23.08.2023

PAYG‘AMBARIMIZNING NASABLARI VA TUG‘ILISHLARI

Ona qornida 6 oylik bo‘lganlarida «Xudoning do‘sti, oxirzamon Payg‘ambariga yuklik bo‘lding, — deb Ominaga tushlarida bashorat bo‘ldi. — Bu muborak o‘g‘il tug‘ilgan so‘ngida oti Muhammad bo‘lsin», deyildi.
Tug‘ilish oy-kunlari tamom bo‘lganda Allohning qudrati bilan hazrati Maryam, Fir’avnning xotuni hazrati Osiyo va boshqa bir necha hur qizlar bilan doyalikka hozir bo‘ldilar. Bola tuqqan xotunlardek odatdagi to‘lg‘oq tortish, qursoq og‘rig‘i, qon kelishiga o‘xshash narsalardin hech biri bo‘lmadi. Payg‘ambarimiz tug‘ilganlarida poklik, tozalik bilan vujudga keldilar. Shundoqki, sunnat qilingan edilar. Kindiklari kesilgan, badanlari yog‘langan, xush islik narsalar surtilgan holda tug‘ildilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyoga kelgan kechasida ul zotning sharaf va hurmatlari uchun Xudoi taolo ko‘p mo’jizalar ko‘rsatdi. Ul zamonda olam hammasi kofiriston edi, o‘tgan payg‘ambarlarning ko‘rsatgan haq dinlaridin odamlar adashgan edilar. Arab mushriklari tarafidin Baytullohga 360 dona but osilgan edi. Arablarning har bir urug‘i o‘zlariga atab, Baytullohga bir donadan but osib qo‘yishni odat qilgan edilar. Mana shu butlar Payg‘ambarimiz tug‘ilgan kechada hammalari yuztuban yiqilib, yerga tushdi. Ertalab kelgan kofirlar bu holni ko‘rib, hayron qoldilar. Va ham ona qornidan yerga tushgan chog‘larida bir nur paydo bo‘ldi, uning yorug‘lig‘idan Shom viloyatidagi Busro degan shaharning saroylari ko‘rindi. Makka shahri bilan buning oralig‘i 50 kunlik yo‘l edi. Hozirgi Eron xalqi u zamonlarda hammalari otashparast kofir edilar. Tutgan dinlari esa majusiylar dini — o‘tparastlik edi.

Izoh qoldirish

Izohlar