18+ HAYZ VA GʻUSL HAQIDA
765-SAVOL: Hayzim tugadi lekin hali gʻusl qilmadim. Erim bilan yaqinlik qilsam keyin ikkovigayam gʻusl qilsam boʻladimi? Yoki birinchi gʻusl qilib keyin yaqinlik qilaylikmi?
JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim.
Savolning javobi hayz 10 kundan keyin, yoki 10 kundan avval, yo ayolning odatiga yetib, yoki odatiga yetmay toʻxtashiga qarab turlicha boʻladi.
Hayzning eng koʻp muddati (10 kun) oʻtgach, garchi gʻusl qilmagan boʻlsa ham, ayoli bilan jinsiy aloqada boʻlish halol boʻladi, xoh u birinchi marta hayz koʻruvchi, xoh avval hayz koʻrgan, odati bor ayol boʻlsin. Shu holatda ham er xotinini toki gʻusl qilmaguncha jimo qilmay turishi mustahabdir (Muhit kitobi).
Agar qon hayzning eng koʻp muddati (10 kun)dan kamrogʻida toʻxtasa, toki ayol gʻusl qilmaguncha yoki namoz vaqtining oxiri (yaʼni, gʻusl va takbiri tahrima sigʻadigan vaqt) oʻtmaguncha, uni jimo qilish joiz emas. Bu masalalar hayz koʻruvchining odati toʻliq boʻlgandadir.
Agar qon ayolning odat kunlaridan kam vaqtda toʻxtasa, toki odat kunlari kelmaguncha unga jinsiy yaqinlik qilish makruh boʻladi, agarchi ayol gʻusl qilgan boʻlsa ham. Lekin ayol odat kunlari kelgunicha ehtiyotan namoz oʻqiydi va roʻza tutadi.
Birinchi hayz koʻrayotgan qiz oʻn kundan kamiga pok boʻlsa yoki odati bor ayol odatidan avval pok boʻlsa, tahorat va gʻuslni namozning oxirgi vaqtlariga kechiktiradi. Faqat namozning vaqti kechikib, makruh vaqti kirib qolmasa, bas. (“Fathu bobil inoya”, “Durarul hukkom” “Fatovoi Hindiya” kitoblari).
Vallohu aʼlam.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hayʼati.
Izohlar