Iyd namozining o‘qilishi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sanodan keyin qo‘lini ko‘tarib, uch marta takbir aytadi. Ikkinchi rak’atda qiroatdan keyin takbir aytadi.
Bu ikki jumlada odatda odamlar ko‘p adashadigan hukmlar zikr qilingan. Boshqa taraflari oddiy namozlarga o‘xshash bo‘lganidan, iyd namozi batafsil vasf qilinmagan.
Shu joyda hanafiy mazhabi bo‘yicha iyd namozi qanday o‘qilishi to‘la vasf qilinsa, foydadan xoli bo‘lmasa kerak, deb o‘ylaymiz.
Avval namoz boshlanishini, saflarni rostlash kerakligini e’lon qilinadi. Keyin iyd namozini o‘qish niyat qilinadi. So‘ngra ehrom takbiri aytilib, quloq qoqiladi. Qo‘l bog‘lab, kindik ostiga qo‘yiladi. Imom ham, qavm ham «Subhanakallohumma»ni o‘qiydilar. Keyin imom bilan qavm uch marta takbir aytadilar. Har takbirda qo‘l quloqning yumshoq joyigacha ko‘tarilib, so‘ng yonga tushiriladi. Bu takbirlarni «ziyoda takbirlar» deb aytiladi. Har takbirdan keyin uch marta tasbeh aytguncha muddat turiladi. Keyin ikki qo‘l bog‘lanib, kindik ostiga qo‘yiladi. So‘ngra imom ichida «a’uuzubillah» va «bismillah»ni aytib, Fotiha surasini va zam surani ovoz chiqarib o‘qiydi. Zam sura A’laa surasi bo‘lishi mandubdir. Keyin ruku’ va sujud qilinib, ikkinchi rak’atga turiladi.
Ikkinchi rak’atda ham imom ovoz chiqarib, Fotiha surasi bilan zam sura o‘qiydi. Zam sura Foshiya surasi bo‘lishi mandubdir. Qiroatdan keyin imom va muqtadiylar yana uch marta ziyoda takbirlarni xuddi avvalgidek: qo‘llarini ko‘tarib, orasida uch marta tasbeh aytilguncha muddat turib, aytadilar. Keyin yana bir takbir aytib, ruku’ga ketiladi va namozni oxirigacha o‘qiladi, so‘ng salom beriladi.
Uzr bo‘lsa, ertasiga o‘qiydi.
Misol uchun, bulut tufayli hilolni ko‘rib bo‘lmadi. Keyin boshqalar zavoldan keyin hilolni ko‘rganlari haqida guvohlik berdilar. Bu haqdagi hadis yaqindagina o‘tdi.
Uni imom o‘qiganidan keyin hech kim qazosini o‘qimaydi.
Iyd namozi qazo qilinmaydi.
Qurbonlik xuddi Fitr kabidir.
Ya’ni ikki rak’atligida ham, takbirlarida ham va boshqa narsalarida ham.
Umar roziyallohu anhu:
«Juma namozi ikki rak’atdir. Ro‘za hayiti namozi ikki rak’atdir. Qurbon hayiti namozi ikki rak’atdir. Safar namozi ikki rak’atdir, tugaldir, qasr emasdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tillaridandir», dedi».
Nasoiy, Ahmad va Ibn Moja rivoyat qilishgan.
Lekin namozni o‘qigunicha taom va sharobdan o‘zini tiyishi mandubdir.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni bir necha xurmo yemasdan turib chiqmas edilar. Toq yer edilar».
Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan.
Boshqa bir rivoyatda:
«Fitr kuni taom yemasdan oldin chiqmas edilar. Qurbonlik kuni namozni o‘qib bo‘lmaguncha yemas edilar», deyilgan.
Qurbon iydida hech narsa yemasdan namozga chiqiladi. O‘sha kuni birinchi taom uchun har kim o‘zi qiladigan qurbonlikning go‘shtidan yesa yaxshi bo‘ladi.
Yo‘lda ovoz chiqarib takbir aytadi.
Uydan masjidga yetib borguncha bosib o‘tiladigan yo‘lda ovoz chiqarib takbir aytib boriladi.
Iydga bir yo‘l bilan borib, boshqa yo‘l bilan qaytish mustahabdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday qilar edilar.
«Kifoya» kitobining birinchi juzi asosida tayyorlandi
Izohlar