05.05.2026

PAYG‘AMBARIMIZ ROSULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING QUR’ON TILOVAT QILISHGA NASIHATLARI

PAYG‘AMBARIMIZ ROSULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING QUR’ON TILOVAT QILISHGA NASIHATLARI
 

Payg‘ambar alayhissalom ummatlarini Qur’on Karimni tilovat qilishga, uning ma’nolarini tadabbur qilishga undardilar, Qur’on o‘quvchining mukofoti qanday bo‘lishini bayon qilardilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim Allohning Kitobidan bir harf o‘qisa, unga bir savob bo‘ladi, har bir savob esa o‘n barobar ko‘paytiriladi. Men ‘Alif, lam, mim’ni bir harf demayman, alif bir harf, lam bir harf, mim bir harfdir”» (Imom Termiziy rivoyati).
Barchamizga ma’lumki, Qur’oni Karimdagi ba’zi suralar «Alif lam mim» kabi harflar bilan boshlangan. Payg‘ambar alayhissalom ana shu oyat ham bitta emas, bir necha harf deb e’tibor qilinishini bayon qilmoqdalar.
Demak, Qur’oni Karimning har bir harfini o‘qiganlik uchun bitta savob yoziladi. Savob amal Allohning nazdida o‘n barobargacha ko‘paytirib yoziladi. Kim «Alif», «lam», «mim»ni tilovat qilsa, «alif» harfi uchun bitta savob, «lam» harfi uchun bitta savob, «mim» harfi uchun bitta savob — jami uchta savob yoziladi. Demak, Qur’ondagi uch harfdan iborat bitta so‘z uchun o‘ttizta savob yozilar ekan.
Agar Allohning kalomini to‘liq boshidan-oxirigacha tilovat qilsak-chi?
Qur’ondan bir sahifa o‘qisangiz, besh ming hasanot yoziladi. Bir bora o‘qisangiz, yuz ming hasanot yoziladi.
Qur’onni to‘liq xatm qilib chiqsangiz, uch million hasanot yozilar ekan. Uni bir marta emas, bir necha marta, butun umr tilovat qilib yursak-chi? Behisob savobga ega bo‘lamiz, inshaalloh.
Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on o‘qinglar, chunki u Qiyomat kuni o‘z sohiblarini shafoat qiluvchi bo‘lib keladi”, dedilar» (Imom Muslim rivoyati).
Qiyomat kuni Qur’oni Karim ko‘rinishi chiroyli odam qiyofasida keladi. Tiriklik paytida Qur’onni tilovat qilishga odatlangan insonlar uni taniydilar. Qur’on ularni shafoat qiladi, ular do‘zaxga kirmaydilar. Alloh taolo Qur’oni Karim hurmati bilan ularning gunohlarini kechiradi.

Imom Faxriddin ar-Roziy talabasi Tohirjonov Muhammadrizo