16.05.2025

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FUQAROLARNING VIJDON ERKINLIGI HUQUQI KAFOLATLARINI YANADA MUSTAHKAMLASH HAMDA DINIY-MA’RIFIY SOHADAGI ISLOHOTLARNI YANGI BOSQICHGA OLIB CHIQISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA FARMONI

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yurtimizning jahon sivilizatsiyasi beshigi sifatidagi tarixiy maqomi va nufuzini tiklash bo‘yicha puxta o‘ylangan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘tgan qisqa vaqt ichida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu umuminsoniy g‘oyasi asosida jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi murakkab sharoitda dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan xalqchil tamoyilga asoslangan islohotlar to‘g‘ri ekanligidan dalolat bermoqda.

Yuqoridagilarni e’tiborga olgan holda O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish, diniy-ma’rifiy sohadagi ezgu g‘oya va tashabbuslarni xalq manfaatlaridan kelib chiqib izchil davom ettirish maqsadida qaror qilaman:

I. Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari

1. Quyidagilar fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

(a) jamiyatda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlashga oid ilg‘or mexanizmlarni joriy etish;

(b) ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik va bag‘rikenglik kabi umuminsoniy va oliyjanob g‘oyalarga asoslangan diniy-falsafiy merosini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etish;

(v) diniy-ma’rifiy sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish orqali zamon talablariga mos mutaxassislarni yetishtirish;

(g) aholi orasida birdamlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;

(d) diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda samaradorligini oshirish.

2. Diniy-ma’rifiy soha faoliyati rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Jamiyatda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bag‘rikenglik, fuqarolararo totuvlik hamda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida “Bag‘rikeng jamiyat — barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining yangi hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilsin.

Quyidagilar hamkorlik tizimining asosiy vazifalari etib belgilansin:

(a) diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplarini qat’iy amalga oshirishda davlat va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish;

(b) fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqini ta’minlash, jamiyatda turli diniy konfessiyalar vakillarining o‘zaro ahil-inoq va hamjihat hayot kechirishini qo‘llab-quvvatlash;

(v) O‘zbekiston aholisining dini, e’tiqodi, milliy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar huquq va qonuniy manfaatlarini to‘liq ro‘yobga chiqara olishini ta’minlash;

(g) dinga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib ustunlik berish, kamsitish va vijdon erkinligi kafolatlari buzilishining boshqa har qanday ko‘rinishlarining oldini olish.

Qo‘mita bir oy muddatda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda hamkorlik tizimining mexanizmlarini belgilovchi qo‘shma qarorni tasdiqlasin.

II. Diniy-ma’rifiy sohaning institutsional asoslarini takomillashtirish

4. Fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, “Haj” va “Umra” ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsadida Qo‘mita va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025-yil 1-sentabrga qadar “Haj va Umra yagona portali”ni (keyingi o‘rinlarda — Portal) hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqsin.

Belgilansinki:

(a) Portal “Haj” tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda “Umra” tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladigan tizim hisoblanadi;

(b) Portalda “Haj” va “Umra” faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlar raqamlashtiriladi;

(v) vazirlik va idoralar Qo‘mita so‘roviga ko‘ra o‘zining axborot tizimlari Portalga integratsiya qilinishini ta’minlaydi;

(g) Qo‘mita Portal faoliyatini moliyalashtirishga, texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, aloqador davlat va nodavlat tashkilotlar uchun foydalanish imkoniyatini yaratishga mas’ul davlat organi hisoblanadi;

(d) Qo‘mita “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Portaldan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.

5. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qo‘mitaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi (keyingi o‘rinlarda — Akademiya) etib qayta nomlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.

6. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

(a) islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash;

(b) ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish;

(v) vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

(g) diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmog‘ida ta’lim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;

(d) talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish;

(e) mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.

7. Akademiyaga quyidagi huquqlar berilsin:

(a) o‘quv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash miqdorlarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib belgilash;

(b) Qo‘mita bilan kelishgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini tegishli yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalarida belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilash;

(v) talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish;

(g) yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda Akademiya vakillarini xorijiy ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga malaka oshirish va tajriba orttirish uchun yuborish;

(d) o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish.

