Ayolning jamiyatdagi ro'li
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ona tilimizda hali chuqur lug‘aviy-ilmiy ishlar olib borilmaganligidanmi, ba’zi istilohlarda o‘ylanib qoladigan holatlar bor. Misol uchun «Xotin» so‘zi turli joylarda ishlatiladi, lekin, menimcha, «xotin» – eri bilan oilaviy hayot kechirib turgan «ayol», deyish ma’qul. Boshqa holatlarda esa, ayol zotidan bo‘lgan shaxslarga nisbatan o‘ziga yarasha atama-nomlar bor, ular barchaga ma’lum.
Oiladagi xotin deganimizda esa, butun boshli katta oilani emas, balki eru xotindan iborat oilani ko‘zda tutmoqchimiz. Chunki bu maqolamizda ayolning erga bo‘ladigan munosabatini, muomalasini, o‘zini tutishini va hokazolarni bayon qilamiz.
Avvalo, xotin o‘zining ayolligi bilan faxrlanmog‘i lozim. Alloh taolo bejiz uni ayol qilib yaratmagan.
Alloh taolo «A’rof» surasida shunday deb marhamat qiladi:
«U sizlarni bir jondan yaratgan va sokinlik topsin uchun undan juftini yaratgan Zotdir» (189– oyat).
Ya’ni «juft» – sokinlik, osoyishtalik, orom, latofat, mehr-muhabbat ramzidir. Buni har bir ayolning o‘zi yaxshi tushunib yetmog‘i zarurdir.
Turmushga chiqqan har bir kelin oilaviy hayot Allohning sunnati, ulkan baxt ekanini, bu ikki shaxsning faqat jismoniy emas, balki ruhiy ham qo‘shilishlari bo‘lib, maqsad o‘tkinchi lazzat emas, balki bashariyat kamoloti va hayotning bardavomligi ekanini tushunmog‘i zarur.
Risoladagi xotin oilada katta o‘rin tutadi. Shuning uchun ham o‘zbek xalqi orasida «Erni er qiladigan ham xotin, yer qiladigan ham xotin» degan, arablarda esa «Har bir ulkan shaxsning ortida xotin bor» degan maqollar bor.
Odatda yangi uylangan yigitga: «Endi ola xurjun bo‘yningga tushdi», deyishadi. Aslida xurjunning ko‘zi ikkita bo‘lib, biri erga, ikkinchisi xotinga atalgan, ya’ni uning og‘irligini er‑xotin teng ko‘tarmoqlari lozim.
Oilaviy hayotning bardavomligi ikkovlarining bir muqaddas maqsad uchun mushtarak intilishlariga bog‘liqdir. Chunki haqiqiy muhabbat bir-birining ko‘ziga boqishda emas, balki ikkovlarining bir maqsadga intilishlarida namoyon bo‘ladi. Xotinning eriga yordam berishi, hamdard bo‘lishi oilaviy hayotning jamoliga jamol qo‘shadi.
Xotin oilada chiroyli amallarga odatlanmog‘i lozim. Jumladan, Qur’on o‘qish, kitob ko‘rish, axborotlardan xabardor bo‘lish, haqiqatni himoya qilish va hokazolar. Oqila va ma’rifatli ayol namunaviy orzuimizning markazidadir.
Uyning sodda, saranjom-sarishta bo‘lishi ham xotin kishiga bog‘liq. Uyning ziynati naqsh-nigoru ashyolarda emas, balki mehr-muhabbatda ekanini hech qachon unutmaslik lozim.
Xotin kishi o‘z erining vijdoniga aylanib, uni gunohlardan, yomon ishlardan qaytarib, savobli, yaxshi ishlarga undab turishi lozimligini Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom o‘z hadisi shariflarida bunday sifatlaydilar:
Abu Umomadan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Mo‘min banda Allohga bo‘lgan iymondan so‘ng erishgan eng yaxshi narsa soliha xotin bo‘lib, unga amr qilsa, itoat qiladi, qarasa, xursand qiladi, qasam ichsa, uni oqlaydi va g‘oyib bo‘lsa, o‘z nafsida va molida unga yaxshilikda bo‘ladi», – der edilar».
Ibn Moja rivoyat qilgan.
