24.08.2023

PAYG‘AMBARIMIZNING NASABLARI VA TUG‘ILISHLARI

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyoga kelgan kechasida ul zotning sharaf va hurmatlari uchun Xudoi taolo ko‘p mo’jizalar ko‘rsatdi. Ul zamonda olam hammasi kofiriston edi, o‘tgan payg‘ambarlarning ko‘rsatgan haq dinlaridin odamlar adashgan edilar. Arab mushriklari tarafidin Baytullohga 360 dona but osilgan edi. Arablarning har bir urug‘i o‘zlariga atab, Baytullohga bir donadan but osib qo‘yishni odat qilgan edilar. Mana shu butlar Payg‘ambarimiz tug‘ilgan kechada hammalari yuztuban yiqilib, yerga tushdi. Ertalab kelgan kofirlar bu holni ko‘rib, hayron qoldilar. Va ham ona qornidan yerga tushgan chog‘larida bir nur paydo bo‘ldi, uning yorug‘lig‘idan Shom viloyatidagi Busro degan shaharning saroylari ko‘rindi. Makka shahri bilan buning oralig‘i 50 kunlik yo‘l edi. Hozirgi Eron xalqi u zamonlarda hammalari otashparast kofir edilar. Tutgan dinlari esa majusiylar dini — o‘tparastlik edi. Bularning otashkada, ya’ni ibodatxonalaridagi ming yillab, uzun zamonlardin beri o‘chmay, yonib turg‘on hisobsiz o‘tlari Payg‘ambarimiz ona qornidan tushgan chog‘larida o‘chib qoldi. Yana ul mamlakatda Sova degan bir ko‘l bor edi, shul kechada yerga singib ketib Samova degan cho‘ldan qaynab chiqdi. Ul cho‘l suvga mo‘l bo‘ldi, ko‘lga aylandi. Mana shunga o‘xshash u kechada bir necha turli mo’jizalar paydo bo‘ldikim, agar ularning hammasi bu o‘rinda yozilsa, bir kitob bo‘lur. Endi bu joyda aytganlarimiz daryodan bir cho‘mich, xirmondan bir hovuch misoli bo‘lsa ham qolganlarga ishorat, mo‘minlarga bashoratdur.

Izoh qoldirish

Izohlar