ME'ROS ILMINING IJTIMOIY HAYOTDAGI AHAMIYATI
Bandalariga merosni O’zi taqsim qilib, vasiyatlar ishini tartibga solgan va qul ozod qilishni ibodatga aylantirgan ulug’ Allohga hamdu sanolar bo’lsin!
Siz bilan biz ummatlariga meros ilmini ta’lim berib,vasiyat masalasini amalda ko’rsatgan va qul ozod qilishda hammaga o’rnak bo’lgan Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomga bitmas-tuganmas salovotu durudlar bo’lsin!
“Faroiz” so’zi “farz” so’zining jamidir.
“Farz” so’zi lug’atda “o’lchov” “kesish” va “bayon qilish” ma’nolarini bildiradi.
Shariatdagi farz amallar ham o’lchog’lik, kesib aytilgan va bayon qilingan amallar bo’lgani tufayli “farz” deb atalgan.
Merosning “farz” deb aytilishi esa, unda merosni o’lchash shariat tomonidan kesilgan ish, bayon qilinib, har bir meros-xo’rninghaqi aniq ko’rsatilgani uchundir.
Yana merosdan tegadigan ma’lum nasibaga ham “farz” deyiladi.
Meros deganda o’lgan odamning ortidan qolgan narsani olishga biror kishining qolishi tushuniladi.
Fiqhiy tushuncha bo’yicha,mayyitning ortidan shariy vorisga qolgan mol va huquqlarga “meros” deyiladi.
Meros ilmi esa ha bir merosxo’rning qolgan merosdagi mol va huquqlaridan tegadigan nasibasini aniqlab beradigan fiqhiy va hisobiy qoidalardir.
Hanafiy ulamolardan “Durrul Muxtor”kitobining sohiblari meros ilmini quyidagicha ta’riflaydilar.
“Merosxo’rlardan har birining tarika va huquqlaridagi haqqini aniqlab beradigan fiqh va isob usullarini o’z ichiga olgan ilm meros ilmidir”.
Meros ilmining asosiy dalil va hujjatlari Qur’oni karim ,sunnnat va ijmo’dan olingan.Bu ilmda qiyosga o’rin qolmagan.
Qur’oni karimda meros haqida Niso surasida uchta,Anfol surasida bitta oyat kelgan.Bu oyatlarni, inshaalloh o’z o’rnida o’rganamiz.Payg’ambarimiz a.s.ning sunnatlarida bu mavzu bo’yicha bir necha hadisi shariflar bo’lib,ularni ham kelasi sahifalarda o’rganamiz.
Ijmo’ga kelsak,sahobai kiromlar momoning merosi haqida ijmo’ qilganlar.
Meros ilmining samasi va foydasi shuki,uni o’rgangan odam merosni haqdor -larga taqsim qilish masalasiga ega bo’ladi.Bu ilmning bilimdoni “Faroiziy”deb nomlanadi.Meros ilmining g’oyasi tarikadan har bir haq egasiga o’z haqqini yetkazishdir.
Meros ilmi fiqh ilmining sho’balaridan biridir.Meros ilmiga Alloh taoloning o’zi asos solgandir.Bu ilmning fazli juda ham ulug’dir.Uni ilmning yarmi deganlar ham bor.
Shu yerda,meros ilmining fazli haqidagi ba’zi hadislarni o’rganib chiqaylik.
عن عبد الله بن عمرو العاص رضي الله عنه عنبي صلي الله عليه وسلم. قال: العلم ثلاثة وما سوى ذلك فهو فضل اية محكمة او سنة قائمة او فريضة عادلة رواه ابو داود والحاكم
Abdulloh ibn Amr ibn Oss r. a.dan rivoyat qilinadi “Nabiy s.a.v.:
“Ilm uch xildir. Undan ziyodasi fazldir :muhkam oyat, qoim sunnat va odil farizat”, dedilar.
Abu Dovud va Hakim rivoyat qilishgan.
Unda Payg’ambarimiz s.a.v. shar’iy ilmlarning javhalarini, ya’ni, o’zgani bayon qilib bermoqdalar.
“ Ilm uch xildir”.
Bu yerdagi “ilm”dan murod shar’iy ilm ekanini keyingi iboralardan tushunib olamiz. Ularda oyat, sunnat va farz haqida gap ketmoqda. Demak, nima deyilmoqchi ekani ma’lum.
“Odil farizat”.
Shar’iy ilimning uchinchi asosi –“odil farizat” hisoblanadi. Ushbu hadisi sharifda zikr qilingan “odil farizat”dan murod nima ekani haqida ulomolarimiz ikki xil fikr aytganlar.
Birinchisi, odil farizatdan murod, merosni adolat bilan taqsim qilish ilmi. Bu ilmni “Faroiz ilmi” ham deyiladi. Payg’ambarimiz s.a.v. bu ilmga alohida e’tibor berganlarning sababi, bu ilm eng birinchi oradan ko’tariladigan ilm bo’lgani uchundir.
