27.09.2024

SHAYX MUXAMMAD SODIQ MUXAMMAD YUSUFNING AXLOQIY TARBIYAGA OID FIKRLARIDAN OILADA BOLALARNI TARBIYALASHDA FOYDALANISH

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bugungi ummat uchun  21 asrda O’zbekistondan chiqqan ulamo, bu  xalqi uchun Alloh taoloning inomi edi, hamda axloq namunasi edilar. Chunki bu zot haqida Prezidentimiz: 

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvi jarayonida mazkur masjid maydoniga tashrif buyurib, — Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ziyoli odamni juda hurmat qilardi. Shu kishi ko‘p kitob o‘qigan, o‘zim ko‘p bor muloqotda bo‘lganman. Kitob o‘qimagan odamning ruhiyati ham, kelajagi ham, umuman, umidi ham yo‘q bo‘ladi, degandi. Arab tilini juda mukammal bilgan. Biz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Marg‘inoniy, Imom Moturudiyni ko‘p aytamiz, ammo Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf mustaqil O‘zbekistonimizning ana shunday insonlaridan edi. Hayot beshafqat ekan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratga ham g‘iybatlar, tuhmatlar ko‘p bo‘lgan va 1993 yilda u kishi ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan. Makkada, Madinada, 1994 yildan Liviyada musofirchilikda yashab, ko‘p-ko‘p kitoblar yozgan. Bugun O‘zbekistonga ana shunday buyuklar yetishmayapti... Butun O‘rta Osiyo va Qozog‘istondan 20-30 kishi hajga borardi, lekin O‘zbekistonning o‘zidan 500 kishini 1990 yilda Hajga olib borishga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o‘zi bosh bo‘lgan edi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning bilganini uncha-muncha odam bilmasdi. U odam kam uxlardi, ko‘p o‘qib, ko‘p yozardi. Yana har kuni ikki soat sport bilan shug‘ullanardi. Biz ana shunday buyuk odamlarimizni tarannum qilsak, kam bo‘lmaymiz. U arab, fors tilidagi nodir kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan edi. Qani bizda hozir shunaqa odam? Bugun O‘zbekistonimizga ana shunday inson yetishmayapti. Qur’onni ilmiy bilgan odam hech qachon kam bo‘lmaydi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdek ulamomiz, buyuk vatandoshimizning hurmatini joyiga qo‘ysak, adolatdan bo‘ladi! Bu ham o‘zligimizni anglash bo‘ladi! degan edilar.

“Tarbiya” so’zi arabcha “robba” fe’lidan olingan bo’lib, o’stirdi, ziyoda qildi, rioyasiga oldi, rahbarlik qildi va isloh qildi ma’nolarini bildiradi. 

Ulamolarimizdan Imom Bayzoviy “tarbiya” so’ziga quyidagicha ta’rif berganlar. “Tarbiya bir narsani asta sekin kamoliga etkazishdir” deganlar. Rog’ib Isfihoniy esa. “Tarbiya bir narsani bir holdan ikkinchi holga o’tkaza borib, batamomlik nuqtasiga etkazishdir. Tarbiyaning ma’nolaridan biri, insonning diniy, fikriy va ahloqiy quvvatlarini uyg’unlik hamda muvozanat ila o’stirishdir”, degan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari esa, “Islomda bolalar tarbiyasi ota-onaning eng mas’uliyatli va uzoq davom etadigan burchlaridir. Boshqa burchlar ba’zi ishlarni qilish yoki mulkni sarflash bilan oxiriga etadi. Ammo tarbiya mas’uliyati bardavom bo’ladi. Zotan, ota-onaning farzand ne’matiga haqiqiy shukrlari ham aynan tarbiya ma’suliyatini sharaf bilan ado etish orqali yuzaga chiqadi. Amaliy shukr – berilgan ne’matni ne’mat beruvchi zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilish bilan bo’ladi. Binobarin, farzand ne’matiga amaliy shukr qilish o’sha farzandni Alloh taologa itoat qiladigan banda qilib tarbiyalash bilan yuzaga chiqadi, deydilar. 

