13.01.2024

Qur’oni Karim oxirat saodatiga boshlovchi eng to‘g‘ri hidoyatdir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:

«Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur va solih amallarni qiluvchi mo‘minlarga xushxabarini berurki, albatta, o‘shalarga ulug‘ ajr bordir» (Isro surasi, 9-oyat).

Alloh taolo O‘zining so‘nggi ilohiy ta’limotlarini qamrab olgan Kitobini – Qur’oni Karimni qiyomat kunigacha insoniyatni ikki dunyo saodatiga eltish uchun, eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilish uchun nozil etdi.

«Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur».

Qur’on hamma zamon va makondagi insonlarni ham bu dunyo, ham u dunyo saodatiga hidoyat qiladi. Inson hayotining hamma sohalarida uni eng to‘g‘ri yo‘lga yo‘llaydi. Qur’oni Karim hidoyati aqiyda, e’tiqod, ma’naviyat, qadriyat, ruhoniyat, mafkura bobidagi eng to‘g‘ri hidoyatdir.

Qur’oni Karim insonning o‘ziga, Robbiga, boshqa insonlarga va uni o‘rab turgan turli maxluqotlarga nisbatan aloqasi qanday bo‘lishining eng to‘g‘ri yo‘lini ko‘rsatadi.

Qur’oni Karim insonning bu dunyodagi axloqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, oilaviy va siyosiy hayotini eng to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi.

Qur’oni Karim hidoyati hammani oxirat saodatiga boshlovchi eng to‘g‘ri hidoyatdir.

Qur’oni Karimdan o‘zga to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiluvchi hech bir kitob, mafkura, tuzum va dastur yo‘qdir. Faqat Qur’oni Karimgina eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qila oladi. Chunki borliqni yaratgan Zot ham, borliqda insonni O‘zining xalifasi qilib yaratgan Zot ham Allohdir. Borliq Allohning maxluqi, inson Allohning bandasi, Qur’on esa Allohning dasturi. Alloh O‘zi yaratgan bandasini O‘zi yaratgan borliqda O‘zi nozil etgan Kitobiga amal qilib yashasagina, ikki dunyo saodatiga erishtiradi. Alloh yaratgan borliqda Alloh yaratgan inson Alloh nozil qilgan Qur’ondan o‘zga eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiluvchi narsani ikki dunyoda ham topa olmaydi. Shu bilan birga, Qur’oni Karim

«...va solih amallarni qiluvchi mo‘minlarga xushxabarini berurki, albatta, o‘shalarga ulug‘ ajr bordir».

Demak, faqat mo‘min bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi, yaxshi amallar ham bo‘lishi kerak. Shuningdek, yaxshi amallarning o‘zi ham kifoya qilmaydi, iymon bo‘lishi kerak. Bu umumiy qoida. Iymonsiz yaxshi amal va yaxshi amalsiz iymon bo‘lmaydi.

«Tafsiri Hilol» kitobi asosida tayyorlandi

Izoh qoldirish

Izohlar