12.10.2026

Namoz ahkomlari.

Namoz ahkomlari.

Islom dinida ibodatlar orasida eng oliy o‘rinni egallagan, bandani Yaratuvchisi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan amali solih namozdir. Namoz — shunchaki jismoniy harakatlar majmuasi emas, balki inson qalbini salbiy qusurlardan tozalaydigan, ruhiyatga sakinat beradigan hamda insonni fahsh va munkar ishlardan qaytaradigan buyuk ibodatdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomat kunida banda birinchi bo‘lib hisob-kitob qilinadigan amali namozdir.» (Termiziy rivoyati), deb marhamat qilganlar. 
Namozning lug‘aviy va fiqhiy ta’rifi
Lug‘atda: «Solat» so‘zi arab tilida «duo», «istig‘for» va «rahmat so‘rash» ma’nolarini anglatadi.
Fiqhiy istilohda: Namoz — takbir (Iftitoh takbiri) bilan boshlanib, salom berish bilan yakunlanadigan, maxsus zikrlar va muayyan shartlar ostida bajariladigan maxsus ibodatdir.
Namoz har bir balog‘atga yetgan, aqli raso musulmon erkak va ayolga bir kunda besh vaqt farzi ayn hisoblanadi. Namozning farzligi Qur’oni Karim, Sunnat va Ummatning ijmosi bilan sobit bo‘lgan.
«Albatta, namoz mo‘minlarga vaqti belgilangan farz bo‘lgandir» (Niso surasi, 103-oyat).
«Va namozni to‘kis ado eting, zakot bering va ruku qiluvchilar bilan birga ruku qiling» (Baqara surasi, 43-oyat).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan mashhur hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Islom besh narsa ustiga bino qilingandir: Allohdan o‘zga iloh yo‘qligi va Muhammad Unining rasuli ekanligiga guvohlik berish, namozni to‘kis ado etish, zakot berish, Haj qilish va Ramazon ro‘zasini tutish» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Namozning farzlari: shartlar va rukunlar

Hanafiy fiqhiga ko‘ra, namozning to‘liq mo‘tabar bo‘lishi uchun uning 12 ta farzi mavjud. Faqihlar bularni ikki guruhga bo‘ladilar:
1. Namozdan tashqaridagi farzlar (Shartlar) — namozga kirishishdan oldin hozirlanishi lozim bo‘lgan omillar.
2. Namozning ichidagi farzlar (Rukunlar) — namozning mohiyatini tashkil etuvchi amallar. 
SHARTLAR (Tashqaridagi 6 farz) RUKUNLAR (Ichidagi 6 farz)
Namozning Shartlari (Tashqaridagi Farzlar)
Namoz durust bo‘lishi uchun quyidagi oltita shart mukammal bajarilishi lozim:
1. Tahorat (Hadasdan poklanish)
Kichik hadasdan (tahoratsizlikdan) tahorat olish, katta hadasdan (junublik va hk.) g'usl qilish shart. Tahoratga suv topilmasa yoki ishlatishga qodir bo‘linmasa, tayammum qilinadi.
«Ey iymon keltirganlar! Namozga tursangiz, yuzingizni va qo‘llaringizni chig‘anoqlari bilan yuving...» (Moida surasi, 6-oyat). Shuningdek, Rasululloh alayhissalom: «Alloh tahoratsiz kishining namozini to po‘klanmagunicha qabul qilmaydi» (Buxoriy), deganlar.
2. Najosatdan poklanish
Namozxonnning badani, kiyimi hamda namoz o‘qiydigan joyi shar’iy najosatlardan pok bo‘lishi shart.
«Kiyimingizni poklang!» (Muddassir surasi, 4-oyat).
3. Satri avrat (Avrat a’zolarni yopish)
Erkaklar uchun kindikdan tizagigacha (tizza ham kiradi), ayollar uchun esa yuzi, ikki kafti va ikki qadamidan tashqari butun badani avrat hisoblanadi.
«Ey Odam bolalari, har bir masjid (namozgoh) huzurida ziynatingizni (kiyimingizni) oling...» (A’rof surasi, 31-oyat).
4. Qiblaga yuzlanish (Istiqboli Qibla)
Namozni Makkai Mukarramadagi Ka’batulloh tomonga yuzlanib o‘qish farzdir.
«Yuzingizni Masjidul Harom (Ka’ba) tomonga buring!» (Baqara surasi, 144-oyat).
5. Vaqt
Har bir namozni o‘z vaqtida o‘qish farz. Vaqti kirmasdan o‘qilgan namoz adoga o‘tmaydi.
«Albatta, namoz mo‘minlarga vaqtida farz qilingandir» (Niso surasi, 103-oyat).
6. Niyat
Qaysi vaqt namozini o‘qiyotganini ko‘ngildan o‘tkazish hamda xolis Alloh uchun ibodat qilishni niyat qilish.
«Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir...» (Buxoriy va Muslim).