Farzand tarbiyasida ota-onaning o’rni qanchalik muhimligi to’g’risida Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadislar vorid bo’lgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir tug’ilgan bola faqat fitrat (sof tabiat) ila tug’iladi. So’ng ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi. Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug’ishiga o’xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?” dedilar. So’ngra Abu Hurayra “Agar xohlasangiz: “(Bu) Alloh odamlarni yaratgan asl fitratdir. Allohning yaratganini o’zgartirib bo’lmas. Ushbu to’g’ri dindir”, degan oyatni o’qing”, der edi”. To’rtovlari rivoyat qilishgan.

Ushbu hadisda Alloh taolo insonlarni yaratish paytida sof tabiat bilan yaratsa ham, keyinchalik insonlar, xususan, ota-ona tarbiyasi sababli bu soflikka futur etishi, uning buzilishi haqida so’z ketmoqda. “Fitrat” sof tabiat, dinni to’g’ri qabul qilishga bo’lgan qobiliyat deganidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dunyoda tug’iladigan har bir bola sof tabiat bilan, Allohning dinini qabul qilish qobiliyati bilan tug’ilishi haqida xabar bermoqdalar. 

Demak, Alloh taolo hech kimni avvaldan sen yahudiy bo’lasan, sen nasroniy bo’lasan, sen majusiy bo’lasan, deb majbur qilmaydi. Odamlarning turli dinga mansub bo’lishiga sabab, ya’ni ota-onalar bolalarini o’z dinlarida tarbiyalashlari oqibatida bolalarning sof tabiati buzilib qolishi haqida Payg’ambarimiz misol keltiryabdilar. 

Alloh taolo bu dunyodagi narsalarni sababiyat qonuni ila bir-biriga bog’lab qo’ygan. Och kishi taom emasa, qorni to’ymaydi. Ota-ona qo’shilmasa bola tug’ilmaydi. Xuddi shuningdek tarbiya bo’lmasa inson tarbiya ko’rgan bo’lib voyaga etmaydi. Shuning uchun ham islomda bola tarbiyasi alohida e’tiborga molik. Bola tarbiyasi asosan uch qismga bo’linadi.

Tarbiyaning birinchi qismi bolaga odob o’rgatish. Avvalo tarbiya va odob masalasida ota-onaning o’zi bolalarga yaxshi namuna bo’lishi kerak. 

Abdulloh ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyimizda o’tirganlarida onam meni chaqirib: “Beri kel, bir narsa beraman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Nima bermoqchisan?” dedilar. “Men unga xurmo bermoqchi edim”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Ammo agar unga narsa bermaganingda, senga yolg’on yozilar edi”, dedilar”. Abu Dovud va Bayhaqiy rivoyat qilganlar.

Har bir bola uchun uning ota-onasi dunyodagi eng ulug’ kishilar bo’ladi. Bola ota-onasiga taqlid qiladi va ulardan o’rnak oladi. Ana o’sha bolaning nazaridagi eng ulug’ va o’rnak olishga sazovor inson uni aldab tursa, bola nima qiladi, avvalo yosh bolani ko’ngli sinadi undan keyin bolada, men ham aldasam bolarkan degan tushuncha paydo bo’ladi. Shu nuqtai nazardan har bir ota-ona bolalariga go’zal o’rnak yaxshi namuna bo’lishlari shart bo’ladi. 

Yana bir hadisi sharifda. Sa’id ibn Oss roziyallohu anhuda rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hech bir ota-ona o’z farzandiga yaxshi odob o’rgatishdan ortiq hadya bera olmaydi”, dedilar. Termiziy rivoyat qilgan.

Boshqa hadisi sharifda esa, Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyar qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishi farzandini odobli etib tarbiyalashi uning uchun har kuni yarim so’ sadaqa qilishidan yaxshiroqdir”, dedilar”. Termiziy va Ahmad rivoyat qilganlar.

Farzandning ota-ona ustidagi haqlaridan yana biri bolaga ta’lim berishdir. Har bir ot-ona farzandiga tug’ilganida chiroyli ism qo’yishi, keyin biron bir ilm yoki hunar o’rgatib qo’yishi va bo’yi etganida uylantirib yo munosib joy chiqsa turmushga berib qo’yishi shart bo’lgan amallardandir deyiladi. 

Alloh taolo Tahrim surasida shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! O’zingizni va ahlu ayolingizni yoqilg’isi odamlaru toshlarda bo’lgan o’tdan saqlang. Uning tepasida qo’pol, darg’azab farishtalar bo’lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qiladilar” (6-oyat).  Farzandlariga ta’lim berish oila boshlig’ining vazifasi hisoblanadi,  yuqoridagi oyatga ko’ra, bu oyatni ma’nosi so’ralganda hazrati Ali roziyallohu anhu: “Ularga ta’lim beringlar va ularga odob beringlar degani”, deb aytganlar. 

