08.05.2026

QUR’ON O‘QUVCHINING MUKOFOTI

QUR’ON O‘QUVCHINING MUKOFOTI

Alloh taolo Qur’on o‘qigan, tilovat qilganlarga juda katta ajr-savoblar va’da qilgan.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Qiyomat kuni Qur’on sohibiga: ‘O‘qib, yuksalaver. Dunyoda qanday o‘qigan bo‘lsang, shunday o‘qi. Sening manziling – oxirgi oyatni o‘qiyotganingda yetib borgan joyingdir’, deyiladi”» (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Demak, Qur’oni Karimni yodlab, unga amal qilgan insonning darajasi ana shunday yuksak bo‘ladi. Qancha ko‘p tilovat qilsa, jannatdagi darajasi shuncha ko‘tarilib boriladi, to‘liq o‘qisa, eng oliy daraja sohibi bo‘ladi. Alloh taolo huzurida tilovat qilish naqadar go‘zal!
Nuvvos ibn Sam’on roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar alayhissalom: «Qiyomat kuni Qur’on va dunyoda unga amal qilgan ahli olib kelinadi, ular oldida Baqara va Oli Imron suralari birga kelib, Alloh taoloning huzurida o‘z sohiblari foydasiga hujjatlashadilar», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo Qur’on sohibining dunyo va oxiratdagi martabasini baland qilib qo‘yadi.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Eng yaxshilaringiz – Qur’oni Karimni o‘rgangan va uni o‘rgatganlaringizdir”, deganlar» (Buxoriy rivoyati).

Xulosa :
Qur’oni Karim Alloh taoloning kalomidir, U Zot – yolg‘on gapirmaydigan, rostgo‘y Zotdir.
Musulmon kishi Qur’onni xushu va tadabbur bilan o‘qiydi.
Qiyomat kuni odamlar orasida eng darajasi oliysi Qur’on hofizlari bo‘ladi.
Qiyomat kuni Qur’on o‘z sohiblarini shafoat qiladi.
Qur’ondan bir harf o‘qiganga oʻnta hasana yoziladi.
Qur’on tilovat qilishning odoblarini o‘rganish kerak.
Qur’on o‘qish — nafaqat ibodat, balki insonni:
ko‘p savobga ega qiladigan,
qalbini poklaydigan,
oxiratda najotga eltadigan,
Alloh huzurida darajasini yuksaltiradigan eng ulug‘ amallardan biridir

 


Imom Faxriddin ar-roziy talabasi Tohirjonov Muhammadrizo