08.04.2024

Hoy, bemazhablikni targ‘ib qilayotgan, sal insof qil!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda ulug‘ mujtahidlar, mazhabboshilarga tosh otish, ularni kamsitishga urinish va shu yo‘l bilan bemazhablikni targ‘ib qilish holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Bemazhablikka chaqiruvchilar ko‘p tilga olib, kamsitishga urinadigan ulamolardan birlari mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa rahimahullohdir.

Imom Abu Hanifa rahimahulloh qanday inson bo‘lganliklarini ulug‘ imomning ba’zi fazilatlarini, ulamolarning u kishi haqlaridagi e’tiroflari bilan tanishish orqali tasavvur qilish qiyin emas.

Asl ismlari No‘mon ibn Sobit bo‘lgan Imom Abu Hanifa rahimahulloh hijriy 80-yilda tavallud topganlar. U kishi biz musulmonlarning faqihimiz, imomimiz, Ahli Sunna val Jamoadagi to‘rt fiqhiy mazhabning birinchi imomi, Hanafiy mazhabining sohibi, ko‘p ilmlari va go‘zal axloqlari bilan shuhrat qozongan kishidirlar.

Imom A’zam laqabini olgan Abu Hanifa rahimahulloh tobeinlardan sanaladilar. Chunki imomimiz bir necha sahobai kiromlarni ko‘rganlar. Shulardan birlari Anas ibn Molik roziyallohu anhudirlar. Imomimiz parhezkorliklari, ko‘p ibodat qilishlari, ixloslari, viqorlari, kuchli shaxsiyat bo‘lganliklari bilan tanilganlar.

Imom Abu Hanifa rahimahulloh fiqhda Qur’oni Karimga, Sunnati Nabaviyyaga, ijmo’ga, qiyosga, istehsonga, urfga va odatga suyanar edilar.

Imomimizning ilmlari borasida ko‘p gaplar aytilgan. Imom Shofeiy rahimahullohning ustozlari Vaki’ ibn Jarroh rahimahulloh «Abu Hanifa yuksak darajada omonatdor edi. U Alloh taoloning roziligini hamma narsadan ustun qo‘yardi. Agar Alloh taoloning yo‘lida qilichlarga to‘qnash kelsa ham, unga bardosh berardi» deganlar.

Imom Shofeiy rahimahulloh dedilar: «Imom Molik ibn Anas (rahimahulloh)dan «AbuHanifani ko‘rdingizmi va u kishi bilan munozara qildingizmi?» deb so‘raldi. Shunda u kishi: «Ha, shunday kishini ko‘rdimki, agar toshdan yasalgan mana shu ustunga qarab, u tilladan desa, shu gapiga hujjat keltira olardi» dedilar».

Imom Shofeiy rahimahulloh imomimiz haqlarida «Kim fiqhda g‘avvosdek suzishni istasa, u Abu Hanifa (rahimahulloh)ning boqimandasidir. Abu Hanifa (rahimahulloh) fiqh muvaffaq etilgan inson edi» deganlar.

Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh imomimiz haqlarida «Albatta, Abu Hanifa ilmda, parhezda, zuhdda, oxiratni ustun qo‘yishda hech kim yeta olmaydigan o‘rinda edilar. Mansurning qozisi bo‘lishi uchun qamchi bilan kaltaklanganlar, ammo qozilikni qabul qilmadilar. U kishiga Allohning rahmati va roziligi bo‘lsin!» deganlar.

Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh «Insonlarning obidrog‘ini ko‘rdim, insonlarning parhezkorrog‘ini ko‘rdim, insonlarning olimrog‘ini ko‘rdim, insonlarning faqihrog‘ini ko‘rdim. Insonlarning obidrog‘i Abdulaziz ibn Abu Ravvod (rahimahulloh), insonlarning parhezkorrog‘i Fuzayl ibn Iyoz (rahimahulloh), insonlarning olimrog‘i Sufyon Savriy (rahimahulloh), insonlarning faqihrog‘i Abu Hanifa (rahimahulloh) edi» dedilar, so‘ngra «Fiqhda u kishiga o‘xshaganini ko‘rmadim» deb qo‘shib qo‘ydilar.

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh tobein va tabaa tobeindan iborat to‘rt ming shayxdan dars olganlar.

Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Ummatimning eng yaxshisi mening asrimda yashaganlaridir. Keyin ulardan keyin yashaganlar, keyin ulardan keyin yashaganlardir». Imron roziyallohu anhu aytadilar: «O‘zlarining asrlaridan keyin ikkita asrni aytdilarmi yoki uchtanimi bilmayman».

Buxoriy rivoyati.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning nima amal qilganlarini eng yaxshi biluvchilar sahobai kiromlardir. Sahobai kiromlarning amallarini eng yaxshi biluvchilar tobeinlardir. Tobeinlarning amallarini eng yaxshi biluvchilar taba’a tobeinlardir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mazkur hadisda ana shu uch asrda yashagan va yashaydigan musulmonlarni «Ummatimning eng yaxshisi» deganlar. Imom Abu Hanifa rahimahulloh esa o‘sha tobeinlarning bir vakilidirlar.

Imom Abu Hanifa rahimahulloh mujtahid olim bo‘lganlar.

