MA’NAVIY VIRUSLARDAN SAQLANING
Oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali turli buzuq aqidalarni va ilmsizlik bilan chiqarilgan fatvolarni tarqatmoqdalar. Bu adashgan toifalar musulmonlar orasiga katta fitnalar solib, o’zaro bo’linishlarga sabab bo’lmoqdalar. Vaholangki muborak dinimizda fitna chiqarish ulkan gunohlardandir. Chunki aynan fitnalar sabab jamiyatning rivojlanishiga va farovonligiga zarar yetadi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:
“Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”( Baqara surasi 191)
Bu fitnachi toifalarning yana bir alomatlaridan biri o’zlari birorta kitob o’qimasdan, ustoz ushlamasdan turib, butun dunyo tan olgan ahli sunna ulamolariga turli bo’htonlar qilib ularni obro’sizlantirishga xarakat qilishadir. Bu johil kimsalar yuzlagan kitoblar yozgan muhtaram ustoz Shayx Muhammadsodiq Muhammad Yusuf hazratlari Islom olamida mashhur ulamo Shayx Ramazon Butiy hazratlari kabi zotlarga til tekkizishga jur’at qildilar. Bu turdagi ishlar faqat buzuq niyyatlik kimsalarga xos ekanligini har qanday aqli komil inson anglay oladi. Albatta ularning bu jirkanch tuhmatlari bilan ulamolarimizning hurmatlari kamayib qolamaydi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:
“Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.” (Mujadala surasi 11)
Imom an-Navaviy rahimahulloh “al-Maj’u» asarida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning manashu so’zlarini keltirganlar:
“Kimki biror faqihga ozor bersa, Rosululloh sollallohu alayhi va sallamga ozor bergan bo’ladi. Kimki Rosululloh sollallohu alayhi va sallamga ozor bersa, Alloh taologa ozor bergan bo’ladi.
Bu kimsalar faqat o’zlari adashib buzuq aqidada bo’lib qolmasdan boshqalarning ham o’z ta’sirlariga olib to’g’ri yo’ldan ozdirib qo’ymoqdalar. Ayniqsa yosh avlodning qiziquvchanligidan, sofdilligidan foydalanib miyyalarini zaharlashmoqdalar. Xo’sh bularnig asl maqsadi nima ?
Agar ularning niyatlari islom bo’lsa nega islomning ustunlari bo’lgan ulamolarni qoralaydilar axir bu toifalarning qilayotgan ishlari bilan keltirayotgan da’volari teskari kelib qolmadimi?
Demak ularning maqsadi turli fitnalar chiqarib musulmonalarni adashtirishdan o’zga narsa emas.
Shunday ekan, Aziz dindoshlar muhtaram ulamolarimizning ko’rsatmalaridan uzoqlashmang. Ko’zingizni oching ! Uyg’oq bo’ling!
UMIDJON Fayzullayev
Imom Faxriddin ar-Roziy
o’rta-maxsus islom bilim yurti 4-kurs talabasi
Izohlar