8. Belgilansinki, Akademiyaga o‘qitishning to‘lov-kontrakt shaklidan tushadigan mablag‘larning yetishmagan qismi davlat oliy ta’lim muassasalarini saqlash uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida tasdiqlangan budjet parametrlariga tegishli o‘zgartirish kiritish orqali qoplanadi.

9. Qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti (keyingi o‘rinlarda — Institut) sifatida qayta tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

(a) Institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari, shuningdek, radikallashuvning oldini olish yo‘nalishlarida diniy sohada mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga mas’ul muassasa hisoblanadi;

(b) barcha ta’lim tashkilotlarining islomshunoslik va dinshunoslik fanlari o‘qituvchilarining malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash Institut tomonidan amalga oshiriladi;

(v) ta’lim jarayoni sifatini oshirish hamda ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida Institut so‘roviga asosan darslarga tegishli vazirlik, idora, ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlarining rahbar xodimlari va mutaxassislari jalb etiladi;

(g) Institut qayta tashkil etilayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

10. Akademiyaga qarashli Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Zarbuloq ko‘chasi, 14-uy manzili bo‘yicha joylashgan yotoqxona binosi operativ boshqaruv huquqi asosida Institutga bepul o‘tkazilishi ta’minlansin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu binoni saqlash uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga 2025-yil uchun ajratilgan budjet mablag‘larining qoldiq qismini Institutga o‘tkazib bersin, 2026-yildan boshlab esa binoni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni Institutning xarajatlar smetasida rejalashtirib borsin.

11. Qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish va quyidagilarni uning asosiy vazifalari etib belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

(a) buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish;

(b) tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish;

(v) naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;

(g) tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

12. Qo‘mita va Akademiyaning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi islomshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarni hamda din bilan bog‘liq jarayonlar bo‘yicha tahlillarni amalga oshiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilansin.

13. Quyidagilar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining qo‘shimcha vazifalari etib belgilansin:

(a) Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi buyuk alloma ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy merosni o‘rganish, jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz hududida ro‘y bergan Birinchi va Ikkinchi Renessansning ilmiy-nazariy asoslarini tadqiq etish hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy poydevorini yaratishda ishtirok etish;

(b) islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma’rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;

(v) diniy ta’lim muassasalariga ilmiy-tadqiqot va o‘quv-uslubiy masalalarda hamda pedagog kadrlar va diniy xodimlarning malakasini oshirib borishda amaliy yordam ko‘rsatish;

(g) ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini saqlash, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrashga qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish.

14. Diniy-ma’rifiy sohadagi tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirib borish maqsadida doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi Diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi o‘rinlarda — Muvofiqlashtiruvchi kengash) tashkil etilsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki:

(a) Muvofiqlashtiruvchi kengash diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi;

(b) Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi vazifasini Qo‘mita amalga oshiradi;

(v) Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Akademiya va boshqa diniy-ma’rifiy muassasalarning ta’lim va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyati muvofiqlashtiriladi;

(g) Muvofiqlashtiruvchi kengash majlislari har chorakda kamida bir marotaba o‘tkaziladi.

15. Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:

(a) “Uchinchi renessans — Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi asosida buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosida ulug‘langan vatanparvarlik, bag‘rikenglik kabi umuminsoniy g‘oyalarni aholi orasida keng targ‘ib etish yo‘nalishlarini belgilash;

(b) diniy-ma’rifiy sohadagi muassasalar faoliyatini chuqur o‘rganib borish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalar, innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish hamda ilmiy va uslubiy faoliyatini muvofiqlashtirish;

(v) soha tashkilotlarida to‘plangan ilmiy-uslubiy ishlanmalar va tajribalarni tahlil etish asosida ulardagi ta’lim mazmunini takomillashtirish va muvofiqlashtirish, o‘quv reja va fan dasturlarini ishlab chiqishda uzviylik tamoyillarini ta’minlash;

(g) respublikaning barcha ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida bajariladigan diniy mavzudagi tadqiqotlar (dissertatsiyalar)ning mavzu va yo‘nalishlarining ahamiyati, dolzarbligi yuzasidan tegishli tavsiyalarni berish.

III. Diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash

16. Respublikada istiqomat qiluvchi turli din vakillarining Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldorlik hissini oshirish, jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash maqsadida Qo‘mitaning Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash (keyingi o‘rinlarda — Kengash) faoliyatini takomillashtirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda quyidagilar inobatga olinsin:

(a) Kengash tarkibiga siyosiy arboblar, jamoatchilik faollari, dinshunos olim va mutaxassislarni kuzatuvchi sifatida kiritish;

(b) Kengashga diniy konfessiyalarning muammolari bo‘yicha davlat va nodavlat tashkilotlarga so‘rov, murojaat va tavsiyalar yuborish huquqini berish;

(v) Toshkent, Samarqand, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida hududiy kengashlar tashkil etish;

(g) Kengash tomonidan turli konfessiyalarga oid diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari o‘rtasida sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish.

Kengashning yangilangan tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

IV. Farmon ijrosini tashkil etish va nazorat qilish

17. Qo‘mita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi S.D. Toshboyev belgilansin.

Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 21-aprel,

PF-68-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-68-son Farmoniga
1-ILOVA

Diniy-ma’rifiy soha faoliyati rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha

CHORA-TADBIRLAR DASTURI

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Muddati

Mas’ul ijrochilar

I. Diniy-ma’rifiy sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish

1.

“O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va mazkur Farmon asosida diniy-ma’rifiy sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish.

1. Diniy-ma’rifiy sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish va tahlil qilish.

2. Tahlil natijalari asosida qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

3. Normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2025-yil iyun

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Adliya vazirligi

2.

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi to‘g‘risida nizomni yangi tahrirda tasdiqlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish.

1. Ushbu Farmon hamda qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi to‘g‘risida nizomni tasdiqlashga oid Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish.

2. Qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2025-yil iyul

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Adliya vazirligi

3.

“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish.

1. “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish:

“Umra” tadbirlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq harakatlar “Haj va Umra yagona portali” orqali amalga oshirilishi;

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi uchun “Haj va Umra yagona portali”dan foydalanish imkoniyatini ta’minlashi;

“Haj va Umra yagona portali”ni tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish.

2. Qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2025-yil noyabr

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Adliya vazirligi,

Raqamli texnologiyalar vazirligi,

Ichki ishlar vazirligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi,

Sog‘liqni saqlash vazirligi,

Majburiy ijro byurosi

II. Diniy-ma’rifiy sohada ilmiy-tadqiqot, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash

4.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida dual ta’lim tizimini takomillashtirish.

1. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida quyidagilarni nazarda tutuvchi dual ta’lim tizimini takomillashtirish:

dual ta’lim “4+2” shaklida, ya’ni nazariy qismni 4 kun ta’lim muassasasida, amaliy qismni 2 kun amaliyot o‘tash joyida o‘tkazish;

dual ta’limga O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining tegishli yo‘nalish va mutaxassisliklarining bitiruvchi kurs talabalarini jalb etish.

2. Amaliyot davrida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimlari, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlariga kuzatuvchi-amaliyotchi sifatida biriktirish.

2025-yil may — iyul

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

5.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ta’lim va tadqiqot uyg‘unligini ta’minlash.

1. Diniy-ma’rifiy sohadagi ilmiy-tadqiqot markazlarining tadqiqot natijalarini O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida tegishli fanlarning o‘quv dasturlariga muntazam tatbiq etib borish.

doimiy

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi,

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi,

Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari,

Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi

2. Talabalarda nodir qo‘lyozma, toshbosma asarlar va arxiv hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiq saqlash ko‘nikmasini shakllantirish uchun Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish ilmiy laboratoriyasini tashkil etish.

3. Talabalarda psixodiagnostik amaliy ko‘nikma va malakalarni shakllantirish hamda psixologik va sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish uchun “Din sotsiopsixologiyasi” o‘quv laboratoriyasini tashkil etish.

2026/2027 o‘quv yiliga qadar

6.

Kadrlar tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish.

1. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish, amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish orqali talabalarning amaliy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda ta’lim jarayonini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish choralarini ko‘rish.

2025/2026 o‘quv yili davomida

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

2. Dinshunoslik va islomshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining yuqori bosqich talabalarining diniy-ma’rifiy sohadagi tashkilotlarda amaliyot o‘tashi va keyinchalik ularni ushbu tashkilotlarda ishga joylashtirish mexanizmini joriy etish.

2025-yil iyul

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

7.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish.