Mujtahid deganda kim tushuniladi?

«Qandoq odam mujtahid hisoblanadi?» degan savolga ulamolarimizdan ba’zilari quyidagi javobni berganlar:

«Inson quyidagi besh ilmni jamlaganda mujtahid bo‘ladi:

1. Alloh taoloning Kitobi ilmi.

2. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ilmi.

3. Usulul fiqh ilmi.

4.Salaflarning qavllari, ijmo’ va ixtiloflari ilmi.

5. Lug‘at ilmi.

6. Qiyos ilmi.

Ahli sunnat va jamoat e’tirof qilgan to‘rt mazhab mujtahidlarining eng oxirgisi Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatulohi alayhi aytganlaridek, mujtahid bo‘lish uchun 500 000 (besh yuz ming) atrofida hadislarni yod biladigan muhaddis bo‘lish lozim.

Agar sen 500 ming hadisni yoddan bilib, sahihini ajratib, roviysini bilib, ularning nosix, mansuxini, xos va omini, mutlaq va muqayyadini, sharoitini, mazhabda dalil qilib olingan va olinmaganini, yuqoridagi 6 ta ilmni, sahobalarning yo‘lini, tobeinlarning yo‘lini, roviylarning o‘sha hadislarga qanchalik amal qilishganini, arab tilini, usulul fiqh qoidasiga solishni, hadislarni dalil qilib olish yo‘lini va boshqalarni bilsang, o‘shanda mujtahidlik da’vosini qilasan. Agar yuqoridagilarni bilmasang, jimgina mazhabga ergash. Har holda mazhabboshilarimiz yuqoridagi va boshqa ko‘plab narsalarni bilgan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam maqtagan yaxshi asrda yashagan, sahobalarni ko‘rgan, ulardan ta’lim olgan va barcha mujtahidlar tomonidan tan olingan zotlardir.

Ibn Abbos roziyallohu anhu bir gapdonning oyat va hadis aytib turganini eshitib qolib, «Nosix va mansux» – hukmi bekor qilingan oyat yoki hadislarni bilasanmi?», deb so‘rabdilar. U bilmasligini aytganda, هلكت و أهلكت – «Halakta va ahlakta!» (Halok bo‘lding va halok qilding!), degan ekanlar. (Tabaroniy, 10/10603).

Hazrati Ali karramallohu vajhahu ham oyat va hadis aytib turgan bir qoziga xuddi shunday: هلكت و أهلكت – «Halakta va ahlakta!» (Halok bo‘lding va halok qilding!), deganlar (Bayhaqiy, 10/20147; Ibn Abu Shayba, 8/26716; Abdurrazzoq, 3/5407).

Ya’ni, «Oyat va hadislarni o‘zingcha aytib, ulardan hukm ola boshladingmi, halokatga yo‘liqqan bo‘lasan va bu ishing bilan boshqalarni ham halokatga olib borasan!», deganlar.

«Qur’on va Sunnatga ergashaman», «Mazhabga ergashish shartmas» deydiganlarga savol:

- Mazhablar Qur’on va Sunnatga asoslanmagan bo‘lsa, unda nimaga asoslangan?!

- Mujtahid mazhabboshilar ijtihod qilib hukm olishda Qur’on va Sunnatga ergashmay, nimaga ergashishgan?!

Yuqorida Imom Abu Hanifa rahimahulloh fiqhda Qur’oni Karimga, Sunnati Nabaviyyaga, ijmo’ga, qiyosga, istehsonga, urfga va odatga suyanishlarini aytib o‘tdik.

Hoy, bemazhablikni targ‘ib qilayotgan! Sen ijtimoiy tarmoqlarda yozadigan postlaring, maqolalaring orqali kimlarning nog‘orasiga o‘ynayotganingni bir o‘ylab ko‘r! Sen ta’na toshini otayotganing ulamolar qanday martabadagi insonlar bo‘lishganini, sen ilmsizliging, uzoqni ko‘ra bilmasliging, miyang boshqacha ma’lumotlar bilan to‘ldirilgani bois kimlarga sakrab qo‘yayotganingni taftish qilib ko‘r!

Unutma! Bemazhablik dinsizlikka qo‘yilgan ko‘prikdir. Bu ko‘prikni o‘rnatib olish uchun mazhabni yomonlashga kuch berilayotganini, mazhabni qora otliq qilish uchun mazhabboshilarga tosh otilayotganini o‘yla!

Sen qaysi tarafga ketayotganingni biroz tushundingmi?! Yoki hali ham o‘z tushunchalaringga yopishib olganmisan?! Aslida o‘sha tushunchangni ham o‘zing o‘ylab topmagansan, balki qaysidir bemazhabning video, audio suhbatini ko‘rib, eshitib, kitobini o‘qigansan yoki o‘qiganlar senga tushuntirib berishgan. Shunday emasmi?!

Mazhabga ergashmayman deganing bilan o‘sha tushuntirib berganga ergashyapsan-ku!

Ko‘zingni och! Insof qil! Tavba qil! Mazhabga qayt!

Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilgin!

Islom.uz, ahlisunna.uz, elbalad.news ma’lumotlari asosida

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Izoh qoldirish

Izohlar