Payg‘ambarimizning maqtovlariga sazovor bo‘lgan bunday ayol o‘z eriga osonlik paytida ham, qiyinchilik onlarida ham eng yaqin kishi, dardkash, maslahatchi bo‘lib, uni sabr-chidamga da’vat qilib, tushkunlikka tushmasdan, doimo oldinga intilishga undaydi. Bu haqda unga avval o‘tgan momolarimiz o‘rnak bo‘ladilar. Xadiyja onamiz Payg‘ambarimiz alayhissalomga nisbatan xuddi yuqorida zikr qilinganidek xotin bo‘lganlar, shuning uchun vafotlaridan so‘ng ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kishini hurmat va e’zoz bilan eslab, ko‘plab hadislar aytganlar. Ulardan birini eslab o‘tsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
«Batahqiq, odamlar menga kufr keltirganda, u menga iymon keltirdi, odamlar meni yolg‘onchi qilganda, u meni tasdiqladi, odamlar meni chiqarganlarida, u menga moli ila yordam berdi».
Ayol o‘z erining eng yaqin yordamchisi – ishonchli kishisi bo‘lib, hamma narsalarini tartibga solib, uning qilmoqchi bo‘lgan ishlariga hurmat bilan qarab, va’da va uchrashuvlarini o‘z vaqtida o‘kazishiga yordam berib tursa, bu holat doimo erni uyga bog‘laydi. Chunki u mana shu yerda rohat topadi, huzur ko‘radi.
Lekin har bir katta-kichik, arzigan-arzimagan narsalarga ham aralashaverish yaxshi emas. Har bir insonning o‘z erki va faqat o‘ziga xos ishi bo‘lgani kabi, har bir erning ham erki va ishi bor.
Er bilan ahillik oilaviy hayotni mustahkamlovchi ulug‘ bir insoniy fazilat bo‘lib, Allohning huzurida bu ishi uchun ayol kishiga ulkan savoblar bor. Ulug‘ imomlardan biri Ja’fari Sodiq: «Bitta soliha ayol o‘z eriga yetti kun xizmat qilsa, Alloh uning qarshisidagi do‘zaxning yetti eshigini yopadi va jannatning sakkiz eshigini ochadi», – degan edilar.
Risoladagi xotin o‘z erining yaxshi fazilatlarini topib, ularni rivojlantirishga harakat qiladi. Erini mas’uliyatli ishlarni amalga oshirishga chorlaydi, u bilan umidvorlik va muvaffaqiyatli ishlar haqida suhbat olib boradi. Chunki xotinning chorlovi har qanday chorlovdan ustun turadi. Erning jamiyatda qoldiradigan ta’siri, xotinning unda qoldirgan ta’sirining aksidir, buni hech qachon unutmaslik lozim.
Agar xotin o‘z eriga qobiliyatli, shijoatli, muvaffaqiyatli, mo‘min, sadoqatli shaxs, deb muomala qilsa, er xuddi shunday bo‘ladi, inshaalloh.
Shu bilan birga, eridan o‘zi bilmagan narsalarni o‘rganadi, tajribalaridan foydalanadi.
Hayotdagi eng go‘zal faziylat qanoatdir. Risoladagi xotin o‘zini faziylat bilan ziynatlamog‘i darkor. Turli hoy-havas, zeb-ziynat talab qilib, erni qiyin ahvolga solish yaxshi emas. Hozirgi kunimizdagi oilaviy kelishmovchiliklar yoki erlar tomonidan haromdan mol topishga urinishlarning ba’zilari xotinlarning qanoatsizligidan kelib chiqayotganligi hech kimga sir emas. Qanoat – bu ojizlik emas, kamchilik ham emas, balki, qanoat yuksak insoniy sifat bo‘lib, o‘z egasini doimo yuksaklarga ko‘taradi. Buni hech qachon unutmaslik lozim. Biz har qancha faxrlansak, arziydigan momolarimiz qanoatda hammaga o‘rnak bo‘lganlar, dars berganlar.
Imom Ali roziyallohu anhuning xotinlari, Payg‘ambar alayhissalomning qizlari bo‘lmish Fotimai Zahroni ranglari oqargan, holdan toygan holda ko‘rib:
«Senga nima bo‘ldi, Fotima?» – deb so‘radilar. Fotima onamiz:
«Uch kundan buyon uyda yegulik narsa topilmaydi», – dedilar. Imom Ali:
«Shunday ekan, aytsang bo‘lmasmidi?» – desalar:
«To‘yimiz kuni otam – Allohning Rasuli alayhissalom «Hoy Fotima! Agar Ali biror narsa topib kelsa, yegin, bo‘lmasa, so‘ramagin», – degan edilar»,– deb javob berdilar.
