Takfir haqida tushuncha
Bu ibora arabcha “kufr” so‘zi o‘zagidan olingan. Lug‘atda “inkor qilish”, “yopish”, “kafforat berish” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa mo‘min kishini asossiz sabablar bilan kofirga chiqarish demakdir.Qur’onda “kufr” so‘zi bir necha o‘rinlarda kelgan. Bir joyda kofirlikni bildirsa, boshqa joyda noshukrlikni ifoda etadi. Alloh taolo kishi iztiroriy holatda, ya’ni majburlangan paytda “kufr” so‘zini aytib qo‘ysa, uni azoblamasligini ham bayon qilgan. Bu borada Savbondan Nabiyning : “Mening ummatimning xato qilgan, esdan chiqargan va majburlangan holatda qilgan ishidan qalam ko‘tarildi”, degan mashhur hadis rivoyat qilinadi.Imom Buxoriy “Sahih”idagi bir bob “Johiliyat ishlaridan bo‘lib, kufr sanalmaydigan gunohlar bobi” deb nomlangani ham musulmon inson gunoh sodir etish bilan Islomdan chiqmasligiga ishora qiladi. Katta (kabira) gunoh sodir etgan mo‘min kishi, Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, qilgan ishini halol sanamas ekan, kofir bo‘lmaydi. Shuningdek, to‘rt mazhab ulamolari ittifoqiga ko‘ra, katta gunoh sodir etgan shaxs do‘zaxda ham abadiy qolmaydi. Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatarlar bois Qur’on va Sunnada birovlarni kofirga chiqarishdan qaytariladi. Alloh taolo bunday deydi: «Ey imon keltirganlar! Alloh yo‘lida safarga chiqqaningizda aniq ish tutingiz! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo‘lgan) kishiga bu dunyo matohini (o‘ljani) ko‘zlab: “Mo‘min emassan”, demangiz! Allohning huzurida ko‘p o‘ljalar (bordir). Ilgari sizlar ham shunday (imoningizni sir tutar) edingiz, (so‘ngra) sizlarga Alloh ne’mat ato etdi. Bas, aniqlab ish tutingiz! Albatta, Alloh (barcha) ishlaringizdan xabardordir» [1]Hadisi shariflarda ham o‘zga shaxsni kufrga chiqarishdan ogohlantiriladi. Jumladan, Imom Buxoriy Ibn Umardan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz aytadilar: «Agar kishi birodariga “Ey kofir”, desa, u (so‘z) ikkisidan biriga qaytadi». Abu Zarrdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz bunday deganlar: “Hech bir kishi boshqa kishini fosiq, kofir, deb ayblamasin. Agar u kishi bunday bo‘lmasa, aytgan gapi o‘ziga qaytib keladi”[2]. Jumhur kalom va fiqh ulamolari ittifoqiga ko‘ra, qibla ahli bo‘lgan musulmonni kofirga chiqarmaslik kerak. Abu Hanifa qibla ahllaridan biror kishini kofirga hukm qilmaganlar. Bir musulmonning boshqa bir musulmonga qoni, obro‘si va moli hurmatli bo‘lishi lozim. Rasulullohning vido hajida aytgan ushbu gaplari buni tasdiqlaydi: “Albatta, sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringiz o‘zlaringiz uchun xuddi shu kuningiz, shu oyingiz va shu shahringiz kabi muharramdir. Shu yerda hozir bo‘lgan kishi hozir bo‘lmaganlarga yetkazsin”.Xalifa Ali davrida paydo bo‘lgan xorijiylar firqasi takfir tushunchasini o‘zlariga ergashmaganlarga nisbatan qo‘llagan. Ular oldin hazrat Alining ashaddiy tarafdorlari edi. “Siffiyn” jangidan so‘ng o‘n ikki minglik qo‘shin bilan ajralib chiqib, hazrat Aliga va Muoviyaga qarshi barobar kurash boshlashgan.Xorijiylar qurol ishlatish bilan o‘z e’tiqodini tarqatish va hokimiyatga erishishni maqsad qilishadi. Ular musulmonlarni o‘ldirishni halol sanashgan. Ular “Jamal voqeasi” ishtirokchilari, Usmon, Ali, Muoviya, Amr ibn Os, Abu Muso (roziyallohuanhu) kabi sahobalarni ham kufrda ayblashadi. Katta gunoh qilgan kishini kofirga chiqarib, ularning avlodi, moli va jonini o‘zlariga halol sanashgan. Xorijiylarningtakfir tushunchasi orqali minglab musulmonlar, jumladan, hazrat Alining ham hayotiga tajovuz qilingan.
M.Yunusxo'jaev
Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti mudarrisi
[1] “Niso” surasi 94 - oyat
[2] Imom Buxoriy rivoyat qilgan
Izohlar