25.08.2023

EMIZDIRILISHLARI

U zamondagi shaharlik arablarning odatlari yangi tug‘ilgan bolalarini sahrolik badaviy qabilalariga emizishga berur edilar. Atrofdagi badaviylarga har yili kuzda, ko‘klamda emizishga bola olish uchun Makka shahriga kelish odat edi. Shuning uchun Bani-Sa’d urug‘idin Halima degan xotun o‘z qabilasidin chiqqan xotunlarga qo‘shilib, o‘zi bir oriq eshak minib, eri bir oriq tuya mingan holda chiqishgan edilar. Bularning mingan ulovlari holsizlikdan yaxshi yurolmay hammaning ortida qolishdi. Ular shaharga kelgunlaricha ilgari kelgan xotunlar ota-onalik boy bolalarni tanlab olishib ketgan edilar.
Payg‘ambarimiz bir faqir oilaning yetim bolasi bo‘lganligidan uni emizishga hech bir xotun ortiqcha qiziqmas edi. Hammaning keyinida qolgan Halima ham shaharga kirdi. Emizishga bola so‘roqlab yurganida Payg‘ambarimizning bobolari Abdulmuttalib ko‘rib qolib, bizning bir yetim bolamiz bor edi, deb kelinlari Omina uyiga boshlab keldi. Hazrati Omina Halimani ko‘rib, aytdikim:
— Bizni kambag‘al, bolamni yetim demasanglar, emizishga berayin, — deb oq jun yo‘rgakka o‘ralgan Payg‘ambarimizni Halimaga ko‘rsatdi.
Halimaning ko‘zi tushishi bilan mehri qo‘zg‘alib, so‘l emchaklarini og‘izlariga solgan edi, og‘izlarini yumib, emmay qo‘ydilar. Ikkinchi o‘ng emchaklarini solganda, darhol ema boshladilar. Mana shu kundin tortib, to sutdan chiqqunchalik, so‘l emchakni emakdosh bolaga qoldirib, o‘zlari o‘ng emchakni emishni odat qildilar.
Halima xotun bu muborak o‘g‘ilni olishi bilan ularning uylari xayru barakaga to‘ldi. Nima ish qilsalar rivoj topib, tirikchiliklari tuzaldi. Suti ozligidan yolg‘iz o‘g‘il to‘ymasdan oriqlagan edi, qachonki Payg‘ambarimizni emgizdi ersa, suti buloqdek bo‘lib oqa boshladi.

Izoh qoldirish

Izohlar