Islom ummatida sodir bo‘ladigan to‘rtta katta fitna
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ حُذَيْفَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: وَاللهِ مَا أَدْرِي أَنَسِيَ أَصْحَابِي أَمْ تَنَاسَوْا، وَاللهِ مَا تَرَكَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مِنْ قَائِدِ فِتْنَةٍ إِلَى أَنْ تَنْقَضِيَ الدُّنْيَا يَبْلُغُ مَنْ مَعَهُ ثَلَاثَ مِائَةٍ فَصَاعِدًا إِلَّا قَدْ سَمَّاهُ لَنَا بِاسْمِهِ وَاسْمِ أَبِيهِ وَاسْمِ قَبِيلَتِهِ.
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Allohga qasam, sheriklarim unutishganmi yoki o‘zlarini unutganga solishyaptimi, bilmayman, ammo Allohga qasamki, Rasululloh alayhissalom bu dunyo tugaguncha fitnaga boshliq bo‘ladigan va uch yuzta va undan ortiq odami bo‘ladiganlarning ismini ham, otasining ismini ham, qabilasining nomini ham nomma-nom aytib chiqdilar».
Sharh: Demak, ortidan uch yuz va undan ortiq odamni ergashtira oladigan fitnachilar eng xavfli bo‘lar ekan.
عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «يَكُونُ فِي هَذِهِ الْأُمَّةِ أَرْبَعُ فِتَنٍ فِي آخِرِهَا الْفَنَاءُ». رَوَاهُمَا أَبُو دَاوُدَ.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bu ummatda to‘rtta fitna bo‘ladi, ularning oxirgisi fano bo‘ladi», dedilar».
Ikkisini Abu Dovud rivoyat qilgan.
Sharh: Bu hadisi sharifda Islom ummatida sodir bo‘ladigan to‘rtta katta fitna haqida so‘z ketmoqda. Ulamolar ushbu to‘rt katta fitnani shunday ta’riflaydilar:
1. Musulmonlar bir-birining qonini halol hisoblaydigan fitna.
2. Musulmonlar bir-birining qonini va molini halol hisoblaydigan fitna.
3. Musulmonlar bir-birining qonini, molini va nomusini halol hisoblaydigan fitna.
4. Dajjolning fitnasi.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا قُعُودًا عِنْدَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَذَكَرَ الْفِتَنَ فَأَكْثَرَ فِي ذِكْرِهَا حَتَّى ذَكَرَ فِتْنَةَ الْأَحْلَاسِ فَقَالَ قَائِلٌ: يَا رَسُولَ اللهِ وَمَا فِتْنَةُ الْأَحْلَاسِ؟ قَالَ: «هِيَ هَرَبٌ وَحَرْبٌ ثُمَّ فِتْنَةُ السَّرَّاءِ دَخَنُهَا مِنْ تَحْتِ قَدَمَيْ رَجُلٍ مِنْ أَهْلِ بَيْتِي يَزْعُمُ أَنَّهُ مِنِّي وَلَيْسَ مِنِّي وَإِنَّمَا أَوْلِيَائِي الْمُتَّقُونَ ثُمَّ يَصْطَلِحُ النَّاسُ عَلَى رَجُلٍ كَوَرِكٍ عَلَى ضِلَعٍ ثُمَّ فِتْنَةُ الدُّهَيْمَاءِ لَا تَدَعُ أَحَدًا مِنْ هَذِهِ الْأُمَّةِ إِلَّا لَطَمَتْهُ لَطْمَةً فَإِذَا قِيلَ انْقَضَتْ تَمَادَتْ يُصْبِحُ الرَّجُلُ فِيهَا مُؤْمِنًا وَيُمْسِي كَافِرًا حَتَّى يَصِيرَ النَّاسُ إِلَى فُسْطَاطَيْنِ فُسْطَاطِ إِيمَانٍ لَا نِفَاقَ فِيهِ وَفُسْطَاطِ نِفَاقٍ لَا إِيمَانَ فِيهِ، فَإِذَا كَانَ ذَلِكُمْ فَانْتَظِرُوا الدَّجَّالَ مِنْ يَوْمِهِ أَوْ مِنْ غَدِهِ». رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالحَاكِمُ.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida o‘tirgan edik, u zot ko‘pgina fitnalar haqida gapirib, ahlos fitnasini ham aytib o‘tdilar. Shunda bir kishi: «Ey Allohning Rasuli, ahlos fitnasi nima?» dedi. U zot shunday dedilar: «U – (adovat va urush tufayli) qochish hamda qirg‘indir. So‘ng sarro fitnasi bo‘ladi. U mening ahli baytimdan bo‘lgan kimsaning oyog‘i ostidan boshlanadi, u o‘zini mendan deb iddao qiladi, lekin mendan bo‘lmaydi, chunki mening asl do‘stlarim – taqvodorlardir. Keyin odamlar bir kishiga bay’at qilishadi, bu bay’at quyruq qovurg‘aning ustida turgandek bo‘ladi. So‘ng zulmat fitnasi bo‘ladi, bu ummatda undan tarsaki yemagan qolmaydi. Endi tugadi deganda yana davom etaveradi. Kishi unda ertalab mo‘min bo‘lib uyg‘onib, kechqurun kofir bo‘ladi. Nihoyat, odamlar ikki chodirga bo‘linadi: nifoq bo‘lmagan iymon chodiri va iymon bo‘lmagan nifoq chodiri. O‘sha narsa qachon yuz bersa, o‘sha kuni yoki ertasiga Dajjolni kutaveringlar».
