24.10.2025

“Qoriya” surasi

2025-yil 24-oktabr kuni bilim yurtining “Qur’on qiroati va tajvid” fani mudarrisi T. Allamberganov tomonidan 125-B guruhda “Qoriya” surasi mavzusida ochiq dars mashg‘uloti o‘tkazildi.

Mazkur ochiq darsda bilim yurtining o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari. Sh. Habibullayev, o‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i M. Yaxshimurotova, mudarrislar M. Abdusharipov va H. Matkarimovlar ishtirok etdilar.

Dars davomida “Qoriya” surasining mazmuni, undagi oyatlarning ma’naviy va axloqiy mazmuni, qiyomat kuni haqidagi ogohlantirishlari, shuningdek, inson amallari taqdirining muhimligi haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Talabalarga surani to‘g‘ri qiroat qilish, tajvid qoidalariga rioya etish, tovush chiqarish (makhorij) va talaffuzdagi xatolarga yo‘l qo‘ymaslik borasida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Mashg‘ulot interfaol usullar asosida tashkil etilib, talabalar faol ishtirok etishdi. Ular suraning mazmuni va tajvid qoidalarini chuqur o‘zlashtirishga intilishdi. Ochiq dars yakunida ishtirokchilar tomonidan darsning tashkiliy va mazmuniy jihatdan yuqori saviyada o‘tgani ta’kidlandi.

Surani mazmuni:

“Qoriya” surasi qiyomat kunining dahshatli manzaralarini tasvirlaydi. Suraning boshida “Qoriya” so‘zi uch marta takrorlanadi. Bu takrorlar qiyomat kunining dahshatini, inson aqlini hayratga soladigan voqealarning muhimligini ifodalaydi.

Surada quyidagi asosiy g‘oyalar ilgari suriladi:

O‘sha kunda odamlar tarqalgan kapalaklar singari bo‘lib ketadilar — ya’ni, tartibsiz, hayrat va qo‘rquv ichida har tomonga yuguradilar.

Tog‘lar esa sochilgan jun kabi bo‘lib ketadi — bu, dunyodagi eng mustahkam narsalar ham qiyomatda parokanda bo‘lishini bildiradi.

So‘ngra insonlarning amallari tarozi (mizan) bilan o‘lchanadi:

Kimning amallari og‘ir bo‘lsa, ya’ni solih amallar qilgan bo‘lsa, u rohatli hayotga (jannatga) kiradi.

Kimning amallari yengil bo‘lsa, u “Hoviya” nomli chuqur, azobli do‘zaxga tashlanadi.

Suraning oxirida “Hoviya” so‘zining ma’nosi “qizigan do‘zax olovi” sifatida izohlanadi.

Boshqa