Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytiladigan salovot va salomlar: yetib borish yo‘llari va fazilati.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytiladigan salovot va salomlar: yetib borish yo‘llari va fazilati.
Ma'lumki, biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga zikr o‘laroq yoki u zotning nomlari zikr qilinganda, qabri shariflaridan uzoqda yoki qabri shariflari oldida turib salovot va salom aytamiz. Xo‘sh, bizning salovot va salomlarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib boradimi? Ha, albatta, ular bilvosita yoki bevosita yetib boradi. Bu borada vorid bo‘lgan ko‘plab hadislar bor, ulardan ikkitasini alohida ta'kidlab o‘tamiz:
1. Bilvosita, ya’ni farishtalar vositasida yetkazilishi
Imom Ahmad o‘zining «Musnad»ida buyuk sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
«Alloh taoloning yer yuzida sayr qilib yuruvchi farishtalari borki, ular ummatimning salomini menga yetkazadilar».
Bizga hadislardan ma'lumki, zikr majlislarini farishtalar o‘rab oladi. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tilga olgan bu maxsus farishtalar aynan salovot va salom aytish majlislariga vakil qilinganlardir. Demak, har birimizning labimiz ustida salovot va salomni muhofaza qilib, yetkazib turuvchi maxsus farishtalar mavjud. Bu hadisning isnodi sahihdir.
Ikkinchi hadis ham Imom Ahmad «Musnad»ida Avs ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bo‘lib, unda shunday deyiladi:
«Kunlaringizning eng afzali juma kunidir... Bas, o‘sha kunda menga ko‘p salovot aytingizlar, chunki salovotlaringiz menga ko‘rsatiladi».
Sahobalar: «Ey Rasululloh, siz chirib ketgan bo‘lsangiz, salovotimiz sizga qanday ko‘rsatiladi?» deb so‘rashganida, u zot: «Alloh taolo yerga payg‘ambarlarning jasadlarini yeyishni harom qilgan», deb javob berdilar.
2. Bevosita, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib borishi
Ulamolar yuqoridagi farishtalar vositasida yetkazilishini Payg‘ambarimizning qabri shariflaridan uzoqda aytilgan salovot va salomga doir deyishadi. Lekin Payg‘ambarimizning qabri shariflari oldida turib salovot va salom aytilsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetadi.
Salovot va salomlarga doir asosiy to‘rt nuqta
Ushbu hadislar asosida ulamolar bir nechta muhim xulosalarni bayon qilishgan:
Birinchidan: Salovotning yetib borish shakllari
Vositachi orqali: U zotdan uzoqda bo‘lgan, zamon va makonda olisda yashaydigan ummatlarning salovoti farishtalar vositasida yetkaziladi.
Bevosita eshitish: Kimki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari oldida turib salom bersa, u zot buni bevosita o‘zlari eshitadilar.
Haj yoki umraga ketayotgan kishilarga: «Rasulullohga salom deb qo‘ying», deyish ham ana shu vositali yetkazishning bir ko‘rinishi bo‘lib, faqihlar buni joiz deb bilganlar.
Ikkinchidan: Taqvo va fatvo masalasi
Tarixda Imom Navaviyga bir kishining: «Agar Rasululloh salovotni eshitmasa, xotinim taloq bo‘lsin», degan qasami haqida fatvo so‘rab murojaat qilishgan. Imom Navaviy: «Fatvo bo‘yicha xotini taloq qilinmaydi, chunki Payg‘ambar alayhissalom salovotni eshitadilar. Lekin salovotning mukammal yetib borishidagi ba’zi shubhali o‘rinlar (kishining ixlosiga ko‘ra) sababli, ehtiyot va taqvo yuzasidan er qasamini buzgan bo‘ldi, ya’ni xotinga taloq tushganiga hukm qilgani ma'qulroqdir», deb javob berganlar.
Uchinchidan: Bandaning ismi u zotning huzurida zikr qilinishi
Muhaddislar ta’kidlaganidek, kishi uchun sharaf o‘laroq uning ismi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida tilga olinishining o‘zi kifoya qiladi! Bizning aytgan har bir salovotimiz farishtalar tomonidan ism-sharifimiz bilan birga (masalan, «falon joydagi falonchining o‘g‘li falonchi sizga salovot yo‘llamoqda») deb u zotga o‘qib eshittiriladi. Salovot majlislari — ummatdan balolar ko‘tarilishining eng buyuk sabablaridandir.
To‘rtinchidan: Payg‘ambarlarning qabrlarida tirikligi
Hadislar shuni ko‘rsatadiki, payg‘ambarlar o‘z qabrlarida tirikdirlar. Chunki doimiy ravishda, kechayu kunduz ularga salovotlar yetib turadi va ruhlari qaytariladi. Imom Bayhaqiy bu haqda maxsus «Hayatul-anbiya fi quburihim» («Payg‘ambarlarning qabrlaridagi hayoti») nomli risola yozgan. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinganidek, «Payg‘ambarlar o‘z qabrlarida tirikdirlar va namoz o‘qiydirlar».
Ushbu hadisni ulamolarimiz: «Qabrdagi bu namoz dunyodagi kabi taklif (vazifa) emas, balki tashrif, lazzat va ne’matdir. Ular jannatdagi taom va ichimliklardan huzurlanganlari kabi, qabrlarida ibodat qilishdan cheksiz lazzat oladilar», deb sharhlaganlar.
Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom ta'lim muassasasi mudarrisi: Shermatov Muhammadyusuf
УЗ
РУ
EN
العربية