1. Ushbu Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish.

2. Qaror loyihasida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar bilan bir qatorda uning tuzilmasi va nizomini tasdiqlash hamda markazni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga qarashli Toshkent shahri, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 11a-uy manzilida joylashgan binoga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirish masalalarini nazarda tutish.

3. Qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2025-yil may-iyun

Vazirlar Mahkamasi,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

8.

Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish hamda unga bino ajratish va moddiy-texnika bazasini shakllantirish.

1. Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini belgilangan tartibda nodavlat notijorat tashkiloti sifatida tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish.

2025-yil may — iyul

Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi

2. Markazni Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazining tegishli bino va inshootlarida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish.

3. Markaz uchun ajratilgan binoni zarur texnika, ofis anjomlari, mebel va aloqa vositalari bilan ta’minlash.

Buxoro viloyati hokimligi

9.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutining (keyingi o‘rinlarda — Institut) tuzilmasi va nizomini tasdiqlash.

1. Institut tuzilmasini shakllantirish va nizomini ishlab chiqish.

2. Institut tuzilmasi va nizomini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish va uni Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

3. Institutning O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga qarashli Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 11a-uy manzilida joylashgan binoga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilishini ta’minlash.

2025-yil may-iyun

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

4. Institutni Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi

10.

Diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

1. Diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash to‘g‘risidagi nizom va yillik faoliyat dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash.

2025-yil may

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

2. Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini samarali tashkil qilib borish.

doimiy

III. Vijdon erkinligi huquqini izchil ro‘yobga chiqarish, diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish

11.

“Deklaratsiyalar muloqoti” ikkinchi xalqaro forumini o‘tkazish.

1. Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” ikkinchi xalqaro forumini o‘tkazish konsepsiyasi va dasturini ishlab chiqish.

2025-yil may

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Tashqi ishlar vazirligi

2. Xalqaro forumning xorijiy ishtirokchilari ro‘yxatini shakllantirish va ularga taklifnomalar yuborilishini ta’minlash.

2025-yil may-iyun

3. Xalqaro forumni yuqori saviyada o‘tkazish va OAVlarda keng yoritilishini ta’minlash.

2025-yil sentabr

12.

O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini amaliyotga tatbiq qilish.

1. Konsepsiya yo‘nalishlari bo‘yicha tadbirlarni amaliyotga joriy etish dasturini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2025-yil iyun

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Adliya vazirligi

2. Konsepsiyaning mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish.

3. Konsepsiyaning aholi va ijrochilar uchun muhim qismlarini sodda va xalqchil tilda yorituvchi qisqa axborot-kontentlar tayyorlash va tarqatish.

4. Konsepsiya mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha turkum ko‘rsatuvlar tayyorlash va efirga uzatish.

2025-yil iyun — dekabr

5. Konsepsiyaning ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yoritilishini tashkil etish.

doimiy

13.

Jamiyatda diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirish borasida fuqarolarning faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish.

1. Targ‘ibot guruhlarini shakllantirish.

2. Targ‘ibot materiallarini (ma’ruza matnlari, taqdimotlar, tarqatma materiallar, ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari) tayyorlash.

2025-yil may-iyun

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Adliya vazirligi,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi,

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi

3. Mahalla fuqarolar yig‘inlarida targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish.

2025-yil iyun — dekabr

14.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining doimiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

1. Kengash ishchi organini tuzish va tasdiqlash.

2. Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida hududiy konfessiyalar kengashlarini shakllantirish va ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

3. Respublika va hududiy kengashlarning 2025-yil uchun faoliyat rejasini ishlab chiqish. Bunda quyidagilarni inobatga olish:

Kengashga a’zo konfessiyalarning diniy bayramlari munosabati bilan Kengash rahbari nomidan tabriklar yo‘llash;

sport musobaqalari, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish;

dolzarb masalalar yuzasidan navbatdan tashqari yig‘ilishlar o‘tkazish;

diniy konfessiyalar tadbirlarini OAVda yoritish.

2025-yil may-iyun

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi,

Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hokimliklari

15.

Jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan O‘zbekiston mutafakkirlarining ilmiy merosi va tarixiy shaxslar faoliyati yo‘nalishida tadqiqot olib borayotgan chet ellik olimlar va tadqiqotchi-ekspertlarni jalb etgan holda turkum ma’ruzalar, davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etish.

