ROSULLOH GO'ZAL XULQ VA SURAT EGASI
Rosululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga borayotganlarida Ummu Ma'bad al-Xuzoiya ismli ayolning chodiri yonida bir to‘xtab o‘tgandilar. O'sha ayol eriga u zotni quyidagicha ta'riflagan edi: «G'oyat ko‘rkam, yuzlaridan nur yog‘ilib turuvchi, go‘zal xulqli, boshi va qornini na kattalik, na kichiklik bilan ayblab bo‘ladi, husndor va go‘zal, ko‘z qorachig‘i tim qora, kipriklari uzun, ovozlarida biroz mayinlik bor, bo‘yni salgina uzun, ko‘zining oqi tiniq oq, qoshlari kamon, sochlari qop-qora, sukut saqlaganida viqor, so‘zlaganida esa ko‘rkamlik balqib turadi, uzoqdan qaraganda g‘oyat kelishgan va ko‘rkam, yaqindan ko‘rganda g‘oyat go‘zal va yoqimli, so‘zlari shirin va dona-dona, sergap ham, kamgap ham emas, so‘zlari xuddi ipga terilgan munchoqdek, o‘rtabo‘yli, ko‘rgan kishi na pakana va na daroz deb ayblay oladi, ikki novda o‘rtasida turgan eng chiroyli va ko‘rkam bo‘lib turgan uchinchi novda, yonida hamrohlari ham bor, ular uning so‘zlariga jim turib quloq solishadi va buyruqlarini bajarishga oshiqishadi, ular uning amriga muntazir bo‘lib, yonidan nari ketishmaydi, u qovoq uyuvchi ham, birovni kamsituvchi ham emas»[1].
Aliy ibn Abi Tolib roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vasflarini mana bunday ta'riflagan edi: «U zotning bo‘ylari o‘ta uzun ham, o‘ta past ham emas, o‘rta bo‘yli edilar. Sochlari o‘ta jingalak ham, o‘ta silliq ham emas, jingalaklik va silliqlik o‘rtasida edi. Badanlari semiz ham, yuzlari go‘shtdor va dum-dumaloq ham emas edi. Yuzlari biroz dumaloqlikka moyil, tiniq oq edi. Ko‘zlarining qorachig‘i tim qora, kipriklari uzun, yelka va bo‘g‘in suyaklari katta, ko‘kraklaridan qorinlarigacha mayin va ensiz tuk bilan qoplangan, badanlari jundor emasdi. Oyoq-qo‘llari zalvorli, yurganda xuddi qiyalikdan tushib kelayotgandek salobat bilan yurardilar. O'girilib qaramoqchi bo‘lsalar, butun gavdalari bilan burilar edilar. Ikki kiftlari o‘rtasida payg‘ambarlik muhri bor edi, u zot oxirgi payg‘ambar edilar. U zot g‘oyat qo‘li ochiq, nihoyatda jur'atli, o‘ta rostgo‘y, ahdiga vafodor, xulq-atvori muloyim, o‘ta samimiy inson edilar. Dastlab ko‘rgan kishini haybatlari bosar, yaqindan tanigan odam esa u kishini yaxshi ko‘rib qolardi. U zot haqlarida so‘zlagan odam: «Men u zotdan avval ham, keyin u kishiga o‘xshaganini ko‘rmadim», der edi»[2].
Bir rivoyatda Aliy roziyallohu anhu aytadi: «Boshlari katta, bo‘g‘in suyaklari yo‘g‘on, ko‘krakdan qoringacha cho‘zilgan mayin tukli, yurganda qiyalikdan tushib kelayotgandek zarb bilan yurardilar»[3].
Jobir ibn Samura roziyallohu anhu aytadi: «U zotning og‘izlari kattaroq, ko‘zlarining oqida biroz qizillik bor, oyoq kaftlari go‘shtsizroq edi»[4].
Abut-Tufayl roziyallohu anhu aytadi: «Oppoq, ko‘rkam yuzli, o‘rta bo‘yli edilar»[5].
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: «Keng yelkali, tiniq rangli edilar, ranglari juda oq ham, qora ham emas edi. Soch-soqollaridagi oq tuklar soni yigirmataga ham bormasdi»[6].
Anas ibn Molik roziyallohu anhu yana: «Ikki chakkalarida bir oz oq tolalar bor edi», degan. Boshqa bir rivoyatda esa: «Boshlarida (ya'ni sochlarida) ozgina oqi bor edi, xolos», deydi[7].
Abu Juhayfa roziyallohu anhu aytadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning pastki lablari ostida, soqollarida bir ozgina oqini ko‘rdim»[8].
Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu aytadi: «Soqollarida bir nechagina oq tolalari bor edi»[9].
Baro' roziyallohu anhu aytadi: «Xushqad, keng yelkali edilar, sochlari quloqlarining yumshog‘iga yetardi. Men u zotni qizil hullada[10] ko‘rdim, u kishidan ko‘ra chiroyliroq insonni aslo ko‘rmaganman»[11].
Oldinlari ahli kitoblarga muvofaqat qilishni istab, sochlarini peshonalariga tushirib yurardilar, keyinchalik boshlarida farq ochib yuradigan bo‘ldilar[12].
Baro' roziyallohu anhu aytadi: «Odamlarning eng go‘zal yuzlisi va go‘zal xulqlisi edilar»[13].
Undan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yuzlari qilichdekmidi?»», deb so‘radilar. U: «Yo‘q, oydek edi», deb javob berdi. Bir rivoyatda: «Yuzlari dumaloqroq edi», dedi[14].
Rubayyi' bint Muavviz roziyallohu anho aytadi: «Men u zotni ko‘rsam, porlab turgan quyoshni ko‘rgandek bo‘lardim»[15].
Jobir ibn Samura roziyallohu anhu aytadi: «Men u zotni oydin kechada ko‘rdim. Egnilarida qizil hulla (libos) bor edi. Men bir oyga, bir Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qarardim. Nazarimda u kishi oydan-da go‘zalroq edilar»[16].
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan go‘zalroq biron kimsani ko‘rmadim. Go‘yo quyosh u kishining yuzlarida yurgandek bo‘lardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ko‘ra tezroq yuruvchi biron kishini ko‘rmadim. Go‘yo yer u kishi uchun yig‘ilib kelgandek bo‘lardi. Biz qiynalib, hansirab qolardik, u zot esa xotirjam ketaverar edilar[17].
Ka'b ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: «Xursand bo‘lsalar, yuzlari oydek yorishib ketardi»[18].
Aslida qancha ta'riflar izlanmasin ikki olam sarvari alayhis salotu vasslomga ta'rif komil bo'lmaydi.Chunki u zot insonlarning eng komili edilar.
Shermatov Muhammadyusuf
Imom Faxriddin ar-Roziy O'MIBY mudarrisi
Izohlar