B) Namozning Rukunlari (Ichidagi Farzlar)
Namozning poydevorini tashkil etuvchi va birortasi tark qilinsa, namoz botil bo‘ladigan olti rukun quyidagilardir:
1. Tahrima (Iftitoh takbiri)
Namozni «Allohu akbar» deb boshlash.
[05.10.2026 10:20] م: Tahrima namozga kirish ibodati bo‘lgani uchun Hanafiy mazhabida ba’zan shart, ba’zan rukun deb qaraladi. Rojih gap uning shart ekanligidir.
Hadiss sharifda: «Namozning kaliti — poklik, uning (dunyoviy ishlarni) harom qiluvchisi — takbir, halol qiluvchisi — salomdir» (Abu Dovud va Termiziy).
2. Qiyom (Tik turish)
Farz va vojib namozlarni qodir bo'lgan kishining tik turib o‘qishi rukun hisoblanadi. Kasal va ojiz kishilar o‘tirib o‘qishlari joiz.
3. Qiroat
Qiyomda Qur’oni Karimdan kamida bir uzun oyat yoki uchta qisqa oyat o‘qish. Hanafiy mazhabida farz namozlarining dastlabki ikki rakatida hamda vitr va nafl namozlarining barcha rakatlarida qiroat qilish farzdir.
«Qur’ondan oson bo‘lganini o‘qingiz!» (Muzzammil surasi, 20-oyat).
4. Ruku’
Qiroatdan so‘ng egilib, qo‘llar bilan tizani ushlash.
«Ey iymon keltirganlar, ruku’ qilinglar va sajda qilinglar...» (Haj surasi, 77-oyat).
5. Sajda
Ruku’dan so‘ng peshona, burun, ikki kaft, ikki tiza va ikki oyoq barmoqlarini yerga qo‘yib, tazim qilish. Har rakatda ikki marta sajda qilish farzdir.
Yuqoridagi Haj surasi, 77-oyati hamda Payg‘ambarimiz alayhissalomning: «Men yetti a’zo bilan sajda qilishga buyurildim: peshona (burunni ham ko‘rsatdilar), ikki qo‘l, ikki tiza va ikki oyoq barmoqlarining uchlari» (Buxoriy va Muslim) degan hadislari.
6. Qa’dai oxir (Oxirgi o‘tirish)
Namozning oxirgi rakatida «Tashahhud» (Attahiyyatu) duosini o‘qish miqdoricha o‘tirish farzdir.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh alayhissalom tashahhudni o‘rgatganlaridan so‘ng: «Agar buni aytsang yoki buni bajarsang, namozing mukammal bo‘libdi» (Abu Dovud), deganlar.

3. Namozning vojiblari va sunnatlari

Mazhabimiz amallarning darajasini belgilashda juda aniq ilmiy mezonlarga tayanadi. Boshqa mazhablardan farqli o‘laroq, Hanafiylikda Farz va Vojib tushunchalari ajratiladi:
• Farz: Qat’iy, shubhasiz dalil (Qur’on oyati yoki mutavotir hadis) bilan sobit bo‘lgan amal. Uni inkor qilgan kishi dindan chiqadi, tark qilgan kishi esa qattiq gunohkor bo‘ladi va namozi buziladi.
• Vojib: Zonniy (ehtimolli) dalil (masalan, ohod hadis) bilan sobit bo‘lgan amal. Masalan, Fotiha surasini o‘qish, suralarni tartib bilan o‘qish, birinchi qa’da, Qunut duosini o‘qish vojib amallardandir.
Vojib amali adashib tark qilinsa: Namoz oxirida Sajdai sahv (adashish sajdasi) qilish bilan namoz to‘g‘rilanadi.
Vajib amali qasddan tark qilinsa: Namozni qayta o‘qish (i'oda qilish) vojib bo‘ladi.
Sunnat amallar (masalan, Iftitoh takbirida qo‘llarni ko‘tarish, sano o‘qish, ruku va sajdadagi tasbehlar) esa namozning husni va ziynatidir. Ularni bajarish savobni ko‘paytiradi, tark qilish esa namozni buzmaydi va sajdai sahvni keltirib chiqarmaydi.

Xulosa
Namoz — Alloh taoloning bandasiga in’om etgan eng buyuk ne’matlaridan biridir. U bandaning Yaratuvchi oldidagi burchi bo‘lish bilan birga, ikki dunyo saodatining kalitidir. Manbalarda keltirilgan shart va rukunlarni puxta o‘rganish, ularga amal qilgan holda namozni ko‘ngildagidek (xushu’ va xuzu’ bilan) ado etish har bir mo‘min-musulmonning burchidir.
Alloh taolo barchamizning o‘qiyotgan namozlarimizni o‘z dargohida husni qabul aylasin!


Имом Фахриддин ар-Розий ўрта махсус ислом таълим муассасаси мударриси Т.Мaткаримов