Abu Dovud va Hokim rivoyat qilganlar.
Sharh: Ahlos – uyga to‘shaladigan namat bo‘lib, bu yerda o‘sha fitna paytida uyda o‘tirib, fitnaga aralashmaslik lozimligiga ishora qilingan.
Payg‘ambar alayhissalom bu rivoyatda o‘zlaridan keyin ummatlari ichida chiqadigan katta fitnalar haqida batafsilroq ma’lumot bermoqdalar.
«Ahlos fitnasi haqida so‘zladilar. Shunda bir kishi: «Ey Allohning Rasuli, Ahlos fitnasi nima?» dedi.
Payg‘ambar alayhissalom fitnaning nomini aytganlar, ammo tinglovchilar bu nomdan hech narsa tushuna olmaganlar shekilli, ulardan biri bu fitna nimaligini Rasululloh alayhissalomning o‘zlaridan so‘ragan.
«U – qochishdir, talon-torojdir».
Ahlos fitnasida ishtirok etganlar adovat va urush tufayli nafrat qilib, bir-biridan qochar ekan. Keyin ana shu fitna davomida odamlarning mol-mulki talon-toroj qilinar ekan.
«So‘ngra sarro fitnasi bo‘ladi».
Bu fitnaning nomi lug‘aviy tarjima qilinadigan bo‘lsa, «Xursandlik fitnasi» bo‘ladi. Ammo Payg‘ambar alayhissalom uni quyidagicha bayon qiladilar:
«U mening ahli baytimdan bo‘lgan kimsaning oyog‘i ostidan boshlanadi, u o‘zini mendan deb iddao qiladi, lekin mendan bo‘lmaydi».
Demak, bu fitnaga o‘zining ahli baytdan ekanligini da’vo qiladigan bir odam bosh bo‘lar ekan. Ammo uni Payg‘ambar alayhissalomning ahli baytlaridan deb hisoblab bo‘lmas ekan.
«Mening asl do‘stlarim – taqvodorlardir».
O‘sha fitnaboshi nasab jihatidan ahli baytdan bo‘lsa ham, taqvodor bo‘lmaganligi uchun, fitnaboshi bo‘lgani uchun Rasululloh alayhissalomga do‘st bo‘la olmaydi.
«Keyin odamlar bir kishiga bay’at qilishadi, bu bay’at quyruq qovurg‘aning ustida turgandek bo‘ladi».
Bu jumlada mazkur sulh xuddi egri narsaga ilingan sirpanchiq narsaga o‘xshab, mo‘rt, omonat bo‘lishiga ishora qilinmoqda.
«So‘ng zulmat fitnasi bo‘ladi».
Bu fitnaning nomi hadisi sharif matnida «duhaymo» deb kelgan. Endi mazkur fitnaning tafsiloti keladi.
«Bu ummatda undan tarsaki yemagan qolmaydi».
«Duhaymo» fitnasi keng ko‘lamli bo‘lgani uchun undan zarar ko‘rmagan musulmon banda qolmas ekan.
«Endi tugadi deganda yana davom etaveradi».
Bu fitna uzoq davom etar ekan.
«Kishi unda ertalab mo‘min bo‘lib uyg‘onib, kechqurun kofir bo‘ladi».
«Duhaymo» fitnasi avjiga chiqqanda iymon va kufr masalasida odamlarning tuturig‘i qolmas ekan, ertalab mo‘min bo‘lib turgan odam kechki paytga borib, kofirga aylanib qolaverar ekan.
«Nihoyat, odamlar ikki chodirga bo‘linadi: nifoq bo‘lmagan iymon chodiri va iymon bo‘lmagan nifoq chodiri».
Dunyo ikkiga – mo‘minlar guruhiga va munofiqlar guruhiga taqsimlanar ekan.
«O‘sha narsa qachon yuz bersa, o‘sha kuni yoki ertasiga Dajjolni kutaveringlar».
Demak, bu fitna oxirzamonda bo‘lar ekan.
«Fitnalar va Qiyomat alomatlari» kitobidan
Ushbu maqola O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2024 yil 25 yanvar 03-07/400-sonli xulosasi asosida tayyorlandi.
Izohlar