HIJRAT HAQIDA HAQIQAT YOKI HAQIQIY MUHOJIR KIM?
Dunyoning turli mintaqalarida ro‘y berayotgan qonli nizolar, qarama qarshiliklar, terrorchilik xurujlari xalqoro xavfsizlikka taxdid solayotgani hech birimizga sir emas. Ayniqsa, yaqin Sharq mamlakatlari, ayniqsa qadim Suriya zaminida necha yildan beri davom etayotgan diniy nizolar barchamizni ogohlik va hushyorlikka chorlaydi. Negaki, bu mintaqada sodir bo‘lgan va bo‘layotgan qonli fojialarda muqaddas dinimiz ayrim g‘alamis, manfaatparast, yovuz kuchlar tamonidan niqob qilinayotgani ayni xaqiqatdir.
Aynan shu mintaqadagi nizolar hozirda diniy ekstremizm va xalqaro terrorizm dunyo mamlakatlari uchun nafaqat tashqi, balki ichki xavfsizlikka daxldor masalaga aylandi. Sababi diniy ekstremistik va xalqaro terrorchilik tashkilotlari jangarilik usullari bilan hokimiyat uchun kurashuvchi guruhlarni shakllantirish, ularni har tamonlama qo‘llab- quvvatlash va rag‘batlantirishga urinmoqdalar.
Mazkur yovuz kuchlarning bosh quroli – asosiy vositasi xalqaro tarmog‘i bo‘lib qolmoqda. “Axborot asri” deb atalayotgan zamonamizda xalqaro internet tarmog‘ini behudaga “O‘rgimchak to‘ri” deyishmaydi. Negaki, bu vosita orqali dunyoning qay burchagida sodir bo‘lgan hodisa biror soniya ichida barcha mamlakatlarga tarqaladi. Internetning qulay va tezkor axborot vositasi ekanligidan ayrim shaxslar g‘oyat ustamonlik bilan foydalanishmoqda. Internet ekstremistik to‘dalar bosh g‘oyaviy qurol vositasini beminnat o‘tamoqda. Biz chin ma’noda tahlikali deb atayotgan zamonimizda internet tarmog‘i orqali tarqalayotgan g‘arazli ma’lumotlar, vayronkor g‘oyalar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar hali ongi to‘la shakllanib ulgurmagan, har narsaga ishonuvchan yoshlarni o‘z domiga beixtiyor tortayotgani achinarli hol.
Kompyuterda yoki oddiygina qo‘l telefonida internetning birorta ijtimoiy tarmog‘iga kirgan o‘smir ming chaqirim uzoqda turib turli yolg‘onlar, bo‘htonlar orqali o‘zini aldashayotgani, avrashayotganini darxol anglay olmaydi. Balki, internetdagi joziba kuchi uni o‘ziga asta –sekin mahliyo qila boradi. Yolg‘on axborot ortidan tinmay oqib kelayotgan galdagi yolg‘onlar uning murg‘ak dunyoqarashini yemira boradi. Yovuz kuchlar, ayniqsa, muqaddas dinimizning arkonlarini buzib talqin qilish orqali o‘z niyatlariga yetishishni ko‘zlaydilar. Ular yoshlarni o‘z saflariga aldab chaqirishda Qur’oni karimda nozil bo‘lgan bir qator oyatlardagi ayrim so‘zlarni – shariatimizdagi axkomlarni o‘zlariga ma’qul kelgan yo‘sin va usulda sharhlashadi. Shu tahlit “jixod”, “xijrat” kabi islomiy tushunchalar tamomila boshqacha mazmun va mohiyat tashiydigan kuchga aylanadi.
O‘zi hijrat nima?! “hijrat” – “ko‘chish” deb ataladi.
Ushbu hijratdan “hijriy yil” hisobi boshlangan, ya’ni “ko‘chib o‘tganlikning birinchi yili, ikkinchi yili va hokazo”, deb nomlana boshlagan. Ushbu hijrat sababidan Yasrib shahri Madina deb atala boshlagan. Ana shu hijrat sababidan Makkadan Madinaga ko‘chib borganlar “muhojir” – “ko‘chib boruvchi” yoki “ko‘chib o‘tuvchi”lar deb atalgan.
