20.10.2025

SHAYX MUHAMMAD SODIQ MUHAMMAD YUSUFNING YOSH AVLOD

SHAYX MUHAMMAD SODIQ MUHAMMAD YUSUFNING YOSH AVLOD TARBIYASIDAGI MA’NAVIY-MA’RIFIY FIKR-MULOHAZALARI

 

Annotatsiya: Ushbu maqolada Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning odob-axloq borasidagi fikr-mulohazalari hamda ularning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati tahlil qilinadi. Shayx asarlaridagi axloqiy tamoyillar, halollik, sabr-toqat, ota-onaga hurmat, ilmga intilish kabi fazilatlar asosida zamonaviy yoshlarni barkamol qilib tarbiyalashning zaruriyati yoritiladi. Tadqiqot natijalarida Shayxning qarashlari bugungi kunda yoshlarga ma'naviy-ma'rifiy yo'l ko'rsatuvchi omil ekani isbotlanadi. Maqolada pedagogik, diniy va ijtimoiy yondashuvlar uyg‘unlashtirilgan.

Kalit so‘zlar: Shayx Muhammad Sodiq, odob-axloq, yoshlar tarbiyasi, ma’naviyat, ma’rifat, halollik, sabr.

Kirish

Bugungi globallashuv davrida yoshlarda axloqiy fazilatlarni shakllantirish dolzarb masalalardan biridir. Jamiyatning ma'naviy hayotida yetuk allomalarning fikr-mulohazalari muhim o‘rin tutadi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf — o‘zbek xalqining buyuk din arbobi, islomiy qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi va yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi ulug‘ ma’rifatchidir. Uning asarlarida yoshlarning odobi, axloqi, imoni va jamiyatdagi tutgan o‘rni keng yoritilgan.

 O‘zbekiston Prezidenti rasmiy chiqishlarida ko‘p bor Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning axloqiy va ma’naviy qarashlarini maqtab, ularni milliy tarbiya tizimiga tatbiq etish kerakligini ta’kidlagan.Jumladan:

2020-yil 15-may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birga o'tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev: “Buyuk olim va ma’rifatchi sifatida Shayx Muhammad Sodiq milliy va umuminsoniy qadriyatlarni uyg‘unlashtirib, yosh avlodga axloqiy-ruhiy tarbiya berishda beqiyos hissa qo‘shdi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ilmiy merosi nafaqat din, balki umuminsoniy axloqiy qadriyatlarni yosh avlodga singdirishda muhim rol o‘ynaydi. Biz bunday ulug‘ allomalar merosini asrab-avaylashimiz, yoshlarimizga yetkazishimiz shart.” deya takidladi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Ijtimoiy odoblar” “Odob-axloq”, “Iymon”, “Sog’lom bola”, “Baxtiyor oila”, “Kalom” kabi asarlari yosh avlodni tarbiyalashda g‘oyaviy va ruhiy tayanch vazifasini o‘taydi. Mazkur maqolada u kishining odob-axloq borasidagi qarashlari, ularning yoshlar ongiga ta’siri va amaliy jihatdagi foydasi tahlil etiladi.

Metodologiya:

Tadqiqot quyidagi metodlarga asoslandi:

Tahliliy metod – Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining asarlari tahlil qilinib, undagi asosiy axloqiy g‘oyalar ajratib olindi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning asarlari tahlil qilinib, undagi asosiy axloqiy g‘oyalar 1-jadval.

Asar nomi

Asosiy axloqiy g‘oyalar

“Odob-axloq”

- O‘zini boshqarish va odobli bo‘lish muhimligi. 
- Ota-onaga hurmat, kattalarni qadrlash. 
- Halollik va rostgo‘ylik. 
- Sabrlilik va bosimlarga chidamlilik.

“Iymon”

- Imon va axloqning mustahkam bog‘liqligi. 
- Yaxshi niyat va amallar ajralmasligi. 
- Vijdon va qalb pokligi.

“Kalom”

- Alloh ta’limotiga rioya qilish va muomala odobi. 
- Gap-so‘zda halollik va hurmat. 
- Jamiyatda adolatli bo‘lish.

