IJTIMOIY TARMOQ XATARLARI
Din azaldan insonlar hayotida muhim o‘rin tutib kelgan. Uning yaratuvchilik, bunyodkorlik, hamjihatlik va yo‘naltirish salohiyati hamisha jamiyat rivoji, inson kamolotiga xizmat qilgan. Ayni paytda, insoniyat tarixi dindan niqob sifatida foydalanish, undagi g‘oyalarni vayronkorlik ruxida talqin etish odamlar boshiga ko‘plab kulfatlar keltirganini ko‘rsatadi. Afsuski, bugungi kunda ham biz mana shunday jarayonlarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Hozirda o‘z qabih niyatlarini amalga oshirishda islom dini niqobi ostida faoliyat olib borayotgan ekstremistik tashkilotlarning aksariyati, yosh yigit-qizlar ongini bosqichma-bosqich zaharlash orqali amaldagi mavjud, hokimiyatga qarshi ommaviy namoyishlar tashkil etish, davlatni boshqarib turgan rahbarlarni hokimiyatdan chetlashtirish rejasini "Takfir", "Xijrat", "Jihod" va "Shahid"lik g‘oyalarini tushuntirishni noto‘g‘ri talqin etish asosida amalga oshirishga intilmoqdalar. Bu kabi guruh, vakillarining zamonaviy fan-texnika yutuqlari, jumladan ijtimoiy tarmoqlar va internet imkoniyatlaridan razil maqsadlarini amalga oshirishda ustamonlik bilan foydalanadilar. Ularning aksariyati internet saytlarida o‘z sahifalari orqali ayollarni ochiqdan-ochiq, "Jihod"ga da’vat etsalar, yana bir gurihi ijtimoiy tarmoqlarda "xayriya ishlari" niqobi ostida islomga yot g‘oyalarni targ‘ib qiladilar. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarining birida "Alloh, yo‘lida" (fisabilillah) nomi ostida minglab xabar, maqola va videolavhalarning mavjudligi buni isbotlaydi. Albatta, bu kabi videolavhalar avvaliga inkor etiladi, qayta-qayta jo‘natilib, ko‘rilganidan keyin qiziqish uyg‘onadi. Shu tariqa foydanalanuvchi qanday qilib terroristik tashkilot tuzog‘iga ilinganin sezmay qoladi.
Bugungi kunda da’vatchilar millati, dini va ijtimoiy mavqeidan qati nazar barchani o‘z domiga tortishga harakat qilmoqdalar, lekin aksariyat hollarda e’tiborni erkaklar emas, yolg‘iz ayollar va yoshlarga qaratmoqdalar. Chunki aynan ular vaqtining asosiy qismini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadi, xususan, chuqur ruhiy tushkunlik va chorasizlikda qolgan ayollar virtual olamda o‘zlariga hamdard va hamfikr izlaydilar. Ba’zan esa qalbining tubida mehr va e’tiborga tashna qizaloq ham, qatiyatli va mustaqil fikrga ega ayollar ham yordam va tayanch qo‘lini cho‘zishga tayyor noma’lum da’vatchining tuzog‘iga ilinmoqdalar. Da’vatchilar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining shaxsiy sahifalari, ularning yozayotgan gaplari, omma hukmiga havola etayotgan fotosuratlarini sinchiklab o‘rganadilar, o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanish mumkin bo‘lgan "o‘lja"larni ko‘zlagan holda ularga yovuz maqsadlar aks ettirilgan videolavxalar jo‘natiladi xamda mavzuga oid suhbatlarga tortiladi. Mazkur lavhalarda Suriyadagi og‘ir hayot, bolalar va ayollarning mudhish qismati, “qayerdasizlar musulmonlar, axir birodarlaringizni himoya qilishingiz kerak-ku” degan mazmundagi xitoblar aks etadi. Shuningdek, pul, mafkura jinsiy aloqa, isnod keltiruvchi ma’lumotlar yordamida "o‘lja"ning ongi bosqichma-bosqich zaharlanadi. Avvaliga, shaxsning nozik tomonlari jiddiy o‘rganilib, shular orqali ta’sir etiladi. Da’vatchi "o‘lja"ning ishonchiga kiradi, yaxshi munosabatlarni yo‘lga qo‘yadi va shundan so‘ng uning ongini o‘zgartirishga kirishiladi.
Tajriba va tahlillar shuni xam ko‘rsatmoqdaki, internet orqali olib borilayotgan yana bir oddiy targ‘ibot usuli: jangarilarning "a’lo darajada"gi hayot tarzi — hashamatli uylar-u, avtomashinalar oldida, boylikka ko‘milib yashayotgani aks ettirilib, professional tarzda suratga olingan fotosurat hamda videolavhalar internetga joylanib, shu orkali qiziquvchilar soni ko‘paytiriladi va bevosita muloqotga jalb etiladi. Qiziqish bildirayotgan yigit-qizlarga o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida qo‘llarida qurol bilan ko‘rsatilayotgan jasorat, qaxramonliklar, ularning saflariga qay tarzda qo‘shilish haqida "batafsil" ma’lumotlar beriladi. Targ‘ibotchining asosiy maqsadi bosim o‘tkazish yo'li bilan "o‘lja"ni terrorchilarga qo‘shilib qolishdan asrovchi, xavf-xatarlardan ogox etuvchi atrofini o‘rab turgan muhitdan ajratib olib, yolg‘izlatib qo‘yishdan iborat. Buning natijasida oila a’zolari va do‘stlari o‘rnini moddiy va ma’naviy jihatdan "qo‘llab-quvvatlovchi" opa-singillar, aka-ukalar egallaydilar. Saflariga yangi qabul qilingan a’zo bilan ishlash jarayonida ular o‘zlarini islom dinini chuqur anglaydigan, teran fikr yurita oladigan, yashab turgan jamiyatlarida dinga nisbatan nohaqliklarga qarshi adolat bilan kurasha oladigan hamda islom tamoyillari asosida faoliyat yuritadigan davlat barpo eta oluvchi shaxs sifatida ko‘rsatadilar. "Yangidan-yangi" ma’lumotlar qurshovida qolgan "a’zo" gapirilayotgan gaplarning qanchalar to‘g‘ri ekanini anglab, fikr yuritish imkoniyatidan mahrum ekanini anglamay, ko‘r-ko‘rona "rahnamo"lariga ergashadi. Qanday yo‘lga kirgani, kimlarga qo‘shilib qolganini esa ko‘p hollarda ancha kech anglaydi. Ba’zida yigit-qizlardagi o‘ta shijoatlilik va g‘ayrat ham g‘arazli maqsadlar uchun muhim vosita ekanini unutmaslik lozim. Hayotda ezgu maqsadi va intilishiga ega shaxs turli buzg‘unchi oqim va yo'nalishlar ta’siriga tushib qolish xavfi kamayadi. Ekstremizm va terrorizmning na dini, na millati va na vatani bor. Dunyoning turli hududlarida sodir bo‘layotgan qonli to‘qnashuvlar oqibatida aziyat chekayotgan begunoh insonlar faqatgina bir din yoki millatga mansub emas, balki turli millat va din vakillari hisoblanadi. Bu kabi harakatlar jamiyatining faqatgina buguni emas, istiqboliga ham jiddiy tahdid solayotir. Insoniyat unga qarshi hamjihat kurashsagina ijobiy natijalarga erishishi mumkin.
M.Yunusxo'jayev
Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti mudarrisi
Izohlar