Bizning davrimizga kelib ayrim toifalar: “Hijrat hozir ham farz. Hijrat qilmoq vojib bo‘ldi. O‘zingiz yashab turgan o‘lkalardan ko‘chib ketmog‘ingiz shart. Agar kimki hijrat qilmasa, qattiq gunohkor bo‘ladi, hatto hijrat qilmaganlar kofirdir”, deganga o‘xshash fikrlarni aytishib, diniy arkonlardan, shar’iy hukmlardan yaxshi xabardor bo‘lmaganlarni chalg‘itib, adashtirishga harakat qilmoqdalar. Islomning hijrat haqidagi fikri qanday, ayniqsa, uning hanafiy mazhabidagi fiqhiy hukmi qanaqa ekanini bugun ro‘y-rost aytishga zarurat bor. Zotan, diniy-milliy immunitet hosil qilmasdan turib, bu chalg‘ituvchi fikrga munosib javob berish mushkil. Hozirda haqiqatdan ham hijrat farzmi yoki vojibmi? Hijrat shariatning asosimi, u dinning biror ustunimi? Hijrat qilmagan musulmon kofir bo‘lib qoladimi?
Islomda ota-bobolarga ergashish, eski an’analarga qaytib ish ko‘rish, milliy-diniy qadriyatlarga sodiq qolish qadrlanadi. Zotan, milliy-diniy qadriyatlar ming yillardan beri qadr topib kelmoqda! Hijrat haqidagi gaplar borasida ham xuddi shunday qilmoq kerak bo‘ladi. Qarang va meni tushunishga harakat qiling: sovet hukumatidan oldin Markaziy Osiyoni chorizm deb atalgan rus podsholigi bosib oldi. Ular-ku qozilikni, vaqf mulkchiligini, muftiylikni barbod qilgan bo‘lsa-da, dinga bir muncha erkinlik bergan edi. Biroq, ular o‘rniga kelgan bolshivek sovet hukumati dinni ham dindorlikni ham mutlaqo qatog‘on qildi. Abdulaziz qori dada Toshkandiy rahimahullohning guvohlik berishlaricha, Buxoroning o‘zida besh yuz nafar; ha-ha, besh yuz nafar ulamoning o‘zlariga qabr kovlatib, tiriklay ko‘mib yuborgan ham shu sovetlar bo‘ladi. Sovetlar mol-dunyoni ham borbod qildi, xususiy mulkchilikka mutlaqo chek qo‘ydi. Qatog‘onlik davrida Markaziy Osiyolik minglab olimu ulamolar, ziyolilar jismonan yo‘q qilib yuborildi. Ana shu davrda ham, masalan, qadim Buxoroda ming-minglab talabalarga dars bergan mudarrislar, madrasa oxundlari, Alloh taoloning mubolag‘ali aytadigan bo‘lsak, “daryoni ters oqizadigan” valiy avliyolari bor edi. Lekin, ana shu dinni yo‘qotishga ro‘y-rost urungan tuzum davrida, olimu ulamolar qatog‘on qilingan mash’um zamonda hech bir olim hijrat farz bo‘ldi, degan emas! Bu haqiqatni hech qachon unutmasligingizni so‘rayman! O‘sha davrlarda hech bir ulamo hijrat farz bo‘ldi, deb o‘z vatanini tashlab ko‘chib ketgan emas. To‘g‘ri, Qoshg‘arga, Afg‘onga, u yerdan Arabiston tomonlarga o‘tib ketganlar bo‘lgan. Lekin, ular sovetlarning kasofatidan o‘z mol-dunyosidan, mulk-amloklaridan ayrilgan boy-badavlat kimsalar va tujjor savdogar odamlar edi. O‘sha davrlardan oldinroq o‘qish bahonasida boshqa o‘lkalarga ketgan ayrim olimlargina yurtlariga qaytmay qo‘ya qolgan bo‘lishi mumkin. Lekin, ularning ko‘pchiligi ham o‘z vatanlariga qaytib keldilar. Jumladan, Markaziy Osiyoning ulug‘ ustozlaridan biri, Domla Hindistoniy rahimahulloh Afg‘oniston va Hindistonda yigirma yillar tahsil olib bo‘lganidan so‘ng yana vatanlariga qaytib keldilar. Qatog‘on davri ayni avjiga chiqqan vaqtda qaytib keldilar! Hijrat farz bo‘ladigan bo‘lsa, nimaga o‘sha davr ulamolari hijrat qilib ketmadilar? Chunki, ular o‘z vatandoshlarini tashlab ketmadilar, o‘z vatanlarida baqadri imkon din-diyonatni saqlab qolishga urundilar, o‘z vatanini va o‘z xalqini o‘yladilar. Sovetlar davrida sovet idorasining o‘zida qorovul bo‘lib ishlasa-da, kolxozning qop-qora ishchisi bo‘lgan bo‘lsa-da, jon saqlab, vatandoshlarini o‘ylab-kuyinib yashashni, alaloqibat yaxshi kunlar kelishidan umidvor bo‘lgan holda, hech bo‘lmaganda qo‘ni-qo‘shnilarga, mahalladagi ayrim odamlarga musulmonlikning yo‘qolib ketmasligini uqtirish maqsadida hijratdan og‘iz ochmasdan, hijrat qilib ketishni o‘ylamasdan yashagan ulamolar o‘tganligini bugun Markaziy Osiyoning har bir shahridan topishimiz mumkin.