“Muomala odobi”

- Har qanday inson bilan samimiy va hurmat bilan muomala qilish. 
- Axloqiy me’yorlarni jamiyatda saqlash.

“Tafsiri Hilol”

- Qur’oniy axloqiy tamoyillarni hayotga tatbiq qilish. 
- Bandaning Allohga bo‘lgan bog‘liqligi va sabrlilik.

Ma’ruzalari

- Ilmga intilish va har doim o‘rganish zarurati. 
- Jamiyatda mehr-muruvvat va bir-biriga yordam berish.
  

Taqqoslash metodi – O‘zbek an’anaviy tarbiyasi va Shayx qarashlari o‘rtasidagi uyg‘unliklar o‘rganildi. O‘zbek an’anaviy tarbiyasi va Shayx qarashlari o‘rtasidagi uyg‘unliklar. 2- jadval.

O‘zbek an’anaviy tarbiyasidagi qadriyatShayx Muhammad Sodiq Muahmmad Yusuf qarashlaridagi ifodasi
1Ota-onani ulug‘lash, hurmat qilish"Ota-ona roziligi Alloh roziligining kalitidir" – ota-onaga xizmat qilishni imon alomati deb biladi.
2Kattalarga hurmat, kichiklarga izzatKattalarga hurmat qilish va yoshlarni mehr bilan tarbiyalash sunnatga asoslangan deb ta’kidlaydi.
3Halollik, poklik, nohaqlikdan yiroq bo‘lishHalollikni musulmon axloqining asosiy sharti deb biladi. Haromdan qochish – bandaning Allohdan qo‘rqishidir.
4Mehmondo‘stlik va saxovatSaxiylik Allohga yaqinlashtiruvchi fazilat sifatida tavsiflanadi.

5

Sabr-toqat va bardavomlik

“Sabr qilgan banda doimo yutadi” – sabr hayot sinovlariga qarshi eng kuchli quroldir, deya uqtiradi.

6

Vijdon va or-nomusga rioya qilish

Vijdon musulmon qalbining ko‘zgusi, or va nomus – iymon bilan bog‘liq tushunchalar sifatida izohlanadi.

7

Ilm olishga intilish

"Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir" – ilmning diniy va dunyoviy qiymatini doimiy targ‘ib qiladi.

8

Oila – tarbiyaning markazi

Farzand tarbiyasida ota-onaning roli, ayniqsa onaning tarbiyaviy ta’siri haqida ko‘plab misollar keltiradi.

9

Yaxshi nom qoldirish, izzat bilan yashash

Inson ortidan qilgan amallari, axloqi, niyati qoladi – bu haqda ko‘p nasihatlar beradi.

10

Qurbonlik, fidoyilik, mehr-muruvvat

Umumiy jamiyat manfaati uchun yashash, boshqalarni o‘ylash – bu haqiqiy musulmonlik mezoni deb ko‘rsatadi

 

 

 

Empirik yondashuv – zamonaviy yoshlarning axloqiy holati o‘rganilib, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf g‘oyalari bilan bog‘liq jihatlar amaliy jihatdan ko‘rsatib berildi.

Zamonaviy yoshlarning axloqiy holati va Shayx g‘oyalari bilan bog‘liq amaliy jihatlar 3-jadval.

Zamonaviy yoshlarning axloqiy holati

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning g‘oyalari

Amaliy jihatlar (ta'lim-tarbiya kontekstida)

1

Ko‘plab yoshlar axloqiy qadriyatlar va an’anaviy ma’naviyatdan uzoqlashmoqda.

Ota-ona va kattalarga hurmatni doimo ta’kidlaydi, oilaviy qadriyatlarni saqlashga chaqiradi.

Oilaviy tarbiya va ota-onaga hurmat mavzusida maxsus darslar va seminarlar tashkil etish.

2

Texnologiyalar va internet ta’sirida ko‘plab yoshlar axloqiy chegaralarni bilmasligi kuzatiladi.

Halollik, rostgo‘ylik va vijdonli bo‘lish axloqning poydevori ekanligini ta’kidlaydi.

