KO‘KSI YORILISH VOQEASI
Mana shu yilda «Shaqqi Sodr» voqeasi bo‘ldi. Ya’ni, farishtalar kelib, muborak ko‘kraklarini yordilar. Bu qissa bayoni shundoq erdikim: badaviy arab bolalari odatlaricha Payg‘ambarimiz ham to‘rt yashar chog‘larida emakdosh bola bilan birga qo‘y, echki, qo‘zilarni boqib yurishar edi. Bir kuni emakdosh o‘g‘il yugurgan holda yig‘lab kelib xabar berdikim:
— Ukam Muhammadni oq kiyim kiygan ikki odam kelib ushlab oldi va uni yerga yotqizib, ko‘ksini yorib qo‘ydi, — dedi.
Halima eri bilan bu dahshatli xabarni eshitib, xushlari boshlaridan uchdi. Faryod-fig‘on qilishib chopishib bordilar, ko‘rdilarkim ranglari o‘chgan, vujudlari o‘zgargan holda turibdilar. Darrov quchoqlariga olishib:
— Ey o‘g‘ilchog‘im, sizga nima bo‘ldi? — deb so‘radilar. Anda Payg‘ambarimiz:
— Oq liboslar kiygan odam sifatida ikki kishi keldi, meni yotqizib, ko‘ksimni yordilar, ichimga qo‘l solib yuragimni chiqazib, uni tildilar, undan qora qonni oqizib tashlab, bir jom kavsar suvi bilan ko‘p yuvib chayqadilar. «Mana, sendagi shayton nasibasi ketdi, endi senga shayton yo‘l topolmaydur», deb yana qaytadan ko‘ksimni tikishib qo‘yib, g‘oyib bo‘ldilar, — dedilar.
Qarasalar ko‘ksilarida yorganning nishonasi qolib, izi ko‘rinib turibdir. Bechora Halima xotun eri bilan bu karomatning haqiqatiga tushunmay, bu ishning Xudo tarafidin bo‘lganiga aqllari yetmay, ko‘ngillariga turli xayollar kelib, ko‘p qo‘rqunchliklar tushdi. Bu ish jin-shaytonlar qasdidin bo‘ldimi, deb gumon qilishdi. O‘zlari Payg‘ambarimizdin ajrashishlariga sira toqatlari bo‘lmasa ham, bu hodisadin qo‘rqib, nochor Payg‘ambarimizni onalari Ominaga keltirib topshirdilar.
— Bu muborak bolaga bunday mehru muhabbat qo‘ygan enagasi bizdin ruxsatsiz kelturdi, albatta, buning boisi bo‘lsa kerak, — deb sababini Halimadin so‘radilar, avvalda aytmay yashirib turgan bo‘lsa ham, so‘ngra bo‘lgan voqeani bayon qildi va:
— Bu ish jin-shaytonlar tarafidin bo‘lish imkoniyati bordur — dedi. Onalari Omina bu so‘zga qarshi dedilarkim:
— Bu bolam Muhammad bo‘yimga bitgandin boshlab, g‘oyibdin ko‘p ishorat-bashoratlar ko‘rib kelganman. Bu bolaning sharofatini bildirish uchun tug‘ut kechasida necha turli karomat ishlar bo‘lib o‘tgandir. Endi bundog‘ ulug‘ xosiyatlarga ega bo‘lgan farzandim Muhammadga hech qachon jin-shaytonlar yaqinlasholmaydilar, — deb Halimaga hurmat ko‘rsatib, ruxsat qildilar.
Shu chog‘da Payg‘ambarimiz to‘rtga to‘lib, beshga qadam qo‘ygan edilar. Mana bu voqea Payg‘ambarimizga yosh bolalik vaqtlarida bo‘lgan mo’jizalarning birisidur. Buni «Shaqqi Sodr» deydurlar.
Izohlar