26.02.2024

O‘tganlarga xatmi Qur’on bag‘ishlash haqida

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Dinimiz Islom insoniylik dinidir, odob‑axloq dinidir, yaxshilik va ezgulik dinidir. Islomga ko‘ra, inson o‘lishi bilan unut bo‘lmaydi va shu bois, uning tiriklar zimmasida haqlari, tiriklarning o‘tmishdoshlari oldida burchlari bo‘ladi. Shuning uchun ham Islomda o‘tganlarni xotirlash, ularning haqlariga duo qilish targ‘ib etilgan. Qur’oni Karim musulmon ummatini o‘z o‘tmishdoshlarini xotirlab, haqlariga mag‘firat so‘rab duoda bo‘ladigan ummat, deya ta’riflagan. Alloh taolo Hashr surasida shunday deydi:

«Ulardan keyin kelganlar: «Robbimiz! Bizlarni ham, bizdan oldin iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni ham mag‘firat qilgin va bizning qalbimizda iymon keltirganlarga nisbatan g‘illi‑g‘ash qo‘ymagin. Robbimiz! Albatta, Sen o‘ta shafqatli va rahmlisan» (Hashr surasi, 10‑oyat).

«Ulardan keyin kelganlar» deyilganda Islom ummatining ilk avlodi – sahobalardan keyingi musulmonlar, umuman olganda, musulmonlarning keyingi avlodlari nazarda tutilgan. Demak, Islom ummatining xususiyatlaridan biri shuki, ularning keyingi kelganlari oldin o‘tganlarini yaxshilikda yodga olib, haqlariga xayrli duolarda bo‘ladi.

Ushbu ilohiy ta’lim asrlar osha musulmon olamida amalda joriy bo‘lib kelgan. Shu bilan birga, o‘tganlarning nomidan yaxshi amallar qilib, savobini ularga bag‘ishlash ham bevosita Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tavsiyalari bilan shariatimizda joriy qilingan amaldir. Bu mavzuga oid diniy ta’limotlarni chuqur o‘rgangan ulamolarimiz Qur’on tilovat qilib, savobini o‘tganlarning haqqiga bag‘ishlash ham mazkur shar’iy ko‘rsatma ostiga doxil ekanini ta’kidlaydilar. Ular: «Bu borada kelgan hadislar o‘rganilsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘tgan kishisining nomidan biror ezgu amal qilmoqchi bo‘lib, uning savobi yetishi haqida so‘ragan kishilarga: «Ha, savobi yetadi», deb javob berganlar. U zotdan Qur’on tilovatining savobi yetishi haqida so‘ralgani rivoyat qilinmagan bo‘lsa‑da, boshqa savollarga bergan javoblaridan xulosa qilish mumkinki, agar u haqda so‘ralganda, unga ham «Ha, savobi yetadi», deb javob bergan bo‘lardilar», deydilar.

Badriddin Ayniy rahmatullohi alayh o‘zining «Sahihi Buxoriy»ga yozgan sharhida Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xurmo novdasini ikki qabrga suqa turib: «Shoyad, shu sabab bulardan azob yengillatilsa», degan hadislarining izohida jumladan quyidagilarni aytadi:

«Xattobiy aytadi: «Bu hadisda qabr ustida Kitobi Azizni (Qur’onni) o‘qish mustahab ekaniga dalil bor, chunki dov‑daraxtning tasbehi tufayli mayyitga azob yengillatilishi umid qilinar ekan, Qur’oni Azim tilovatida umidvorlik va baraka yanada ulkandir».

Men aytaman: «Odamlar (ya’ni ulamolar) bu masalada turlicha fikr aytganlar. Abu Hanifa va Ahmad roziyallohu anhumo «Qur’on qiroatining savobi mayyitga yetadi», degan fikrni qo‘llaganlar. Bunga dalil Abu Bakr Najjorning «Sunan» kitobida Aliy roziyallohu anhudan qilgan ushbu rivoyatidir: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim qabrlar o‘rtasidan o‘tib qolib, «Qulhuvalloohu ahad»ni o‘n bir marta o‘qib, so‘ng uning ajrini o‘lganlarga bag‘ishlasa, unga o‘lganlarning adadicha savob beriladi», dedilar». (Buni Doraqutniy ham rivoyat qilgan). U yana o‘z «Sunan»ida Anas roziyallohu anhudan marfu’ shaklda rivoyat qiladi: «Kim qabristonga kirib, Yosin surasini o‘qisa, o‘sha kuni ulardan azob yengillatiladi».

Badriddin Ayniy shu kabi ayrim rivoyatlarni keltirgach, «O‘tganlarga namoz, ro‘za va sadaqaning savobi yetishining o‘zi Qur’on tilovatining ham savobi yetishini bildiradi», deydi.

Zakariyo Ansoriy rahmatullohi alayh «Al‑Lubob»da: «Bunga (tilovatning savobi o‘lganga yetishiga) dalolat qiladigan narsalardan biri shuki, musulmonlar barcha asrlarda Qur’on o‘qib, o‘tganlariga bag‘ishlaganlar va buni hech kim inkor etmagan. Binobarin, bunga ijmo’ bo‘lgan», deydi.

Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘liklaringizga Yosin surasini o‘qinglar», dedilar».

Bu hadisni imom Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan, Ibn Hibbon sahih deb aytgan va: «Bu yerda o‘lim to‘shagidagi inson nazarda tutilgan», degan. Ammo ko‘pchilik ulamolar: «Lafz umumiy bo‘lgani uchun bu hadis o‘lim to‘shagida yotgan kishini ham, o‘lgan odamni ham o‘z ichiga oladi», deyishadi.

