29.08.2023

ONALARI BILAN MADINAGA SAFAR VA UNDAN QAYTISHLARI

Bundan so‘ngra Payg‘ambarimizning onalari hazrati Omina: «Madinaga borib, bolamga otasi Abdulloh qabrini ziyorat qildiray va ham u joydagi tog‘alari bilan ko‘rishtirib kelay», deb Madina safariga niyat qilib, yo‘lga chiqdi.
 

Bu safarda Ummu Ayman degan Abdullohdin meros qolgan cho‘rilari hamroh edi. Bir necha kun yo‘l yurishib, salomat Madinaga yetishdilar. Makka shahri bilan Madina oralig‘i tuya yurishida o‘n-o‘n ikki kunlik yo‘ldur. Tog‘a qabilasi ichida bir necha kun mehmonlikda bo‘lishdi. Maqsad o‘talgandin so‘ngra yana Makkaga qaytdilar. Makka va Madina shaharlari orasidagi Abvo degan joyga kelganida onalari Ominada betoblik paydo bo‘ldi va shu joyda ajal yetib, endigina besh yoshga kirgan farzandlarini dodaklari (cho‘rilari) Ummu Aymanga topshirib, yosh juvonlik holda vafot etdi.
Mana shu joyga kelganda, ikki tog‘ orasida mehribon onalaridan ham ajrab, ota-onasiz yetim bo‘lib, dodaklari Ummu Ayman qo‘lida qoldilar. So‘ngra bu joydin qo‘zg‘alib, Makkaga kelgandin keyin bobolari Abdulmuttalib ziyoda mehribonlik ko‘rsatib, o‘z tarbiyatiga oldi. Shu bilan bobolarining qo‘lida yoshlari sakkizga yetdi. Bu chog‘da Abdulmuttalibning yoshi yuzdin oshgan edi. «Har bir tug‘ilgan kishi — o‘limdir oxirgi ishi» degandek, bu kishi ham ajali yaqinlashib, betoblik to‘shagida yotdi. O‘n bir o‘g‘il, olti qizlari bor edi. Ularni yostiq ustiga chaqirib, vasiyat qildi:
—  O‘g‘lim Muhammad onasidin yoshligida yetim qoldi, endi mendin ham ajrash vaqti yaqinlashdi. O‘z o‘rnimda Abu Tolibni vakil qildim, — dedi. So‘ngra unga qarab aytdi:
—  Ey Abu Tolib, sen o‘zing kambag‘al odamsan va ham yosh bolalaring ko‘pdur, shundoq bo‘lsa ham o‘g‘lim Muhammadni senga topshirdim, chunki sen yumshoq ko‘ngillik, muloyim so‘zlik, ulug‘ hikmatlik kishidursan va ham Muhammad — og‘ang Abdullohning o‘g‘lidur, mana shuning uchun ham Muhammadni senga topshirdim,— deb foniy dunyodin o‘tdi.

💻Imom Faxriddin ar-Roziy islom ta'lim muassasasi matbuot xizmati

Izoh qoldirish

Izohlar