Ikkinchisi, odil farizatdan murod, musulmonlarga farz bo’lgan narsalarni bildiradigan ilm degani. Ya’ni,Kitob va Sunnatdan keyingi shariatimizning uchinchi va to’rtinchi masdarlarini –ijmo’ va qiyoslarni bilish deganidir.
Hadisi sharifda Islom shariatiga oid narsalarni o’rganish uchun asosiy hisoblanadigan ilmlar uchta ekani bayon qilinmoqda: Qur’on, Sunnat va meros ilmi. Qolgan ilmlar ushbular uchun vosita yoki ulardan kelib chiqqan ilmlar bo’ladi.
Meros ilmining Qur’on va Sunnat ilmlaridan keyingi uchinchi ilm bo’lishi uning naqadar ahamiyatli ilm ekanini ko’rsatadi.
Musulmon kishi Qur’on va Sunnatni o’rganishi, ularga amal qilish barobarida meros ilmini ham o’rganib, unga amal qilishi zarur. Shuning uchun ham bu ilmga katta e’tibor bermoqlik kerak.
عن ابى هريرة رضي الله عنه عن النبي صلي الله عليه وسلم قال:تعلمواالقران والفرا ئض وعلموا النا س فاني مقبوض. رواه لترمذي ولحاكم.
Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi:
“Nabiy s.a.v:
“Qur’onni va faroizni o’rganinglar va odamlarga o’rgatinglar. Bas, men qabz qilinuvchiman”, dedilar.
Termiziy va Hakim rivoyat qilishgan.
Payg’ambarimiz s.a.v ning “Bas, men qabz qilinuvchiman”, deganlari men vafot etuvchiman, agar vaqtida o’rganib qolmasangiz, bu narsalar zoye bo’lur, degan ma’noni anglatadi.
Imom Termiziy, Nasaiy, Ahmad va Hakimlar Abdulloh ibn Mas’ud r.a.dan rivoyat qilgan hadisda Payg’ambarimiz s.a.v:
“Faroizni o’rganinglar va uni odamlarga o’rgatinglar. Bas, men qabz qilinuvchiman. Ilm ham qabz qilinur.Hattoki, ikki kishi faroizda ixtilof qilib qolsa, ularning orasida ajrim qiladigan odam topilmas”, dedilar.
Imom Ibni Moja Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilgan hadisda Payg’ambarimiz s.a.v:
“Faroizni o’rganinglar va uni odamlarga o’rgatinglar. U ummatimdan eng avval unitiladigan narsadir”, deganlar.
Mulohaza qiladigan bo’lsak, Payg’ambarimiz s.a.v boshqa ilmlarga bunchalik ravishda targ’ib qilmaganlar.
Chunki bu ilm juda ham nozik ilm. U kishilarga qolgan merosni bo’lishga oiddir. Birovga o’z mehnatisiz, yaqin kishisining moli mulk bo’lib o’tishiga bog’liq ilm.Bu jarayon esa, doimo merosxo’rlar o’rtasida urush janjal, ke lishmovchiliklarga sabab bo’lib kelgan.
Shuning uchun ham meros taqsimlash ishiga har-kim ham o’zini uraverishni, janjalga boshini suqishni xohlamaydi. Yana shunga o’xshash e’tiborlar ham ko’p. Ehtimol, ushbu mulohazalar tufayli Payg’ambarimiz s.a.v. faroiz ilmini o’rganishga alohida targ’ib qilgan bo’lsalar kerak. Bu ilmga amal qiladigan kishilar soni juda ham kamayib ketgan paytlar ham bo’lgan.
Xolbuki, bu ilm halol-haromga va birovning haqqini to’g’ri ajratishga bog’liq ahamiyatli ilm edi.
Jon bor joyda o’lim ham bor. Har kuni, har soatda kimdir vafot qilib turadi. Demak, har kuni, har soatda meros qolib turadi, u merosni shariat ko’rsatmasi bo’yicha to’g’ri taqsimlash yuzaga chiqib turadi.
Bu ishni ado etish uchun esa, musulmonlar meros ilmini bilmoqlari lozim. Agar ular bu ilmni bilmasalar , har kuni, har soatda ulardan kimningdir haqqi paymol etilib, kimdir harom molni yeyayotgan, yana kimdir gunohi azim qilayotgan bo’ladi.
Shuning uchun bu ulug’ ilmni musulmonlar o’rganmoqlari lozim. Ko’pchilik, hech bo’lmasa, o’zi uchun kerakli darajada ma’lumotga ega bo’lishi, o’lgan kishidan qolgan meros shariat hukmi asosida taqsimlanishi lozimligini anglab yetmog’i kerak.
TOSHKENT ISLOM INSTITUTI MODUL
TA'LIM SHAKLI 3-BOSQICH TALABASI M.AVEZOV
Izohlar