Hozir hijrat yo‘qligiga eng katta dalil.
Hijratni hozir ham farz deydiganlar sahihligini inkor qila olmaydigan, ularning o‘zlarining “muhaddis”lari ham sahihligini tan olgan, a’lo darajadagi sahih hadisi sharif borki, unda hozir hijrat yo‘qligi aniq-tiniq (sarih) va hech qanday ehtimollarsiz iboralar bilan ta’kidlangan. Muhaddislar sultoni Imom al-Buxoriy rahimahulloh o‘zlarining sahih hadislar to‘plami “Sahihi Buxoriy” – “al-Jome’ as-sahih” asarlarida o‘ndan ortiq joyida: لا هجرة بعد فتح مكّة – “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q!”, degan mazmundagi hadisi sharifni keltirganlar. Hozirda hijrat farz, deb olamga jar solayotganlarning o‘zlari ayrim ixtilofli masalalarni qo‘zg‘ash maqsadida doim Imom al-Buxoriy rahimahulloh nomidan foydalanadilar, u zotning asarlaridan iqtibos keltirishni yaxshi ko‘radilar. Qiziq! U zot rivoyatidagi, asarida o‘ndan ortiq joyida keltirilgan: لا هجرة بعد فتح مكّة – “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q!”, degan mazmundagi hadis haqida lom-mim demaydilar. Holbuki, bu hadis mansux bo‘lmagan, hukmi bekor qilinmagan, balki uning o‘zi hijrat hukmini bekor qiluvchidir. Uning iboralari va mazmuni juda aniq, hech qanday ehtimollar yo‘q, sarih va sahih hadisdir!
Mushoje’ ibn Mas’ud raziyallohu anhu o‘z ukasi Mujolid raziyallohu anhuni olib kelib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: يبايعك على الهجرة – “Sizga hijrat borasida bay’at qilmoqchi”, deganlar. “Bay’at” deganda ustozning o‘z shogirdlaridan qo‘l olib, biror ishni qilishga yoki qilmaslikka qasamyod qildirishi tushuniladi. Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
لا هجرة بعد فتح مكّة و لكن أبايعه على الإسلام
“Makka fathidan keyin hijrat yo‘q! Lekin undan islom borasida bay’at olaman!”, deganlar (Buxoriy, 4/3079).
Mazkur hadisda hatto hijrat islomning asosi emasligini, uning birorta rukni ham emasligi, hatto farz va vojib u yoqda tursin, sunnat bo‘larlik savobli amal ham emasligini bildirib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hijratdan emas, islomdan bay’at olishlarini bildirmoqdalar.
Tobe’inlarning ikki ulug‘ olimi Ubayd ibn Umayr al-Laysiy rahimahulloh bilan birga Ato ibn Abu Raboh rahimahulloh Oysha onamiz raziyallohu anhoning ziyoratlariga boribdilar. Suhbat davomida hijrat borasida so‘rashibdi. Shunda, Oysha onamiz raziyallohu anho: “Bugun hijrat yo‘q! Bir vaqtlar musulmonlar dini sababli fitnaga tushib qolmaslik maqsadida Alloh taologa va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qochgan edilar. Endi esa Alloh islomni zohir qildi. Bugun har kim xohlagancha parvardigoriga ibodat qilaveradi”, deganlar (Buxoriy, 5/3900).
