29.12.2023

Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vidolashuv hajida xutba qilib:
«Allohga taqvo qilinglar, besh namozingizni o‘qinglar, oyingiz ro‘zasini tutinglar, mollaringizning zakotini beringlar va ishboshingizga itoat qilinglar, Robbingizning jannatiga kirursizlar», deganlarini eshitdim».
Termiziy rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlariga xitob qilib, quyidagi amallarni ixlos bilan bajarishni amr qilmoqdalar:
1. «Allohga taqvo qilinglar».
Allohga taqvo qilish Uning amrlarini bajo qilish va qaytarganlaridan qaytish bilan bo‘ladi. Taqvoning eng avvalgi o‘rinlarida ushbu hadisda zikr qilingan amallar turadi.
2. «Besh namozingizni o‘qinglar».
Ya’ni farz qilingan besh vaqt namozingizni o‘qinglar.
3. «Oyingiz ro‘zasini tutinglar».
Ya’ni sizga farz qilingan Ramazon oyining ro‘zasini tutinglar.
4. «Mollaringizning zakotini beringlar».
Har bir turdagi moldan qanday va qancha zakot berish aniq, ana shunga qarab, har kim o‘ziga farz bo‘lgan zakotni bersin.
5. «Ishboshingizga itoat qilinglar».
Ya’ni shar’iy ma’noda sizga boshliq bo‘lgan odamga Allohning amriga muvofiq bo‘lgan ishida itoat qilinglar. Allohga ma’siyat bo‘ladigan ishda bandaga itoat qilib bo‘lmaydi.
6. «Robbingizning jannatiga kirursizlar».
Demak, inson jannatga kirishi uchun ushbu zikr qilingan narsalarning har biri ado etilishi zarur.

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kimning uchta qizi bo‘lsa, yoki uchta singlisi bo‘lsa, yoxud ikki qizi yoki ikki singlisi bo‘lsa, u ularning suhbatini yaxshi qilgan bo‘lsa va ularning haqida Allohga taqvo qilgan bo‘lsa, unga jannat berilur», dedilar».
Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilishgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan odamlarni ko‘proq jannatga kiritadigan narsa haqida so‘raldi.
«Allohga taqvo qilish va husni xulq», dedilar.
Yana ul zotdan odamlarni ko‘proq do‘zaxga kiritadigan narsa haqida so‘raldi.
«Og‘iz va farj», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Allohga taqvo qilish nima ekanini va u bilan banda qanday oliy darajalarga yetishishini hammamiz yaxshi bilamiz.
Banda o‘zining husni xulqi bilan ham xuddi Allohga taqvo qilish orqali erishgandek, oliy darajalarga erishishi mumkin ekan.
Allohga taqvo qilishga husni xulq ham qo‘shilsa, qanchalar ulug‘ ish bo‘lar edi. Zotan, bu ikki narsa o‘zaro chambarchas bog‘langandir.

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:
«Qayerda bo‘lsang ham, Allohga taqvo qil. Yomonlikka yaxshilikni ergashtir. Bu uni o‘chiradi. Odamlarga husni xulq ila muomala qil», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bu hadisi shariflarida lozim tutish zarur bo‘lgan uchta ulkan ishning birinchisi o‘laroq, taqvoni zikr qilmoqdalar:
«Qayerda bo‘lsang ham, Allohga taqvo qil».
Banda qay makonda bo‘lsa ham, qanday holda bo‘lsa ham Alloh taologa taqvo qilishni hech qachon tark etmasligi lozim.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi:
«Ey Allohning Rasuli! Safar qilmoqchiman, menga nasihat qiling», dedi.
«Allohga taqvo qilishni, har balandlikda takbir aytishni o‘zingga lozim tut», dedilar. Haligi odam ortiga qaytganidan keyin yana: «Allohim! Unga yerni yaqin qilgin va safarni unga oson qilgin», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Taqvo haqida aytilgan gaplardan namunalar:
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuga yuborgan ahdnomada jumladan quyidagilar bor edi:
«Ammo ba’d: albatta, men seni va sen bilan bo‘lgan jangchilarni har qanday holda ham Allohga taqvo qilishga chaqiraman. Albatta, Allohga taqvo qilish dushmanga qarshi afzal tayyorgarlik va urushdagi eng kuchli hiyladir».
Ibn Asokir rahmatullohi alayhi Salama ibn Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga mol keldi. Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu uning oldiga kelib:
«Ey mo‘minlarning amiri! Ushbu moldan biror qora kun yoki voqe bo‘ladigan ish uchun baytulmolda tutib tursangiz!» dedi. Umar unga:
«Bu gapni shaytondan boshqa oriz qilmagan. Alloh taolo uning hujjatini menga talqin qildi va uning fitnasidan meni saqladi. Kelasi yildan xavfsirab, bu yili Allohga osiy bo‘lamanmi?!
Ular uchun Allohning taqvosini tayyorlab qo‘yaman! Alloh taolo: «Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadir. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur», degan. Mendan keyin keladiganga fitna bo‘lishi uchunmi?» dedi».


Ruhiy tarbiya» kitobining 2-juzi asosida tayyorlandi

Izoh qoldirish

Izohlar