Farzandlarga ta’lim tarbiya berishda birinchi navbatda oila boshlig’idan talab qilinadigan narsa rizqni haloldan topish va farzanlarini halqumiga o’ta ehtiyotkor bo’lish. Bu masala oilada ayollarni ishtiroki bilan yanada yaxshi bo’ladi. Chunki sahobiya ayollar ya’ni sahobalarning ayollari erlariga har kuni ertalab uydan chiqib ketayotganlarida uyga zinhor shubxali narsa olib kelmang sababi bu dunyoda biz ochlikka chidashimiz mumkin lekin oxiratda olovda yonishga chiday olmaymiz deb eslatib turar ekanlar. Faqihlar: ota-onalar va ularning o’rnini bosuvchi valiylar kichkina bolalarga balog’atga etganlarida kerak bo’ladigan ilmlarni o’rgatishlari lozim, deganlar.

Hamma zamonda ham sog’liqni saqlash masalasi o’ta muhim hisoblangani uchun - Tarbiyaning keyingi qismi bolaga jismoniy tarbiya ham berishdir, kattayu kichik hamma iloji boricha badantarbiyaga e’tibor berishi kerak. Bu haqda;

Ato ibn Rabohdan rivoyat qilinadi: “Jobir ibn Abdulloh va Jobir ibn Umayr Ansoriyning kamonidan o’q otayotganlarini ko’rdim. Ulardan biri ikkinchisiga: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Allohning zikri bo’lmagan har bir narsa behudadir, o’yindir. Faqat to’rt narsa mustasno: erkakning ayoli ila ko’ngilxushlik qilishi, kishining otini o’rgatishi, uning ikki mo’ljal orasida yurishi va kishining suzishni o’rgatishi”, deganlarini eshitdim”, dedi”. Nasaiy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisdagi otni o’rgatishdan murod, chavandozlik sporti, Ikki mo’ljal-merganlik sporti va suzishga targ’ib bo’lgan.

Imom Ahmad va Abu Dovud Oisha rozilyallohu anhodan rivoyatda: 

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam men bilan musobaqalashgan edilar, men u zotdan o’zib ketdim. Bir muddatdan so’ng, mening go’shtim og’irlashganda yana men bilan musobaqalashib, mendan o’zib ketdilar va “Haligi bilan biru bir”, dedilar”. 

Boshqa rivoyatlarda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalarini kurashtirib, musobaqalar o’tkazishga o’zlari bosh bo’lganlari ham aytiladi. Uhud va boshqa ba’zi urushlar boshlanishidan oldin o’spirin musulmon yigitlar kelib, o’zlarining askarlikka qabul qilinishlarini talab qilishganda, ularni kurashtirib ko’rganlar va g’olib bo’lganlarini qabul qilganlar. 

Imom Buxoriy va imom Muslimlar Abu Hurayra rzoiyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: “Habashiylar Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida “hirob” o’ynashayotgan edi. Umar ibn Xattob kirib qoldida, egilib tosh olib ularga ota boshladi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ey Umar, tek qo’y ularni!” dedilar”. “Hirob” – qurol ushlab, chapdastlik namunalarini ko’rsatadigan Habashlarning harbiy sport o’yini bo’lib bu ham badan tarbiya hisoblanadi ekan. 

Imom Buxoriy va imom Ahmad Salama ibn Akva’ roziyallohi anhudan rivoyatda: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bozorda kamon otish musobaqasi o’tkazayotgan aslamlik kishilar huzuridan o’tib qoldilar va “Ey Banu Ismoil! Otinglar! Otangiz mergan edi. Otinglar! Men Banu Fulon bilanman!” dedilar. Shunda taraflardan biri qo’llarini tiydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga nima bo’ldi? Otmay qo’ydinglar?” dedilar. Ular; “Siz ular bilan bo’lsangiz, qanday qilib ham otar edik?!” deyishdi. Shunda u zot: “Otinglar! Men hammangiz bilanman!” dedilar”.     

 

Axborot Resurs Markazi Rahbari:                             Raxmatulla Masharipov

Izoh qoldirish

Izohlar