1. Hamkor tashkilotlar bilan tadbirlar rejasini ishlab chiqish.

2. Xorijiy ma’ruzachilar, ekspertlar, tadqiqotchilar ro‘yxatini shakllantirish.

2025-yil iyun

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita,

Tashqi ishlar vazirligi,

O‘zMTRK

3. Uchrashuvlar, davra suhbatlarini yuqori saviyada tashkil etish va ular orqali mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib etish.

2025-yil iyun — dekabr

4. Xorijiy olimlar va ekspertlarning mamlakatimiz, allomalarimiz haqidagi fikrlari, e’tiroflarini xorijiy va mahalliy OAVlarda keng yoritish.

doimiy

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-68-son Farmoniga
2-ILOVA

Diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash

TARKIBI

1.

R.Q. Davletov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi

2.

S.D. Toshboyev

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi o‘rinbosari

3.

R.R. Xakimov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha parlament komissiyasi raisi

4.

M.M. Kamilov

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori

5.

F.F. Abduxalikov

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori

6.

Sh.Yu. Ziyodov

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

7.

J.A. Karimov

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

8.

M.F. Joniyev

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

9.

Lavozimi bo‘yicha

Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi direktori

10.

Lavozimi bo‘yicha

Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti direktori

11.

B.A. Abduhalimov

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti direktori

12.

G.Sh. Rixsiyeva

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori

13.

H.B. Ishmatbekov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari

14.

U.T. G‘afurov

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori

15.

J.R. Elov

Mir Arab oliy madrasasi rektori

16.

B.M. Amonov

Hadis ilmi maktabi rektori

17.

K.T. Islamov

Imom Termiziy nomidagi islom instituti rektori

18.

K.A. Shermuxamedov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi, Muvofiqlashtiruvchi kengash kotibi

Izoh: Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga tayinlangan yoki tegishli funksiyalar bajarilishi zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-68-son Farmoniga
3-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash a’zolari

RO‘YXATI

Asosiy a’zolar

1.

S.D. Toshboyev

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, Kengash raisi

2.

N.M. Xoliqnazar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

3.

Vikentiy

(V.A. Morar)

Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari, mitropoliti

4.

E.S. Matsulevich

Rim-katolik cherkovi yepiskopi

5.

A.D. Grigoryan

Arman apostollik cherkovi ruhoniysi

6.

P.M. Kremeruk

To‘liq Yevangel xristianlari markazi raisi

7.

A.R. Belik

Yevangel xristian baptistlar cherkovlari uyushmasi raisi

8.

A.T. Ten

Toshkent shahar Yettinchi kun xristian adventistlar cherkovi rahbari

9.

A.K. Kim

Toshkent shahar Novoapostol cherkovi rahbari

10.

L.V. Shmidt

Toshkent shahar Yevangel-lyuteran cherkovi ruhoniysi

11.

T.N. Saidov

“Golos Bojiy” xristian cherkovi rahbari

12.

N.N. Korolev

“Iyegova guvohlari” cherkovi rahbari

13.

A.N. Isaxarov

Toshkent shahar yahudiylar diniy jamoasi raisi

14.

T.S. Klemyonova

Toshkent shahar baxoiylar diniy jamoasi vakili

15.

K.X. Yang

Budda ibodatxonasi ruhoniysi

16.

I.R. Zakirov

Toshkent shahar Krishnani anglash jamiyati raisi

17.

S.V. Ternovoy

O‘zbekiston Bibliya jamiyati prezidenti

 

Kuzatuvchilar

1.

S.S. Safoyev

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari

2.

A.Z. Sa’dullayev

Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator

3.

G.A. Agzamova

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi

4.

O.F. Tojiyev

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi

5.

Sh.F. Nurullayeva

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari

6.

M.M. Ikramov

adliya vaziri o‘rinbosari

7.

Q.R.Sariyev

Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi

8.

O.A. Xasanov

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari

9.

M.A. Nurmatova

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

10.

F.F. Abduxalikov

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori

11.

K.N. Ishanxodjayev

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi

12.

M.M. Kamilov

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori

13.

O.K. Ernazarov

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi kafedra mudiri

14.

Sh.Sh. Minovarov

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘lim boshlig‘i

Izoh: Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash a’zolari va kuzatuvchilari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga tayinlangan yoki tegishli funksiyalar bajarilishi zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

 

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/68/0365-son)