RAMAZONNING OXIRGI O`N KUNINING AHAMIYATI
Barchamizga ma'lumki, Ramazon oyining uch o‘n kunligi uch xil fazilatga egadir. Ya'ni, birinchi o‘n kunlik Allohning rahmati nozil bo‘ladigan kunlardir. Ikkinchi o‘n kunlik esa, Allohning mag‘firati keng bo‘lgan kunlardir. Uchinchi o‘n kunlik esa, ro‘zador bandalar do‘zaxdan ozod qilinadigan kunlardir.
Alloh taoloning hayotimizga yana bir muborak Ramazonni ato qilgani Uning bizga cheksiz karamidir. Alloh taoloning fazli va karami ila, mana, Ramazonning deyarli yigirma kuni ham oʻtib boʻldi. Endi, muborak oxirgi oʻn kunlik boshlanyapti. Bu oʻn kunlik butun Ramazonning xush boʻyi va shirasidir. Alloh taolo bu oxirgi oʻn kunlikni shunday xususiyat va fazilatlar ila musharraf qilganki, butun yil boʻyi bunday kunlar hech qayerdan topilmaydi.
Ramazonning oxirgi o‘n kunining bir nechta fazilatlari bor bo‘lib, ular quyidagilardir:
1. Bu kunlarning fazilati sababli Alloh taolo bandalarini do‘zaxga kirishdan ozod qiladi.
Bu haqida Salmon al-Forisiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...U (Ramazon) uning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod qilish bo‘lgan oydir....”, deganlar.
Bayhaqiy rivoyat qilgan.
2. Ramazonning oxirgi o‘n kechalari ichida “Qadr” kechasi bor.
Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘nligidan qidiringlar”, dedilar.
Muslim rivoyat qilgan.
3. Nabiy alayhissalom Ramazonning oxirgi o‘n kunida e'tikof o‘tirganlar.
Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo u kishini vafot ettirgunicha Ramazonning oxirgi o‘n (kunida) e'tikof o‘tirar edilar. So‘ngra, u zotdan keyin, xotinlari e'tikof o‘tirishdi”.
Muttafaqun alayh.
4. Payg‘ambarimiz alayhissalom Ramazoning oxirgi o‘n kuni kirishi bilan ibodatga qattiq bel bog‘lardilar.
Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi o‘nlikdan boshqasida qilmagan harakatini oxirgi o‘n kunlikda qilar edilar”.
Muslim rivoyat qilgan.
Aslida, butun muborak Ramazon oyi muqaddas va barakotlidir. Uning har bir soati, har bir lahzasi qadrlashga loyiq. Lekin oxirgi oʻn kunlik, Nabiy solallohu alayhi vasallamning koʻrsatmalariga koʻra, Alloh taologa ibodat uchun xos holatlarni oʻzida jamlagan. Hadisi sharifda kelishicha, oxirgi oʻn kunlik kirganida, Nabiy sollallohu alayhi vasallam manabunday holatda boʻlar edilar:
شَدَ مِنْزَرَهُ ، وَ أَحْيَا لَيْلَهُ، وَ أَيْقَظَ أَهْلَهُ
Yaʼni: “Bellarini mahkam bogʻlar edilar (tun boʻyi ibodat qilish uchun tayyor boʻlar edilar) tunlarini bedor oʻtkazar va ahllarini ham uygʻotar edilar”
Imom Buxoriy rivoyati.
Boshqa paytlarda ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahajjud namozini oʻqir edilar. Uning rakatlari juda uzun boʻlar edi. Gohida Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahajjudga kechaning oʻrtasida, gohida esa oxirgi uchinchi qismida turar edilar. Lekin muborak Ramazon oyining oxirgi oʻn kuni haqida Hazrati Oisha roziyallohu anho aytadilarki, bu kechalarda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ibodat uchun bellarini mahkam bogʻlar edilar.
Yuqoridagi hadisi shariflardan Ramazon oyining oxirgi o‘n kuni naqadar fazilatli ekani barchamizga ma'lum bo‘ldi. Shunga ko‘ra, barchamiz bu ulug‘ kunlarni g‘animat bilib, savoblarimizni ko‘paytirib, gunohlardan poklanib olishga harakat qilaylik. Zero, Ramazonning ham sanoqli kunlari qolyapti. Bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarib, keyin afsuslanib yurmaylik.
Fazilatli oyda tutadigan roʻzalarimiz qabul, ado etadigan ibodatlarimiz maqbul va duoyu iltijolarimiz mustajob boʻlishini Haq taolodan soʻraymiz.
Imom Faxriddin ar-Roziy o`rta maxsus islom bilim yurti 3-kurs talabasi
Samandar Mehmonov
Izohlar