Onlayn axloq qoidalari va halollik mavzularida treninglar, yoshlarni onlayn tarbiya qilish.

3

Yolg‘izlik va shaxsiy manfaatni ustun qo‘yish holatlari ko‘paymoqda.

Mehr-muruvvat, yordam va jamiyat oldidagi mas’uliyatni yuqori qadriyat deb biladi.

Jamiyatga foydali ijtimoiy loyihalarda yoshlarni jalb qilish, ko‘ngillilik harakatlarini rivojlantirish.

4

Stress va bosimlar sababli sabrsizlik, asabiylashish holatlari ko‘p uchraydi.

Sabr-toqatni hayotda muhim fazilat sifatida yoritadi, ruhiy bardoshlilikni ta’kidlaydi.

Psixologik treninglar, sabr-toqat va stressni boshqarish bo‘yicha mahorat darslari tashkil etish.

5

Ilmga bo‘lgan qiziqish ba’zida pasayib ketmoqda.

“Ilm olish har bir musulmonga farzdir” degan tamoyilni asos qilib oladi.

Ilmga rag‘batlantirish uchun intellektual tanlovlar, ilmiy klublar, Shayx asarlarini o‘rganish tadbirlarini tashkil etish.

6

Yaxshi odob-axloq va axloqiy me’yorlarga rioya qilish pasaymoqda.

Odob-axloq, vijdon va or-nomus masalalarini doimiy ravishda yoritadi va targ‘ib qiladi.

Axloqiy qadriyatlar bo‘yicha ma’ruzalar, madaniy tadbirlar, yoshlarni o‘zini tarbiyalashga rag‘batlantirish.

 

Zamonaviy yoshlarning axloqiy holatida turli muammolar uchrayotgan bo‘lsa-da, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning g‘oyalari bularni bartaraf etishda muhim yo‘l-yo‘riq bo‘la oladi. Ularning amaliy tatbiqi orqali yoshlar axloqiy jihatdan barqaror, vijdonli va jamiyatga foydali shaxs sifatida shakllanishlari mumkin. Ta’lim muassasalari, oilalar va jamiyatning barcha qatlamlari birgalikda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning axloqiy tamoyillarini yoshlar hayotiga tatbiq etish yo‘lida faol ish olib borishi zarur.

Pedagogik yondashuv – tarbiyaviy metodlar asosida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qarashlarining ta'lim-tarbiya tizimidagi o‘rni tahlil qilindi.

Tarbiyaviy metodlar asosida Shayx Muahmmad Sodiq Muhammad Yusuf qarashlarining ta'lim-tarbiya tizimidagi o‘rni tahlili:

Nasihat va tarbiyaviy so‘zlar metodi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yoshlar tarbiyasida nasihat va lo‘nda, tushunarli so‘zlar orqali axloqiy qadriyatlarni singdirishni muhim deb biladi. Uning so‘zlari samimiy, yurakdan chiqqan bo‘lib, talaba va yoshlarning qalbiga oson kiradi.
Ta'lim tizimidagi o‘rni: Maktab va oliy o‘quv yurtlarida axloqiy tarbiya darslarida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining nasihatlari o‘quvchilarga taqdim qilinib, ularni amalda qo‘llashga rag‘batlantirish mumkin.

O‘zini o‘rnak qilish va namuna ko‘rsatish.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘zi ham hayotida yuqori axloqiy fazilatlarni namoyon etgan, yoshlar uchun tirik namunadir. U ota-onaga hurmat, halollik, sabr-toqat kabi fazilatlarni nafaqat so‘z bilan, balki amaliy hayoti bilan ham ko‘rsatgan.
Ta'lim tizimidagi o‘rni: O‘qituvchi va tarbiyachilar Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qarashlaridan ilhomlanib, o‘zlari ham yaxshi odob va axloq namunasi bo‘lishlari lozim. Bu usul bilan yoshlar o‘z-o‘zini tarbiyalashga undaladi.

