27.08.2023

Emizdirilishlari

Makkaga kelishda hammadin ortda qolgan, mingan eshagi, Payg‘ambarimizni o‘ngarib qaytar chog‘ida hammaning oldiga tushib yurdi. Bu qutlik hayvonda bir turlik quvonchlik hol paydo bo‘lib, ortiqcha kuch-quvvatga ega bo‘ldi. Bu sirni ko‘rgan yo‘ldosh xotunlar hayron qoldilar. Va ham shu yillar yomg‘ir yetarlik yog‘may Arabistonda quruqchilik edi. Yerdan o‘t unmagan sabablik, hayvonlari oriq bo‘lib, alarning sutlari so‘g‘olg‘on (to‘xtagan) edi. Tirikchiliklari chorva sut-qatig‘iga suyangan ko‘chmanchi arablar turmush to‘g‘risidin anchagina og‘irchiliklar kechirmoqda edilar. 
Payg‘ambarimiz Halima xotun oilasiga qo‘shilgandin so‘ngra uning turmushi favqulodda tuzala boshladi, shundoqki, oriqlikdan ko‘taram holga erishgan qo‘y-echkilari xiyol o‘tmay semirishga turdilar. Hech yerda chiqqan o‘t, yegan cho‘plari ko‘rinmasdin, yelinlari to‘lib, sutlari oqib kelar edi. Halimaning butun oilasi ovqatga mo‘l bo‘lib, uy ichlari sut-qatiqqa to‘ldi. 
Bu sirning tagiga tushunmagan boshqa moldor qo‘shni arablar Halima qo‘ychisi qaysi yerda mol boqsa, sizlar ham shu joyda boqinglar, deb o‘z molchilariga bek topshirur edilar. Ulug‘ qudrat tomonidan bo‘lgan bu karomat sirlarini u bechoralar qaydin bilsinlar. Shundoq qilib, Halima xotun Payg‘ambarimizni to‘liq ikki yoshga yetguncha emguzdi. 
Shu yoshdayoq boshqa bolalardin unub-o‘sishda ko‘p farqlari bor edi. Emdi odat bo‘yuncha sutdin chiqar vaqti yovuqlashdi. Halima va uning butun oilasi Payg‘ambarimizdin biror nafas ham ajrashga tob-toqatlari yo‘q edi. Shundoq bo‘lsa ham rasmu odatga qarab bolani sutdan chiqargani so‘ngida Ominaga kelturdi. Bu muborak 
bolaga mehri tushub ajrashga toqati yo‘qligini bildirib yig‘ladi. Bu qutluq oyog‘ o‘g‘il borg‘ondin buyon bo‘lgan barakalarni bayon qilib, mumkin bo‘lsa besh-o‘n yosh bo‘lguncha tarbiyat qilishni so‘radi. Omina Halimaga rahmi kelib, Payg‘ambarimizni unga qaytarib berdi. Bundan so‘ngra Halimaning qo‘lida yana ikki yil turub yoshlari to‘rtga to'ldi