29.03.2024

QURʼONI KARIMNI KOʻP TILOVAT QILING

Ramazonda roʻza tutish va taroveh oʻqish aniq ish.

Bulardan tashqari, yana qancha vaqt boʻlsa, barini ibodatlarga sarf qiling. Masalan, Qurʼoni karimning tilovatiga alohida eʼtibor qarating. Chunki, Ramazon oyining Qurʼoni karim ila alohida bogʻliq joyi bor. Shuning uchun koʻproq tilovat qiling. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh Ramazonda har kun bir bora va har kecha bir bora Qurʼoni karimni xatm qilar edilar, keyin butun taroveh mobaynida yana bir marta xatm qilar edilar. Shu tarzda butun Ramazonda oltmish bir marotaba Qurʼoni karimni xatm qilardilar.

Alloma Shomiy rahmatullohi alayh Ramazonning kunduzida alohida, kechasida alohida bir martadan Qurʼoni karimni xatm qilar edilar. 

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: 

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam yaxshilik qilishda odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxiy paytlari esa Ramazonda huzurlariga Jabroil kelganda boʻlar edi. Jabroil alayhissalom Ramazon tamom boʻlgunicha har kecha u zotning huzurlariga kelar edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga Qurʼonni arz qilar (oʻqib berar) edilar”.

Agar Ramazon oyi kirsa Imom Zuhriy:

 “Ushbu Ramazon oyi Qurʼon tilovat qilinadigan va taom

ulashiladigan oy”, deb aytar edilar.

Ulugʻ zotlarning kundalik vazifalarida Qurʼoni karimning tilovati muhim oʻrin olgan. Shunga koʻra, biz ham muborak Ramazonda oddiy kunlarga qaraganda tilovatni koʻproq qilaylik.

Ramazonda Qur’on bilan birga bo‘lish xususiyatini yaratishimiz va uni tafakkur, tadabbur ila o‘qishimiz kerak. Qur’on muqaddasligidan tashqari bashariyatning dasturulamali, mukammal adabiyot namunasidir, shuning uchun unda evolyutsiyaning barcha rejalari va sirlari mavjud. Qur’on Allohning kalomidir, uni o‘qib anglash, unga amal qilish dunyo va oxirat saodatiga yetish, nafs balosidan najot topish sababi bo‘ladi. 

Imom Faxriddin ar-Roziy o`rta maxsus islom bilim yurti 3-kurs talabasi 

Samandar Mehmonov

Izoh qoldirish

Izohlar