Tobe’inlarning yana bir ulug‘laridan biri Mujohid rahimahulloh taniqli sahoba Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhuga: “Men Shomga hijrat qilmoqchiman!”, deganlar. Ibn Umar raziyallohu anhu unga: لا هجرة اليوم – Bugun hijrat yo‘q! Ortingga qayt!”, deganlar (Buxoriy, 5/4309).
Umaviy xalifalardan Marvon taniqli sahobalar Abu Said al-Xudriy raziyallohu anhu, Rofe’ ibn Xadij raziyallohu anhu va Zayd ibn Sobit raziyallohu anhu bilan birga so‘rida o‘tirgan ekanlar. Suhbatda Abu Said al-Xudriy raziyallohu anhu: لا هجرة بعد فتح مكّة – “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q!”, degan hadisi sharifni aytibdilar. Shunda xalifa Marvon: “Yolg‘on gapirayapsan!”, deb turib, qo‘lidagi darrasi bilan u zotni – Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobasini urishga chog‘lanib qolibdi. Bu yerda o‘tirgan ikki buyuk sahoba: “U to‘g‘ri gapirayapti”, deb xalifani to‘xtatib qolibdilar (Ahmad, 5/21671). Mazkur rivoyatni “Majma’ az-zavoid”da sahih deyilgan.
Muhaddislardan Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh va boshqalar sahih deb ta’kidlab rivoyat qilishlaricha, “Nasr surasi” (“Iza joa nasrulloh”) nozil qilinganda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hammaga uni o‘qib beribdilar va “Men va sahobalarim yaxshidir. Odamlarning barchasi yaxshi. Fathdan keyin hijrat yo‘q!”, debdilar (Ahmad, 3/11183; Hokim, 3/3017;).
Imom Ahmad rahimahulloh rivoyat qilishlaricha, Safvon ibn Umayya raziyallohu anhu odamlarning: “Hijrat qilmagan kimsa jannatga kirmaydi! Hijrat qilmaganlarning dini yo‘q!”, deb yurganlarning gapini eshitib qolib, “Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan so‘ramagunimcha uyimga kirmayman!”, deb qasam ichibdilar. Borib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan so‘raganlarida, u zoti sharif: لا هجرة بعد فتح مكّة – “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q!”, deganlar. Aslida, “Hijrat qilmagan kimsa jannatga kirmaydi!”, degan gapning chiqishiga sabab bor ekan. Bir necha odam Safvon ibn Umayya raziyallohu anhuning uyini tunabdi. Qo‘lga tushgan o‘g‘rilar hijrat qilish uchun o‘zlariga mablag‘ yig‘ishayotganini, chunki hijrat qilmagan kimsa jannatga kirmasligini, o‘g‘irlik qilib topilgan harom-harish mablag‘ evaziga hijrat qilmoqchi bo‘lishayotganini aytishibdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldiga olib borilganda, u zot o‘g‘rilarning qo‘lini chopishga buyuribdilar. Safvon ibn Umayya raziyallohu anhu: “Men ularni kechirdim!”, desalar ham, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bu yerga olib kelishdan oldin kechirsang mayli edi”, deganlar (Ahmad, 3/15341).
Hozir hijrat yo‘qligiga bir dalil.
يؤمّ القوم … فإن كانوا فى السنّة سواء فأقدمهم هجرة فإن كانوا فى الهجرة سواء قأقدمهم سلما اسلاما او سنا
“Agar sunnatda teng bo‘lsalar, ularning hijratga muqaddamrog‘i qavmga imom bo‘ladi. Agar hijratda ham barobar bo‘lsalar, unda islom jihatidan (yoki yosh jihatidan) muqaddamrog‘idir” (Muslim, 1/673; Termiziy, 1/235; Abu Dovud, 1/584; Ibn Hibbon, 5/2127; Hokim, 1/886; Tabaroniy, 17/600; Bayhaqiy, 3/4911; Doraqutniy, 1/1096; Abu Avona, 2/1071; Ahmad, 4/17138; Tayolusiy, 1/618; Ibn Abu Shayba, 1/3470; Abdurrazzoq, 2/3808).
