20.02.2024

Bozorlarning ko‘payishi va yaqinlashishi. qiyomatning alomatlaridandir!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan qiyomatning alomatlari haqida ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. O‘sha alomatlarning ko‘plarini shu bugungi kunlarimizda ko‘rib turibmiz. Bularni ko‘rgach, ibrat olishimiz, ogoh bo‘lishimiz, oxirat uchun, Alloh taologa yo‘liqish uchun tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

مَن كَانَ يَرْجُو لِقَاء اللَّهِ فَإِنَّ أَجَلَ اللَّهِ لَآتٍ وَهُوَ السَّمِيعُ الْعَلِيمُ

“Kim Allohga ro‘baro‘ bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, albatta, Alloh belgilagan vaqt kelguvchidir. U o‘ta eshitguvchi va o‘ta bilguvchidir” (Ankabut surasi, 5-oyat).
Boshqa bir oyatda bunday deb marhamat qilgan:

فَمَن كَانَ يَرْجُو لِقَاء رَبِّهِ فَلْيَعْمَلْ عَمَلاً صَالِحاً وَلَا يُشْرِكْ بِعِبَادَةِ رَبِّهِ أَحَداً

“Bas, kim Robbiga ro‘baro‘ kelishni umid qilsa, yaxshi amal qilsin va Robbi ibodatiga birontani sherik qilmasin” (Kahf surasi, 110-oyat).
Ushbu maqolada qiyomat alomatlari zikr qilingan hadislardan birini o‘rganamiz.

عن أبي هريرة قال: قال رسول الله عليه وسلم: "لا تقوم الساعة حتى تظهر الفتن ويكثر الكذب وتتقارب الأسواق ويتقارب الزمان" (رواه الإمام أحمد)

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Toki fitnalar zohir bo‘lmaguncha, yolg‘on ko‘paymaguncha, bozorlar yaqinlashmaguncha va zamon yaqinlashmaguncha qiyomat qoim bo‘lmaydi”.
Imom Ahmad rivoyati.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi sharifda o‘zlari yashab turgan saodat asrida odamlarga ma’lum bo‘lmagan ishlar haqida xabar bermoqdalar.

Shunday qilib bu hadisda biz ko‘rib, boshimizdan kechirib turgan to‘rt narsa haqida xabar beryaptilar:
1. Fitnalarning zohir bo‘lishi, ko‘payishi.
Keling, birgalikda musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etadigan Suriya, Yaman, Iroq, Afg‘oniston, Falastin kabi davlatlarga nazar solaylik. Dunyoda bo‘layotgan urushlar, qotilliklar, notinchliklar, qon to‘kilishlari, asosan o‘sha davlatlarda yuz bermoqda. Nega? Chunki biz musulmonlar dinimiz ta’limotlaridan uzoqlashib qolyapmiz, dunyo hayoti bizni aldab, Alloh taologa yo‘liqishimizdan chalg‘itmoqda, Uning zikridan g‘aflatda qolyapmiz. Natijasi esa mazkur fitnalar, urushlar. Ushbu fitnalarning ko‘rinishi, ko‘payib borayotgani qiyomatning alomati bo‘lib, bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuqoridagi hadisda xabar berganlar.

2. Yolg‘onning ko‘payishi.
Yolg‘onnning ko‘payishi, keng yoyilib borayotgani bugungi davr ulamolarini tashvishga solmoqda. Hatto ular yolg‘onni fosh etadigan qurilmalar yasash, ishlab chiqarish maqsadida millionlab dollarlarni sarf qilmoqdalar. Har kuni internet olamidagi yolg‘onlarni ko‘rib, eshitib turibmiz. Minglab saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar, kanallar, televizorlarda berilayotgan ko‘plab xabarlar yolg‘on ma’lumotlarga to‘lib yotibdi. Firibgarlik, nayrang, hiyla, aldov yo‘llari ham ko‘payib ketgan. Bugungi kunimizda odamlar orasida bir-birini aldash odatiy hol bo‘lib boryapti. Bunday musibat sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yashagan davrda sodir bo‘lmagan edi. Shunday bo‘lgach, u zot bugungidek yolg‘on qo‘rqinchli ravishda butun dunyoda keng yoyilishini qayerdan bilib aytdilar ekan? Albatta, Alloh taolo u zotga buning xabarini bergandir!

