KIYINISH MADANIYATI
Insonning kiyinishi uning ichki-ma’naviy dunyosining sirtda aks etishidir. Qaysi insonda uyat, hayo, or-nomus kabi tushunchalar bo‘lsa, o‘sha inson o‘z obro‘sini saqlaydigan, boshqalarning nafratini qo‘zitmaydigan holatda kiyinadi. Zotan, azaldan xalqimizda "Hayo va iboning tashqi ko‘rinishi - kiyimdur", mazmunidagi hikmat bor. Imomi A’zam Abu Hanifa shogirdlarini viqorli, salobatli kiyinishga undar edilar. Chunki bu ishda ilmni va ilm ahlini hurmat qilish bor. Inson kiyim tanlash borasida milliy-diniy qadriyatlari chegarasida turgani yaxshi. Kiyinish madaniyati insonning didi qanday ekanini ko‘rsatadi. Hazrat Mir Alisher Navoiy bir baytlarida:
Yaxshi suhan jonga oroyish,
Yaxshi libos tanga oroyish, deb hikmatli nasihat beradilar.
Buning ustiga, kiyim-bosh insonning doimiy hamrohi bo‘lgani uchun, unga ta’sir qilishi turgan gap. Misol keltiradigan bo‘lsak, askarlarga o‘ziga xos kiyim kiydirish hamma xalqlarda qadimdan odat bo‘lib kelgan. Bu avvalo, askarlarga o‘z vazifasini ado etishda qulaylik tug‘dirsa, ikkinchidan, maxsus kiyim ularga ta’sir qilib, askarlik ruhini tutib turishda, kuchaytirishda ish beradi.
Insonlarning boshqalar huzurida avratni ko‘rsatib yurish inson ehtiromiga va jamoatchilik odobiga zid bo‘lgan ishlardan bo‘lib, bu ish jamiyat a’zolari ichida fasod tarqalishiga sabab bo‘ladi. Insonning kiyinish madaniyatiga rioya qilishi o‘zi uchun obro‘ va martabaligi, go‘zallik va ziynatligi, jamiyatning boshqa a’zolarini esa hurmatlash ekani tushuntiriladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi: “Ey Odam bolalari! Batahqiq, sizlarga avratingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini tushurdik” (A’rof surasi, 26-oyat).
Insonni hayvondan ajratib turadigan alomatlardan biri ham libosdir. Odamning avrati – aybini berkitib turishi uchun Alloh taolo unga libos ato qilgan. Libosning zaruriyati kishi avratini o‘zgalardan pinhon tutishidadir.
«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasida fuqarolarning (diniy tashkilotlar xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat kiyimlarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi», deb qayd etilgan. Darhaqiqat libos — inson ko‘rki, kiyinishning ham o‘ziga yarasha me’yorlari bor. Shu bois ta’lim muassasalarida kiyinish madaniyati, diniy va mavsumiy liboslarning bir-biridan farqli jihatlari, tor, uzun poshna, kalta, ochiq kiyimlarda yurishning yoshlar salomatligi va xulq-atvoriga ta’siri haqida qayg‘urish lozim. Ko‘cha–kuyda, ta’lim muassasalarida va turli majlislarda yotoqda kiyiladigan bosh kiyimlari (latta do‘ppilar), yaktaklar yoki yupqa va kalta ishton kabilarni kiyib yurish holatlariga guvoh bo‘lamiz. Aslida, har bir majlis va har bir joyning o‘ziga yarasha kiyinish madaniyati bo‘lganidek, yotoqqa xos kiyimlar mavjud, uni boshqa joylarda kiyish madaniyatsizlik bo‘ladi. Mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘ra, bizning barcha milliy kiyimlarimiz nafaqat ma’naviyatimizni, balki badanimiz, a’zolarimizni va salomatligimizni har jihatdan muhofaza qiladi. Yoki do‘ppilarni olaylik. Har viloyatning o‘ziga xos do‘ppisi bo‘lib, ularga solingan naqshlar olam-olam ma’no, diniy va milliy qadriyat hikmatlarini ifodalaydi.
Libosning kengligi borasida o‘rtachalik – me’yorga rioya qilinishi kerak. A’zolar siqiladigan darajada tor, jismga noqulaylik keltiradigan va harakatlanishga xalal beradigan darajada keng bo‘lmasligi lozim. Nihoyatda tor kiyimlar organizmning qon aylanish tizimi buzilishiga olib keladi. Erkaklar ichki kiyimlarining juda torligi ayanchli holatlar keltirib chiqarishi aniqlangan.
Kiyim kishining jismiga mos ravishda, erkin harakatlanishga imkon beradigan qilib tikilgan bo‘lishi shart. Nihoyatda kalta yoki kichik va ziyoda darajada uzun bo‘lishi yaxshi emas. Chunki bunday kiyimlarning tezda siyqasi chiqib, eskiradi. Natijada, yarashmay qoladi, hatto kayfiyatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, kiyinish borasida ham inson avvalo halol-haromga e’tibor berishi lozim bo‘ladi. Uning kiyadigan kiyimi halol kasb bilan topilgan bo‘lishi va uni kiyish shar’an harom bo‘lmasligi kerak.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) kiyimning orasta, bejirim, kamtargina bo‘lishini targ‘ib qildilar. Erkaklarni harir, shoyi, parcha kabi matolar, tilla kabi matohlardan foydalanishdan qaytarganlar. Samoviy dinlarning hammasida kiyimlarning sodda, ixcham, ibodatga muvofiq keladigan, bejirim, kamtarona bo‘lishi talab qilinadi.