Hijrat o‘rniga parhezkorlik aytilganining sababini qilni qirq yoradigan, hadisi shariflarning ma’no-mazmunini hammadan ko‘ra, hatto o‘sha hadislarni rivoyat qiluvchi muhaddislardan-da yaxshiroq biluvchi faqihlarimiz bunday tushuntirganlar. Jumladan, “al-Hidoya”ning mashhur sharhi “Fath al-qadiyr”da bunday deyilgan:
و الذى فى حديث الصحيح بعدهما التقديم بأقدمية الهجرة و قد انتسخ وجوب الهجرة فوضعوا مكانها الهجرة عن الخطايا و فى الحديث و المهاجر من هجر الخطايا و الذنوب
“Sahih hadisda olimroq va qoriroqdan keyin hijratda muqaddam bo‘lgan kimsa taqdim qilingan. Darhaqiqat, hijratning vojibligi bekor qilingan – mansux bo‘lgan. Bas, uning o‘rniga ulamolar xatoliklardan “hijrat” qilishni qo‘yganlar. Hadisda: “Haqiqiy muhojir xatolar va gunohlardan hijrat qilgan kimsadir”, deyilgan” (Kamoliddin ibn al-Humom. Fath al-qadiyr. 1-jild. – Misr: Amiriya, 1892. – B. 246).
Ha, badan bilan qilinadigan hijrat – o‘z vatanini tashlab boshqa joyga ko‘chib ketish vaqtinchalik zaruratdir. Lekin, gunohlarni va yomonliklarni tark qilib, ma’naviy hijrat qilish mo‘minning butun hayoti davomidagi farzidir, insoniyatga yuklatilgan abadulabad vazifadir, u qiyomatgacha boqiydir. Endi, mana bu hadisi sharifga e’tibor qarating:
إنّ الهجرة خصلتان إحداهما ان تهجر السيئات و الأخرى ان تهاجر الى الله و رسوله و لا تنقطع الهجرة ما تقبلت التوبة و لا تزال التوبة مقبولة حتى تطلع الشمس من المغرب فإذا طلعت طبع على كلّ قلب بما فيه و كفى الناس العمل
“Albatta, hijratning ikki xislati bor. Biri, yomonliklardan hijrat qilmoqdir. Boshqasi, Alloh va uning Rasuliga hijrat qilmog‘ingdir. Demak, hijrat tavba qabul bo‘lgunicha to‘xtamaydi. Tavba esa quyosh mag‘ribdan chiqquniga qadar maqbul bo‘laveradi. Quyosh kunbotish tomondan chiqadigan bo‘lsa, har bir qalb o‘zida bor narsasi ila muhrlanib qoladi, odamlarga amali yetarli bo‘lib qoladi” (Ahmad, 1/1671; Bazzor, 1/1054).
Alloh subhonahu va taolo bizlarga islom dinini din qilib berganiga, musulmon qilib yaratganiga shukrlar aytmog‘imiz kerak! Islom dini ilm dinidir. Ilmsizlikning, jaholatning oxiri voy bo‘lishi aniq. Islomiy tushuncha va masalalarni noto‘g‘ri tushunib olish yoki boshqalarga noto‘g‘ri yetkazish orqali musulmonlarning boshiga bugun juda ko‘p tashvishlar, muammolar va fitnalar tushmoqda. Afsuski, bugun butun dunyo musulmonlari jaholat va nodonlik qurbonlari bo‘lmoqdalar. Ana shunday, insonni jaholatga va alaloqibat halokatga giriftor qiladigan tushunchalardan biri “hijrat” bo‘lib, uning shar’iy istilohdagi ma’no-mazmunini va hukmini bilmaslik oqibatida ayrim musulmonlar falokatga yuz tutmoqdalar.
Alloh subhonahu va taolo bizga shariat hukmlarini to‘g‘ri tushunib, unga ixlos bilan amal qilish tavfiqini bersin! Parvardigori olam musulmonlarni adashtirmasin, ularni bir-birlariga samimiy, o‘zaro mehr-oqibatli qilsin! Jami mo‘min-musulmonlarni Yaratganning o‘zi ittifoq va hamjihat aylasin! Omin!
Imom Faxriddin ar-Roziy
o‘rta maxsus islob bilim yurti
mudarrisi M.Yunusxo'jayev
Izohlar