Ba’zi paytda er kishi imkoni bo‘lib turib ham, zarur narsani o‘z vaqtida ta’min qila olmay qoladi. Shunday paytda u ko‘chadan kirishi bilan: «Yana lallayib, quruq kelyapsizmi?!» deb boshlanadigan ta’nalardan ko‘ra, sabr-qanoat, shirin so‘z bilan sababi surishtirilsa, muammoni tezroq hal qilish yo‘lini topish osonroq kechadi.
Tabiiyki, oilaviy hayotda turli holatlar, shu jumladan, er‑xotin o‘rtasida kelishmovchiliklar ham sodir bo‘lib turadi. Shunday paytlarda ayol kishi o‘zini oqilona tutmog‘i, tezda o‘zini o‘nglab, sulhga o‘tib, eriga bu borada esdan chiqmaydigan dars berishi lozim.
Shoshqaloqlik, tezda achchiqlanish, talashib-tortishish, tirnoq ostidan kir axtarish va o‘zidan boshqalarga o‘xshash hayot o‘tkazishni talab qilish kabi ishlar xotinga hech qachon obro‘ keltirmagan, keltirmaydi ham. Bunday ishlar oilaviy hayotni buzishga, uni yorug‘ dunyodagi jahannamga aylantirishga xizmat qiladi, xolos.
Shuning uchun o‘rni kelganda g‘azabni yutish, yoqmasa ham, oilaviy hayot hurmati, ba’zi yoqmagan narsalarga chidashga odatlanish kerak bo‘ladi.
Er huzurida shirinsuxan, xushmuomala bo‘lish bilan birga, yaxshi – chiroyli kiyingan, ziynatlangan holda bo‘lish kerak. Chunki bu narsa er qalbiga xursandchilik, ruhiga sokinlik kiritib, qalbiga quvonch bag‘ishlaydi.
Afsuski, bizda bu narsaga har doim ham yetarli e’tibor berilmaydi. Ko‘pgina ayollar ko‘chaga chiqqanda imkoni bormi, yo‘qmi, pardoz-andozni o‘rniga qo‘yadilaru, oilada o‘zlariga e’tibor bermaydilar. Aslida, aksincha bo‘lmog‘i kerak. Barcha zebu ziynat oila uchun bo‘lib, ko‘chaga zarurat bilan chiqqanida kamtarona, sodda va kishilar e’tiborini tortmaydigan bo‘lib kiyinish zarur. Bunday kamtarlik ham fazilat sanaladi.
Yuqorida zikr qilingan narsalar er‑xotin orasidagi muomalani yaxshilashda kerak bo‘ladigan qo‘shimcha maslahat, nasihatlardir.
Bu narsalarni o‘z o‘rnida tushunish uchun «Er – oila boshlig‘i» degan qoidani yaxshilab fikrga o‘rnashtirib olmoq zarur. Oila kichik bir jamiyat va uning rahbari er bo‘lsa, oilaning saodatli bo‘lishining shartlaridan biri erga itoatdir. Ayrimlar buni eski gap, deb kulib, itoatni turlicha tushunadilar. Erkaklar buni mutlaq hokimlik deb anglaydilar. «Men nimani xohlasam, shu bo‘lishi kerak» deb, muomala-munosabatlarni suiiste’mol qiladilar, hattoki, ayollarga zulm qilish darajasigacha yetadilar va buni gџyo shariat hukmi deb talqin qiladilar. Ba’zi ayollar bo‘lsa, aksincha, erga itoat qilishni xoru zorlik, o‘zini pastga urish deb tushunadilar-da, erning haqqini tan olmaydilar. Bunday sarkashliklardan orada tushunmovchiliklar kelib chiqadi.
Aslida, unday emas. Avvalo, bu itoat cheklangan, chunki shariat qoidasi bo‘yicha, Alloh gunoh hisoblagan ishlarda bandaga itoat qilib bo‘lmaydi. Masalan, ota‑onami, ermi, boshliqmi, kim bo‘lsa bo‘lsin, gunoh ishga buyursa, unga hech kim bo‘ysunmaydi. Qolaversa, oiladagi bu itoat erning «oila rahbari» sifatidagi hurmati yuzasidan bo‘ladigan itoatdir. Bu ish savobli ish bo‘lishi bilan birga, er‑xotinlik ishlari doirasida bo‘lishi va aql-idrok bilan ado etilishi ham shart. Misol uchun, xotinning shaxsiy jamg‘armasi bo‘lsa, unda erning hech qanday haqqi yo‘q va qanday sarf qilishga buyruq ham bera olmaydi. Shuning bilan birga, er ham o‘zining erlik burchlarini ado etib qo‘ygan bo‘lishi kerak.