3. Bozorlarning ko‘payishi va yaqinlashishi.
Bugun istagan shaharga borib, uning biror ko‘chasida yursangiz, yonma-yon do‘konlarni ko‘rasiz. Bugungi kunda ularni “supermarket”, “gipermarket” deb yuritilyapti. Bizga ma’lumki, “market” so‘zi “bozor” degan ma’noni anglatadi. Bitta shaharning o‘zida ko‘plab shu kabi marketlar ishlab turibdi. Odamlar asta-sekin dehqon bozorlariga borish o‘rniga mazkur marketlardan, savdo do‘konlaridan mahsulotlar xarid qilmoqdalar. Hatto ushbu do‘konlar insonlarning uylari yonida ochilib, uzoq yo‘l yurishlariga ham hojat qolmayapti. Bunday supermarketlar, boshqacha qilib aytganda, zamonaviy bozorlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida birorta insonga ma’lum emasdi, xayoliga ham kelmagan edi. Xo‘sh, unda u zot alayhissalom 21-asrga kelib, shunday do‘konlar ko‘payib, yonma-yon bo‘lib faoliyat yuritishini qayerdan bilib aytdilar ekan? Albatta, bu haqida u zotga Alloh taoloning O‘zi xabar bergandir!

4. Zamon, vaqtning yaqinlashishi.
O‘tmishda bitta maktub bir shahardan boshqasiga yetib borishi uchun oylab vaqt ketgan. U paytlarda maktublar otlar, tuyalar vositasida manzillarga yetkazilar edi. Lekin bugungi kunga kelib, bitta maktubni bir soniyada manziliga yetkazishimiz mumkin. Endi bir xabarni bir joydan ikkinchisiga yetkazish uchun ko‘p vaqt sarflashning hojati qolmadi. Oldinlari bir shaharda sodir bo‘lgan voqea va urushlar haqida oylab yo‘l bosib, boshqa yurtlarga xabar berilgan bo‘lsa, hozirgi kunda bir shaharda bo‘layotgan hodisani to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rib, eshitish mumkin bo‘lib qoldi. Buning uchun televizor yoki radioni yoqish yetarli.

Mana shular vaqtning yaqinlashgani emasmi?!
Bundan tashqari vaqtlar ham tez o‘tyapti. Hozir deyarli barcha insonlar vaqtning qisqarib borayotganini, yillar oydek, oylar haftadek, haftalar kundek, kunlar soatdek o‘tayotganini e’tirof etmoqda.

Xo‘sh, televizor, radio va internet bo‘lmagan paytda Nabiy sollallohu alayhi vasallam kelajakda vaqt yaqinlashishi va qisqarishini qayerdan bilib aytdilar ekan?! Albatta, u zot alayhissalomga buning xabarini Alloh taolo bergandir!

Demak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yuqoridagi hadisda supermarketlar, xabarni tez yuborish vositalari bo‘lgan – telegram, feysbuk, vatsap kabi ijtimoiy tarmoqlar, ulardagi messenjerlar, telefondan qisqa xabar (SMS) yuborilishi hamda vaqtning qisqarib borishi haqida o‘sha davrdayoq xabar beryaptilar.

Endi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklarini inkor etadiganlarga savol: “Muhammad ismli inson bundan 1400 yil oldin yuqorida aytilgan, bugun o‘z tasdig‘ini topib borayotgan narsalarni qayerdan bilib aytganlar? U kishiga bularni kim o‘rgatgan?”

Javobni o‘zimiz beramiz: “Yuqorida xabari berilgan narsalarni u zot alayhissalomga Alloh taolo bildirgan! Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u kishining risolatlarining rostligiga dalil bo‘lishi uchun mazkur g‘aybiy ishlarning xabarini bergandir!”

Abduddoim Kahelning maqolasi asosida
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Ushbu maqola O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2024 yil 25 yanvar 03-07/400-sonli xulosasi asosida tayyorlandi.


Muallif
Nozimjon Hoshimjon

Manba
islom.uz

Izoh qoldirish

Izohlar