Mazhablar birdamlik ramzi
Ulamolarimiz fiqh bilan mashhur bo’lgan sahobalarga Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Afvon, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Mas’ud, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Amr ibn Oss, Zayd ibn Sobit roziyallohu anhum va Oisha onamiz roziyallohu anhoni misol qilib keltiradilar.
Shuningdek, Nabiyyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aholisi musulmon bo’lgan uzoqroq yurtlarga o’sha yerdagilarga shariat ahkomlarini o’rgatish, ularning hayotida yangi paydo bo’ladigan masalalarni hal etish uchun o’z vakillarini yubora boshladilar.
Jumladan, Yamanga Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni yuborishni iroda qildilar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu o’z ish joylariga jo’nab ketayotganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan u kishi o’rtasida quyidagi rivoyatda zikri kelgan suhbat bo’lib o’tdi.
عَنْ أَنَسٍ مِنْ أَهْلِ حِمْصٍ مِنْ أَصْحابِ مُعاذِ بْنِ جَبَلٍ أَنَّ رَسُولَ الله صلي الله عليه وسلم لَمَّا أَرَادَ أَنْ يَبْعَثَ مُعاذًا إِلي اليَمَنِ قال: كَيْفَ تَقْضِي إِذا عَرَضَ لَكَ قَضَاءٌ؟ قال: أَقْضِي بِكِتابِ الله، قال:فَإِنْ لَمْ تَجِدْ في كِتابِ الله، قال: فَبِسُنَّةِ رَسُولِ الله صلي الله عليه وسلم ، قال: فَإِنْ لَمْ تَجِدْ في سُنَّةِ رَسُولِ الله صلي الله عليه وسلم و لا في كِتابِ الله قال: أَجْتَهِدُ رَأْيِي ولا آلُو، فَضَرَبَ رَسُولُ الله صلي الله عليه وسلم صَدْرَهُ و قال: الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي وَفَّقَ رَسُولَ رَسُولِ الله لِمَا يُرْضِي رَسُولَ الله رواه أبو داود.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning Hims ahlidan bo’lgan sohiblaridan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborishni iroda qilganlarida:
“Senga bir masala oriz bo’lsa, qanday qilib hukm chiqarasan?”- dedilar.
“Allohning kitobi ila”,- dedi.
“Allohning kitobidan topmasang- chi?”- dedilar.
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnati ila”,-dedi.
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatidan ham, Allohning kitobidan ham topmasang-chi?”-dedilar.
“Fikrim bilan ijtihod qilaman, bo’sh kelmayman”,- dedi.
Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning ko’kragiga urdilar va: “ Alloh Rasulining vakilini Allohning Rasulini rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Allohga hamd bo’lsin”,- dedilar”[1].
Barcha hadis kitoblarida keltirilgan ushbu mashhur voqea asrlar davomida faqihlarimizni yangidan-yangi ilmiy cho’qqilarga, izlanishlarga chorlashi bilan birga, Qur’oni karim oyatlari hamda boshqa hadislar bilan bir qatorda fiqh ilmiga hujjat va dalil ham bo’lib kelmoqda.
Sahobalar davrining ikkinchi yarmiga kelib fiqh ilmida peshqadam bo’lganlar asta sekin ajralib chiqa boshladilar. Albatta, bu hol Islom olamining qalbi bo’lgan Makka va Madina shaharlarida birinchi bo’lib yuzaga keldi. Islomdan avval qaqroq cho’l bo’lgan bu joylar ilm ma’rifatga ham chanqoq edi. Bu yerlar o’z tarixida o’qish, yozish yoki biror ilmiy baxs ila mashhur bo’lmagan edi. Ammo Islom dini bilan bu diyorga ham ilm-marifat, fan-madaniyat kirib keldi. Qur’oni karimning ayni shu tuproqda nozil bo’lishi, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning va sahobalarning ayni shu yerlarda yashashlari bu holning asosiy omili edi.
Keyinchalik, sharoit butun boshli kitoblar ta’liyf qilish, masalalarini jamlab bayon qilishni ham taqozo qilib qoldi.
Bu haqiqatni xalifa Ja`far Mansur va imom Molik oralarida bo’lib o’tgan hodisadan ham bilib olsak bo’ladi.
Imom Molik ibn Anas yoshliklarida Ja`far Mansur bilan birga o’qigan ekanlar. Katta bo’lganlarida yo’llari turlicha bo’lib, imom Molik ilmda, ayniqsa, fiqhda ulkan allomalik darajasiga yetib, hammaning hurmatiga sazovar bo’ldilar.
Og’aynilari va hamdarslari bo’lmish Ja`far Mansur imom Molik bilan majlis qurdi va u kishiga: “Yaqin orada men bilan sendan bilimliroq odam yo’q, o’zing ko’rib turibsan, men manovi ish ila mashg’ul bo’lib qoldim (yani xalifalik). Sen odamlarga diniy ishlarni yengillashtirib bersang”, - dedi.
Imom Molik rozi bo’ldilar va “Muvatto” kitobini ta’lif qildilar. Yangi haj mavsumida “Muvatto” kitobi bilan tanishgan xalifa Ja`far Mansur qoyil qoldi va imom Molikga:
“Juda yaxshi qilibsan, agar hohlasang, hamma odamlarni shu kitobga jamlayman”, - dedi.
