu nuqsonini libos kabi yashiradi, desalar, boshqa birlari er-xotin bir-birlarini fahsh va zinodan saqlaydilar, degan ma’nolarni berganlar.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bu haqda shunday deganlar:

إِنَّ مِنْ أَشَرِّ النَّاسِ عِنْدَ اللهِ مَنْزِلَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ اَلرَّجُلُ يُفْضِيْ إِلَى اِمْرَأَتِهِ وَتُفْضِيْ إِلَيْهِ ثُمَّ يَنْشُرُ سِرَّهَا

ya’ni: “Qiyomat kuni Allohning dargohida eng yomon maqomda bo‘ladigan odam, o‘zi yoki xotinining tashabbusi bilan jinsiy aloqa qilgan va xotinining sirlarini oshkora qilgan erkakdir” (Imom Muslim rivoyati).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, er – oilaning rahbari. Yerkak kishi har doim mas’uliyatni zimmasiga oladigan, oilasini himoya qiladigan, to‘la Musulmon kishini sifatlarini o‘zida aks yettiradigan kishi bo‘lishi lozim. Ayni vaqtda ba’zi erkaklar ayollarini pul topish maqsadida o‘zlari vatanda, ojiza ayollarini esa Xorij mamlakatlariga yuborayotganlarini onda-sonda eshitib qolmoqdamiz bunday ishlar na diyonatimizga na urf odatlarimizga to‘g‘ri keladi. Ushbu haqiqatni har bir musulmon oilaning a’zolari yaxshilab tushunib olishi kerak.

MUSTAFO Yunusxo‘jayev
Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti mudarrisi
 

Izoh qoldirish

Izohlar