Ulamolardan biri kiyinish borasida shunday degan ekan: “Kiyim kiyishda ahmoqlar ustingdan kulmaydigan va shariat bilimdonlari ayblamaydigan kiyimni kiy”.
Alisher Navoiy “Mahbubul-qulub” asarida bunday yozgan: “Erkaklarining o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun yasanishi xotinlarning oroyish uchun bezanishlari kabidir. Ammo bu kabi bezanmoq har ikkalasi uchun ham nomunosib, xususan, erkaklar uchun ko‘proq sharmandalikdir”.
Hozirgi paytda ayrim qiz-juvonlar o‘rtasida urf bo‘lganiday yengi va etagi kalta, ko‘ksi ochiq kiyimlar, gavda va a’zolarini “ko‘z-ko‘z” qilib turuvchi tor va yupqa-xarir ko‘ylaklar, eng achinarlisi ko‘krak, kindik va boldirlarini ochib, hammaga namoyish qilib yurishlar odobimizga mutlaqo ziddir. Ba’zi yoshlarning chet el urf odatlariga ko‘r-ko‘rona taqlid qilib, tor va ochiq yupka kiyimlarni kiyib, yarim yolong‘och holatda badanlarini reklama qilish orqali “Ommaviy madaniyat”ning jirkanch unsurlarini tarqatayotganliklari achinarli holat. Shu bilan birga ayrim dinga mutassiblik bilan amal qiluvchi insonlar shariat belgilab bergan chegaralardan oshib, hech qayeri ko‘rinmaydigan qilib, qop-qora kiyimlarni kiyib olishib, bu bilan insonlarning o‘rtasida o‘zlarini dinga eng to‘g‘ri amal qiluvchilar, boshqalarni esa noto‘g‘ri yo‘lda yurganligini da’vo qilishlari, ayrim holatlarda ushbu kiyimlari orasiga portlovchi moslamalar o‘rnatib tinch aholi orasida portlatish holatlarining uchrayotganligi ham achinarli holatdir. Bu hol yuksak insoniy sharafni yerga urish bo‘lib, ko‘p asrlar davomida muqaddas Islom diniga amal qilib, butun dunyoga ilm ziyosini taratib kelgan ota-bobolarimiz va ularni dunyoga keltirib tarbiya qilgan momolarimizdan har bir sohada, jumladan kiyinish borasida ham ulardan o‘rnak olishib, ularga munosib avlod bo‘lishga harakat qilmog‘imiz zarurdir.
Kiyinishiga qarab, odamning ichki dunyosi va ma’naviyatiga baho berish barcha xalqlarda ham bor gap. Ajdodlarimizdan meros - kiyinish madaniyati o‘zligimizni anglatishini, asrlar shiddatiga dosh bergan irodamizni, sabru-qanoatimizni, pok umidlarimizni ifoda etishini unutmaylik. Milliy kiyimlar va bezak turlari tariximiz davomida shakllangan bo‘lsa-da, keyingi paytda turli o‘zgarishlarga yuz tutayotgani sir emas. Bu hol tabiiy. Lekin o‘zgarishlarni, yangiliklarni oqilona qabul qilish kerak. Milliylik inson botinida ham, zohirida ham saqlanib qolmog‘i juda muhimdir.
Erkak ham, ayol ham kiyinishda, yurish-turishda hamisha hayoli bo‘lishi, iffatini asrashi lozim. Jahon afkor ommasi nazdida hurmat-ehtiromga ega bu xalq – o‘z milliy-diniy qadriyatlarini yo‘qotmagan, ularni himoya qila olgan va mumkin bo‘lsa, zamon talablariga mos ravishda rivojlantirilgan liboslar va boshqa san’at turlariga ega xalqdir.
Libos zamon va milliy qadriyatlar talablariga javob bersin. Ilm-fan, sport va boshqa sohalardagi yutuqlarimiz bilan faxrlanganimiz kabi, milliy kiyimlarimiz bilan ham iftixor tuyishimiz kerak. Zero, milliy liboslarimiz millatimizga hurmat va muhabbatni bildiradi.
Farzandlarining qanday kiyinishiga, eng avvalo, ularning ota-onalari e’tiborli bo‘lishi lozim. Ustoz va murabbiylarimiz yoshlarga har jihatdan namuna bo‘lishlari kerak. Jumladan, kiyinish borasida ham.
Biz insoniylik va ma’naviyat bobida dunyoga tanilgan ulug‘ zotlarning avlodlarimiz. Alloma Farididdin Attor aytganlaridek, navnihol o‘g‘il-qizlarimiz xatolardan o‘zlarini uzoqroq tutsalar, oilalari obro‘si uchun ham, mamlakatimiz sha’ni uchun ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Xalqimizning asrlar davomida shakllangan, milliy qadriyatlar darajasiga ko‘tarilgan kiyinish odobiga doir ajoyib udumlari borki, bugungi avlod vakillari ularni har qancha o‘rgansa, ibrat olsa, arziydi.
MAHMUDJON Sobirov
Imom Faxriddin ar-Roziy O‘MIByu mudarrisi
Izohlar