Kitob va ma’naviy merosdan foydalanish.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asarlari yoshlarning axloqini yaxshilash uchun asosiy manba hisoblanadi. Ularning o‘qilishi va tahlil qilinishi axloqiy tarbiya jarayonida samarali bo‘ladi.

Ta'lim tizimidagi o‘rni: Darslik va qo‘shimcha adabiyot sifatida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblari majburiy yoki tavsiya etilgan ro‘yxatga kiritilishi yoshlarni ma’naviy jihatdan boyitadi.

Davra suhbatlari va muhokamalar

Shayx Muahmmad Sodiq Muhammad Yusuf g‘oyalari asosida yoshlar bilan ochiq muloqot, davra suhbatlari tashkil etish orqali ularning axloqiy bilimlari va qarashlari chuqurlashadi. Bu metod yoshlarda o‘z fikrini ifoda etish, tanqidiy tafakkur rivojlanishiga yordam beradi.
Ta'lim tizimidagi o‘rni: Maktab va universitetlarda maxsus ma’naviy-ma’rifiy klub va guruhlar shakllantirish, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning mavzularini muhokama qilish samarali bo‘ladi.

Motivatsion metod

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazrtalari yoshlarni axloqiy fazilatlarni o‘z hayotida qo‘llashga undovchi kuchli motivatsiya manbaidir. U o‘z so‘zlari bilan yoshlarning ichki ehtiyojlarini uyg‘otadi.
Ta'lim tizimidagi o‘rni: O‘quvchilarni ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish uchun Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning hikmatli so‘zlari, nasihatlari motivatsion treninglar va ma’ruzalar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ijtimoiy faoliyatga jalb qilish

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yoshlarni faqat nazariy bilim bilan cheklanmasdan, jamiyat hayotida faol ishtirok etishga chaqiradi. Bu orqali ular o‘z axloqini mustahkamlaydi va ijtimoiy mas’uliyatni his qiladi.
Ta'lim tizimidagi o‘rni: Ta’lim muassasalarida ijtimoiy loyihalar, volontyorlik harakatlari, axloqiy tadbirlar tashkillashtirish orqali Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qarashlari amaliyotga tatbiq etiladi.

Maqolada Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning quyidagi asarlaridan foydalanildi: “Odob-axloq”, “Iymon”, “Kalom”, “Tafsiri Hilol”, “Muomala odobi” hamda u kishining ma’ruzalaridan olingan materiallar.

Natijalar:

  1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning axloqiy qarashlari haqida umumiy tasavvur. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘z asarlarida musulmon kishi axloqining quyidagi jihatlarini muhim deb biladi:

Ota-onaga hurmat;

Halollik va poklik;

Sabr-toqat;

Ilmga rag‘bat;

Jamiyat oldida mas’uliyat;

Tonggi va tungi duolar, hayotiy tartib-intizom.

  1. Axloqiy tarbiya – yoshlarga ruhiy immunitet manbai
    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yozganidek, axloqiy tarbiya insonni nafaqat jismonan, balki ruhan bardavom qiladi. Ota-ona, ustoz va muhitning tarbiyadagi roli u kishi tomonidan chuqur tahlil qilingan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yoshlarni nafaqat diniy bilimga, balki amaliy axloqiy hayotga tayyorlashni taklif qiladi.
  2. Zamonaviy yoshlar orasida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf g‘oyalarining tarqalishi. So‘rov va suhbatlar natijasida aniqlanishicha, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning asarlarini o‘qigan yoshlar orasida:

65% i halollik va sabr haqida chuqur fikr yurita oladi.

70% i ota-onaga nisbatan hurmatda o‘zgarish bo‘lganini tan olgan.

60% i ilm va kitobxonlikka nisbatan ijobiy motivatsiyaga ega bo‘lgan.

  1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qarashlarining ta'lim tizimiga integratsiyasi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf g‘oyalari asosida maktab va oliy ta’lim muassasalarida odob-axloq darslari olib borilsa, bu nafaqat bilim, balki tarbiya berishda ham muhim vosita bo‘ladi.

 

 

Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti mustaqil izlanuvchisi:Masharipov Raxmatulla Beknazarovich