Risoladagi xotin erining oldida ham, ortidan ham obro‘sini saqlaydi, molini asraydi, o‘z sharafini muhofaza qiladi.
Zohiran qaraganda, kimdir: «xotin bechoraga buncha ko‘p vazifa yuklatilgan ekan», deyishi mumkin. Lekin haqiqatda esa, xuddi shu narsalar erning ham vazifasi va qolaversa, o‘zaro aloqada bo‘lgan har bir yoru do‘st, dugonalarning ham bir-biriga nisbatan vazifalaridir. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ikki yosh yaxshi umidda bir yostiqqa bosh qo‘ysalaru, bir-birlarining obro‘sini himoya qilmasa, topganini behuda sarflasa, eriga (yoki xotiniga) nodo‘st kishi bilan do‘st bo‘lib, uyiga taklif qilsa! Shu to‘g‘ri ish bo‘ladimi?! Yo‘q, aslo!
Madaniy merosimizda yana bir hukm borki, uni eshitganda yoki o‘qiganda, dastlab, g‘alati ko‘rinadi, lekin chuqurroq tahlil qilinsa, haqiqat ayon bo‘ladi: bu qoidaning purhikmatligi namoyon bo‘ladi. «Xotin kishi erining ruxsatisiz uydan ko‘chaga chiqmaydi», deyilgan unda. Bu – oila tartibiga kiradi.
Oiladagi sirni, o‘zaro gaplarni ko‘chaga olib chiqish ham yaxshilikka olib kelmaydi. Bunday narsalar er‑xotin orasida qolishi kerak.
Albatta, bir maqolada hamma narsani bayon qilib ham, hammani rozi qilib ham bo‘lmaydi. Lekin ayollarimiz, kelinlarimiz, afsuski, hozirgacha bu masalada uzuq-yuluq nasihatlar, yangalarining tajriba, o‘gitlari, dugonalarining maslahatlaridan o‘zga tuzukroq ma’lumotga ega emaslar. Ba’zilari o‘z haqlari poymol bo‘layotganini umuman tushunmay yurgan bo‘lsalar, ba’zilari o‘z burch-vazifalarini ado etmay yuribdilar. O‘ylaymizki, barcha ma’rifatli, madaniyatli xalqlar qatori, bizda ham oilaviy masalalar ilmiy-insoniy, yuqori axloq-odob darajasida yoritilgan adabiyotlar, qo‘llanmalar chiqariladi. Qizlarimizga maktablarda, o‘quv yurtlarida, korxonalarda, qolaversa, bevosita turmushga chiqishlaridan oldin va oilaviy hayotning boshlang‘ich davrida suhbatlar, maxsus darslar uyushtiriladi. Bu esa foydadan xoli emas.
Va’z, nasihat qiluvchilar uchun juda qiyin. Ular o‘z vazifasi yuzasidan haqiqatni aytmoqlari lozim. Eshituvchilar esa turlicha qabul qiladilar. Yaxshi gap bo‘lsa, eshitib ketishaveradi. Lekin, Alloh ko‘rsatmasin, tanqid yoki yoqmaydigan gap bo‘lsa, har bir odam: «Faqat meni ko‘zlab aytgan, o‘zi kim bo‘libdi?» deb mashmasha boshlaydi.
Sevimli «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligida «Risoladagi er» maqolasi chiqqanda ma’lum bo‘lishicha, erkaklar ham, ayollar ham birdek qabul qildilar, ayniqsa erkaklar xursand bo‘lishdi.
«Risoladagi xotin»ni yozish davomida o‘ylanib qoldim: ayollarimiz qanday qabul qilar ekanlar?
Oxiri qarindosh ayollar o‘qib, fikr bildirganlaridan so‘ng tahrir hay’atiga yuborishga jur’at etdik. O‘ylaymizki, inshaalloh, bu maqola ham o‘quvchilarimizga manzur bo‘ladi. Chunki bu ma’nolar yolg‘iz muallifning emas, balki e’tiqodimiz ta’limotlaridan va hayotiy tajribalardan kelib chiqqan fikrlardir. Xalq tajribasiga suyanib ish ko‘rish oila ko‘rg‘onini mustahkam qilishiga shubha yo‘q.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining
(Baxtiyor oila kitobi)asosida SUXROB Qadamov tayyorladi.
Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti mudir muovini.
Izohlar