08.04.2024

RAMAZONDAGI KAMCHILIKLARIMIZ

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo’lsin.

Payg’ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo’lsin.

Ramazonning avvalida ibodatlarga himmatimiz baland bo’ladi. Tarovehning ilk kunlarida masjidlarni to’ldirib yuboramiz. Lekin Ramazon o’tib borar ekan, ibodatlarga sustlashib boramiz. Ayniqsa, ramazonning yarmi o’tib, masjidlarda xatmlar tugar ekan, jamoat ham kamayib ketadi. Hatto xatmni tugatgach, ramazonning qolgan kunlarida iftorliklarda bemalol o’tirib, masjidga bormay ham qo’yaveramiz. Bu ishimiz noto’g’ridir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ramazon oxirlab borar ekan, ibodatga yanada jiddiyroq kirishar edilar. Hadisi sharifda shunday deyilgan:

“Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Qachon (oxirgi) o’n kunlik kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam izorlarini mahkam bog’lab*, kechani bedor o’tkazar va ahllarini uyg’otar edilar”. 

(Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

*”Izorlarini mahkam bog’lab” so’zidan – ibodatga astoydil bel bog’laganlari yoki ayollaridan chetlanganlari tushuniladi.

Yugurish musobaqalarida marra ko’rinishi bilanoq sportchilar jon-jahdi bilan chopa boshlaydi. Futbol yoki basketbol o’yinlarida ham biror natija ko’rsatish ilinjida , ayniqsa, oxirgi daqiqalarda o’yinchilar shiddat bilan o’ynashadi.

Oxirat yutug’ini qo’lga kiritish uchun undan-da qattiqroq harakat qilishimiz lozim bo’ladi. Mana muborak Ramazon oyi ham kirib kelmoqda. Bu oydagi barcha amallar o’ta ahamiyatli va e’tiborli hisoblanadi.

Ramazon oyining eng afzal kechalari oxirgi o’n kunlarining kechalaridir. Demak, marraga oz qoldi. Agar nafsimiz bu kechalarda bo’shashib, dangasalikka yo’l qo’yadigan bo’lsa, biz unga: “Ey nafsim! balki bu Ramazon sen uchun oxirgi ramazondir”, deb aytaylik! 

Alloh taolo Qur’oni Karimda :

Musobaqa qiluvchilar mana shu (ne’matlar) yo’lida musobaqa qilsinlar!”

(Mutoffifiyn surasi, 26-oyat).  

Tohirjonov Muhammadrizo

Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti 122-“A” guruh talabasi 

Izoh qoldirish

Izohlar