Ibn Obidin rahmatullohi alayh o‘zining mashhur asari – «Raddul‑muxtor»da yuqorida zikr qilingan hadislarni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ummatlari nomidan qurbonlik qilganlari, Qur’oni Karimda ota‑onaga mag‘firat so‘rab duo qilishga targ‘ib qilingani va yana boshqa dalillarni sanab o‘tgach: «Bularning va bunga o‘xshash biz cho‘zilib ketishidan qo‘rqib keltirmagan dalillarning barchasi amalda boshqaning sherik bo‘lishini, ya’ni boshqaning amalidan manfaat olish borligini tavotur darajasiga olib chiqadi», deya xulosa yasaydi.

Umuman olganda, hanafiy mazhabining deyarli barcha mo‘tabar manbalarida sadaqa, namoz, ro‘za, tilovat va boshqa yaxshi amallarni boshqaning nomidan qilish mumkinligi, savobi yetishi haqida alohida to‘xtab o‘tilgan. Jumladan, bu haqda «Hidoya», «Bahrur‑roiq», «Badoye’» va boshqa asarlarda so‘z boradi.

«Raddul‑muxtor»da bu mavzuda yana quyidagilarni o‘qiymiz:

«Ibn Hajar Makkiydan: «Birov qabriston ahliga Fotiha surasini o‘qisa, savob ularning o‘rtasida taqsimlanadimi yoki har biriga uning savobicha to‘liq beriladimi?» deb so‘ralganda, u: «Bir jamoa ulamolar ikkinchisiga fatvo berishgan va Allohning fazliga shunisi loyiqroq», deb javob bergan.

Ibn Hajar o‘zining fiqhiy fatvolarida aytishicha, Hofiz Ibn Taymiya Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qiroat savobini bag‘ishlashni man qilib: «Chunki u zotning yuksak qadrlariga salavot aytish, vasila so‘rash kabi o‘zlari izn bergan narsalardagina jur’at qilinadi», deb aytgan ekan. Subkiy va boshqalar u kishiga qattiq raddiya berib: «Bunaqa ishlarda maxsus iznga hojat yo‘q. Ko‘rmaysanmi, Ibn Umar roziyallohu anhumo u zot sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan so‘ng hech qanday vasiyatsiz u zotning nomlaridan umralar qilar edi. Junayd tabaqasidagi Ibn Muvaffaq u zot alayhissalomning nomlaridan yetmish marta haj qilgan. Ibn Siroj u zot sollallohu alayhi vasallamning nomlaridan o‘n ming marta xatm va shuncha qurbonlik qilgan», deyishgan...

Hanbaliylardan Ibn Aqil: «U zotga tilovat savobini bag‘ishlash mustahab», degan.

Ulamolarimizning gapi shuki, kishining o‘z amalini boshqaga hadya qilishi mumkin ekan, bunga Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham kiradilar, chunki u zot bunga eng haqlidirlar. Zero, u zot bizni zalolatdan qutqarganlar. Bunda bir nav shukr va u zot alayhissalomga go‘zal tortiq qilish bor. Komil narsa kamolotning ziyoda bo‘lishiga qobiliyatlidir. Ba’zi bir buni man qiluvchilarning «Bunda mavjud narsani yana mavjud qilishga urinish bor, chunki u zotning ummatlarining barcha amallari o‘z‑o‘zidan u zotning tarozilarini bosadi», degan gaplariga kelsak, bunga «Buning hech qanday monelik joyi yo‘q, chunki Alloh taolo u zot sollallohu alayhi vasallamga O‘zi salavot aytishini xabar qila turib, bizlarning u zotga «Allohim! U zotga salavot yo‘llagin!» deya salavot aytishimizni buyurgan», deb javob beriladi» («Raddul‑muxtor»dan iqtibos tugadi).

Xulosa qilib aytganda, mo‘tabar manbalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yoki sahobalarning biror o‘tgan kishiga xatmi Qur’on bag‘ishlaganlari naql qilinmagan bo‘lsa‑da, bu umumiy tarzda ruxsat berilgan, targ‘ib qilingan ishlardandir. Yuqorida o‘tgan hadislar va umumiy shar’iy yo‘riqlar shuni ko‘rsatadi. Shunga ko‘ra, Qur’on xatm qilib, savobini o‘tgan ota‑ona va boshqa yaqinlarga bag‘ishlash ulug‘ savobli amallardandir. Xatmni o‘sha mayyitning nomidan niyat qilib boshlansa, yana ham yaxshi bo‘ladi. Ammo tirik odam nomidan xatm qilinmaydi, unga tilovat savobi bag‘ishlanmaydi, chunki bunday badaniy amallarni birovning nomidan qilish uchun o‘sha shaxsning shu amalni qilishga butkul qodir bo‘lmasligi shart qilingan («Raddul‑muxtor»).

Xatmi Qur’ondan savob hosil bo‘lishi uchun uni xolis Alloh uchun bajarish lozim. Turli moddiy manfaatlar ilinjida qilinsa, savob hosil bo‘lmaydi va binobarin, o‘tganlarga ham savob yetmaydi.

Hasanxon Yahyo Abdulmajidning

«Xatmi Qur’onga marhabo!» kitobidan

Muallif
Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Manba
islom.uz

Izoh qoldirish

Izohlar