Imom Molik:
“Yo’q unday qilma, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari hamma yoqqa tarqalib ketishdi, ularning har biri o’zi bilan yaxshilikni olib ketdi”, - dedilar.
Ushbu qissadan ko’rinib turibdiki, o’sha davrda hatto davlat boshlig’i ham kishilarga fiqhiy ko’rsatmalar majmuasi lozimligini anglab yetgan.
Ulamolar, jumladan, imom Molikdek zabardast olim ham bu zaruratni tushunib yetganlar.
Asta sekin Islom olamining turli joylarida faqih ulamolar yetishib chiqa boshladilar. Mazkur ulamolar o’z ilmiy ishlarida fiqhiy ijtihodlariga to’rtta narsani asosiy manba qilib olganlar.
Birinchisi: Qur’oni karim. Ya’ni, faqih Islomda biror narsaning hukmi qanday ekanligini bilmoqchi bo’lsa, avvalo Qur’oni karimga murojaat qiladi. Unda nima hukm bo’lsa, hech qanday ikkilanishsiz qabul qiladi.
Ikkinchisi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari. Agar faqih biror narsaga javobni Qur’oni karimdan topa olmasa, sunnatga murojaat qiladi. Uni topib, hukmini bayon qiladi.
Uchinchisi: Ijmo – bir davrning ijtihod ahli bo’lgan ulamolarining bir ovozdan biror masalani qabul qilishlaridir. Misol uchun, Qur’oni karimni kitob holiga keltirish zarurligi Qur’onning o’zida ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ham takidlanmagan.
Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin urushlarda Qur’oni karimni yod biladigan qorilar ko’plab shahid bo’layotganidan tashvishlangan hazrati Umar roziyallohu anhuning takliflari bilan xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu
Qur’onni jamlashga buyruq berdilar. Bunga hamma rozi bo’ldi, hech kim qarshi chiqmadi. Bu ish “ijmo” orqali amalga oshdi.
To’rtinchisi: Qiyos. Ya’ni, avvalgi manbalarda hukmi kelmagan masalani, shunga o’xshash mazkur manbalarda hukmi bor narsaga qiyoslab hukm chiqarish.
Misol uchun, Qur’onda xamr, yani o’sha vaqtda uzum, arpa, asl, xurmo kabi narsalarni achitish yo’li bilan olinadigan mast qiluvchi ichimlik xarom qilingan. Ulamolar shunga qiyoslab, ulardan boshqa mast qiluvchi ichimliklarni ham xarom deb ataganlar. Faqihlarimiz suyanadigan masdarlardan yana urf, masolihul mursala, shar’u man qoblana, shar’un lana kabi ba’zi manbalar ham bor. Ular mazkur to’rtta asosiy va qolgan yordamchi manbalarga suyangan holda ko’p masalalarni hal qilganlar.
Ma’lumki, Muso va Iso alayhimussalom qavmi 72 firqaga bo‘linib ketgan. Islom ummati esa 73 firqaga bo‘lingan. Haqiqat bittadir. Shunday ekan, mana shu 73 firqadan faqat bittasi haq yo‘lda sanaladi. Islom ummati ichida haqni topgan, haqqa ergashgan jamoa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam, u zotning sahobalari amal qilgan yo‘ldan boradigan musulmonlardir. Qolgan yetmish ikki firqa haqni topmagan. Islom dinining qat’iy hukmlarini inkor qilmagani uchun ular ham Islom doirasida hisoblanadi. Islom ummati ichida haqqa ergashgan firqa “Ahli sunna val jamoa” deyiladi.Biroq avvalgi davrlarda ma’lum sabablarga ko’ra tarqalmay qolgan mazhablar ham bo’lgan. Ular quyidagilar:
1-Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning mazhablari(vafotlari hijriy 32-yilda)
2-Oisha roziyallohu anhoning mazhablari(vafotlari hijriy 57-yilda ).
3-Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning mazhablari(vafotlari hijriy 73-yilda ).
4-Umar ibn Abdulaziz ibn Marvon ibn Hakim (vafotlari hijriy 101-yilda ).
5- Mujohid ibn Ja’far hijriy 100-yildan bir oz o’tib vafot etgan.
6-Shafiy (Omir ibn Sharohiyl) hijriy 100-yildan bir oz o’tib vafot etgan.
7-Ato ibn Abu Raboh (vafotlari hijriy 114-yilda ).
8-A’mash (Sulaymon ibn Mihron) (vafotlari hijriy 147-yoki 148-yilda ).
9-Sufyoni Savriy (vafotlari hijriy 161-yilda ).
10- Lays ibn Sa’dat (vafotlari hijriy 175-yilda ).
11-Sufyon ibn Uyayna (vafotlari hijriy 198-yilda ).
12-Ishoq ibn Ibrohim ibn Rohavay (vafotlari hijriy 238-yilda ).
13-Dovud ibn Ali az-Zohiriy (vafotlari hijriy 270-yilda ).
14-Muhammad ibn Jarir (at-Tabariy) (vafotlari hijriy 310-yilda ).
H.Rayimjonov
Imom Faxriddin ar-Roziy O"MIBYU 3-kurs talabasi
[1] Imom Dovud rivoyat qilgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Ixtiloflar Sabablar Yechimlar” kitobidan
Izohlar