Topib olingan narsalar turlari va uning hukmi
Kosoniyning «Badoe’-us sanoe’» kitobida yo‘qolgan narsalarning hukmi haqida shunday deyiladi: “Luqota aslida ikki xil bo‘ladi: birinchisi Egasi noma’lum bo‘lgan tushib qolgan narsalar. Ikkinchisi yo‘qotib qo‘yilgan jonivorlar.
Luqota ikki holatga ko‘ra bo‘ladi: Olishdan oldingi holat va olgandan keyingi holat. Olishdan oldingi holat gohida mustahab bo‘ladi, gohida muboh bo‘ladi va uchinchi holati – olish harom bo‘ladi.
Mustahab holatiga, ya’ni olish mustahab bo‘lgan holatiga javob berib aytamizki, agar uni tark qilib ketadigan bo‘lsa, xalokat yetishidan xavf qilib egasiga qaytarib berish uchun olish, uni tark qilishdan afzaldir. Chunki bunda musulmon odamning molini saqlash ma`nosi bor.
Endi muboh bo‘lgan holatiga kelsak, bu haqida ulamolarimiz quyidagi gaplarni aytishgan, unga ziyon yetish xavfi bo‘lmagan o‘rinda uni olib egasiga berish muboh sanaladi. Bu bizning mazhabimizda. Shofe’i rohimahulloh aytadilariki: «Unga ziyon yetishidan qo‘rqsa, olishi vojib bo‘ladi, qo‘rqmasa mustahab bo‘ladi, deydilar. Ziyon yetish xavfi bo‘lgan o‘rinda uni tark qilganda musulmon insonning molini zoe qilish bo‘ladi. Zoe qilish harom deb o‘ylaganlari uchun shu gaplarni aytganlar. Bu esa to‘g‘ri emas. Chunki uni tark qilib ketish, zoe qilish bo‘lmaydi. Balki lozim bo‘lmagan narsani saqlashdan tiyilish bo‘ladi. Bu esa vadeani qabul qilishdan man qilgani kabi zoe bo‘lmaydi.
Ammo olish harom bo‘lgan ko‘rinishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, uni egasiga olib borib berish uchun emas, balki uni o‘zi uchun olishi haromdir. Bu holatda birovning molini uning iznisiz, roziligisiz o‘zlashtiryapti, shu bois bu g‘asbga o‘xshab qolyapti. G‘asb esa haromdir. Olgandan keyingi holati ham ikki xil bo‘ladi. Birinchisi: omonat; ikkinchisi: to‘lash berishdir.
Sohibiga qaytarib berish uchun olish omonat bo‘ladi, ya’ni omonat yo`liga ko‘ra bo‘ladi. U omonat berilgan shaxsga o‘xshaydi.
To‘lab berish holati esa, u o‘zlashtirib olishidir. Bu holat g‘asbga o‘xshaydi va uni qaytarib berish zarur bo‘ladi”, – deb keltiriladi1”.
Topib olingan narsa, agar uni topib olgan odam egasiga qaytarib berish uchun olganiga guvoh keltirgan bo‘lsa, omonatdir.
Is’hoq ibn Rohavayh o‘zining «Musnad» nomli kitobida Iyoz ibn Hammoddan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim yo‘qolgan narsani topib olsa, adolatli kishini guvoh qilsin. Keyin uni berkitmasdan, bir yilgacha e’lon qilsin. Agar egasi kelsa, keldi. Bo‘lmasa, u Allohning moli bo‘ladi va kimga xohlasa, o‘shanga beradi», – dedilar».
Guvohlikka, kim yo‘qolgan narsani so‘rab yurgan bo‘lsa, menga aytib yuboringlar deyish kifoya qiladi. Shu holda topib olgan kishi birovning narsasini omonatga ushlab turgan kishining hukmida bo‘ladi va u bilan bo‘ladigan muomala omonat ushlab turgan odamga qilinadigan muomala kabi bo‘ladi. Yo‘qolgan narsani ko‘rganda olish mandubdir. Uni olinmasa, xoinning qo‘liga tushib qolish xavfi bor Aks holda, yo‘qolgan narsaning egasi topib oluvchining qaytarish uchun olganini rad qilsa, to‘lab beradi.
Agar topib olgan kishi birovni guvoh qilmagan bo‘lsa va egasi bilib qolganda, bu narsani egasiga qaytarib berish uchun olgan edim desa-yu, molning egasi, yo‘q bu yeb ketish uchun olgan deb turib olsa, topib olgan to‘lab beradi. Shu bilan birga, xoin hisoblanadi. Topganini e’lon qilganda, molni egasining ruxsati bilan omonatga ushlab turgan odam hukmida bo‘lardi va mol halokatga uchrasa, to‘lab bermas edi.
Yo‘qolgan narsa haqida uni topib olingan joyda va odamlar jamlanadigan yerda, endi egasi so‘rab kelmasa kerak deydigan va buzilib qoladigan muddatigacha e’lon qilinadi-da, so‘ngra sadaqa qilib yuboriladi.
Agar egasi kelib qolsa, xohlasa sadaqani tasdiqlaydi, xohlasa topib olganga to‘latib oladi.
To'raev Elbek
Imom faxriddin ar-Roziy
islom bilim yurtining 4-bosqich talabasi
Izohlar