28.03.2021

Istihlofda uch imom Ixtilofi

Fiqh matnlarini to’la qonli tushunish uchun fiqhiy istilohlarga  ko’p ehtiyoj sezamiz. Bunday vaziyatda atamalar bilan yaqindan tanishish katta ko’mak beradi.
Ma’lumki ba’zi istilohlarni bir ikki so’z bilan yoki o’z ona tilimizga tarjima qilish orqali oson o’zlashtirish mumkin! Biroq, ba’zi atamalar borki ularni izohlab iste’molga ko’chirish uchun bir necha sahifalar kerak bo’ladi.
Biz e’tiboringizga havola qilmoqchi bo’layotgan “Istihlof masalasi’ deya tanilgan atama ham ana shunday bir ikki betni talab qiladigan “injiq” istilohlardandir. 
Istihlof – arabcha “حَلَفَ”   o’zagidan olingan “istif’alun” vaznidagi “إستحلاف”  so’zidir. Ma’nosi – birovdan qasam ichishini talab qilishdir.
Bu atama, fiqhiy kitoblarning asosan da’vo masalalarida uchraydi. Ya’ni, biror kishi bir inson ustidan qandaydir haqqi borligni da’vo qiladi. Aniqki, da’vo qilgan odam hujjat keltirishi kerak. Lekin doim ham da’vogarning hujjati bo’lmasligi mumkin, hujjati yo’q deb da’vo ishini yopib qo’yish esa, da’vogarning haqqini poymol bo’lishiga olib kelishi mumkin. Shariat bu vaziyatda ikki tomonning ham rioyasini qilib “Istihlof - qasam ichirish” masalasini joriy qilgan. 
Istihlofda gumondor shaxsdan “Allohga qasamki, da’vogarning mening zimmamda haqqi yo’q” deb qasam ichiriladi. Agar qasam ichsa da’vogarning da’vosi asossiz deb topiladi va sud ishi yopiladi. Agar, qasam ichishdan bosh tortsa qozi da’vogarni haq deb topadi va gumondordagi haqqini olib beradi. 
Buning asosi: agar gumondor kishi haqiqatan “da’vo qilinayotgan haqq”  o’ziga tegishli deb bilganida qasam ichib tegishli haqqini saqlab qolar edi. Qasam ichmadimi demak gumondor “da’vo qilinayotgan haqq” o’ziga tegishli emasligini tan olgan bo’ladi.
Lekin bu “Istihlof” bilan hukm qilish hamma o’rinda ham ishlay vermaydi. 
Mazhabimizning uch imomi Abu Hanifa, Abu Yusuf va Muhammad rahmatullohi alayhimlar bir ovozdan haddlar va lionlarda “Istihlof” bilan hukm qilinmaydi deganlar. 
Quydagi yetti masalada esa, Abu Hanifa rahmatullohi alayhi qasam ichirish bilan hukm qilinmaydi desalar, ikki shogirdlari, qasam ichirib hukm qilsa bo’ladi deyishgan. U masalalar quydagilardir.
1.Nikoh
2.Raj’at.
3.Iylosidan qaytish.
4.Birovni qulim deb da’vo qilish
5.Istiylod. Cho’ri xojasidan bola ko’rganini da’vo qilib, “Ummu valadlik”ni da’vo qilishi. 
6.Nasab.
7.Mavlolik.
    
Nega degan savol tug’iladi? Chunki, Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi va Ikki shogirdlari nazdida qasam ichishdan bosh tortish ikki xil talqin qilinadi.
Abu Hanifa rahmatullohi alayhi, zimmasida birovning haqqi yo’qligi borasida qasam ichishdan bosh tortishni “Bazl – o’tib yuborish” deb qaraydilar. 
Ikkila shogirdlari esa, zimmasida da’vo qilingan haqni iqror qilish deb qaraydilar. 
Shu ikki xil qarashdan kelib chiqib yuqoridagi 7 masalada Abu Hanifa rahmatullohi alayh qasamdan bosh tortkani uchun da’vogarga haq sobit bo’ldi deb hukm qilmaydilar, chunki bu sanalib o’tgan ishlarda “bazl – o’tib yuborish” bilan hukm qilinmaydi, qasamdan bosh tortish “bazl – o’tib yborish” edi, demak istihlof bilan hukm qilinmaydi, deydilar. 
Masalan, bir kishi birovni qulim deb da’vo qilsa, boyagi odam mayli qul bo’lib qolaveraman deyishligi bilan qul bo’lib qolmaydiku, demak qasamdan bosh tortganda ham qul bo’lib qolishi mumkin emas. Ya’ni bu odamning qasam ichishdan bosh tortishini qullikka iqror qilish deb qabul qilib bo’lmaydi. Shundoq ekan, foydasiz bo’lgani uchun qasam ichishni talab ham qilinmaydi.
Ikki shogirdlari umumiy ma’noda qasamdan bosh tortishni “da’vo qilingan narsaga” iqror bo’lish deb qaraganlari uchun, yuqoridagi yetti masalada ham shu qoidani ishlatadilar va gumondordan qasam talab qilinadi deydilar. Agar zimmamda haq yo’q deb qasam ichsa qazo –sud ishi yopiladi. Agar qasam ichishdan bosh tortsa da’vo qilingan narsani uning zimmasiga yuklaydilar.

Savol tug’iladi: nega Ikki Imom lion va hadlar borasdida ham istihlof bilan hukm qilmadilar? Bu savolga: hadlar dalillarda yuz bergan shubhalar sababli tark qilinadi, qasamdan bosh tortish esa shubhali iqrordir, chunki bu holatda ochiq oydin iqror yo’qdir, lion esa er-xotinga nisbatan had o’rnida bo’lgani uchun haqiqiy hadlar turkimiga qo’shilib ketadi, deb javob qiladilar.
Abu Hanifa rahmatullohi alayh nazdida esa, had va lionlarda “bazl – o’tib yuborish” bilan hukm qilib bo’lmaydi. Demak qasam ichirish bilan ham hukm qilinmaydi. Chunki, agar “Zimmamda falon haq” yo’q deb qasam ichsa da’vo tugaydi. Agar qasam ichmasa, bu ishi qasamdan bosh tortish ya’ni bazl deb qaraladi, natijada asl qoida – “bu tur ishlarda bazl bilan hukm sobit bo’lmaydi” degan qoidaga qaytiladi va istihlof bilan hukm qilish bekor qilinadi.
Alloh barchamizni fiqh – teran anglash bilan rizqlantirsin. Amin!

Т.Маткаримов
Имом Фахриддин ар-Розий ЎМИБЮ мударриси

Izoh qoldirish

Izohlar