15.11.2024

SARF ILMINING PAYDO BO’LISHI VA RIVOJLANISHI

Har bir ilmning tarixini bilish o’sha ilmni chuqurroq anglashga yordam beradi. Chunki birorta ilmni paydo bo’lishi, rivojlanishi, ilmiy yangiliklari, asoschilari, yetib kelish yo’llari aynan o’sha ilmning tarixida bayon qilingan bo’ladi. Lekin “sarf ilmi[1]”ning tarixi borasida ma’lumotlar juda kam bo’lib, bunga asosiy sabab, sarf ilmini nahv ilmiga qo’shib o’rgatilganligidir. Shuning uchun ham kitoblarda sarf ilmigagina ta’luqli malumotlar juda kam keltirilgan. Mazkur muqaddima orqali sarf ilmining tarixini batafsil bayon qilib berishga harakat qilamiz.

Ushbu muqaddima orqali talaba quyidagi ma’lumotlarga ega bo’ladi:

  1. Sarf ilmining ta’rifi,
  2. Sarf ilmining paydo bo’lish bosqichlari
  3. Sarf qoidalarini tuzib chiqish sabablari,
  4. Sarf ilmiga kim tomonidan asos solinganligi.
  5. Sarf ilmining rivojlanish bosqichlari

1. Sarf ilmining ta’rifi.

Sarf so’zining lug’aviy ta’rifi: Sarf so’zi lug’atda quyidagi ma’nolarni anglatib keladi:  a) bir narsani asl holatidan burish, o’zgartirish, b) kumushni yuqori sifatda bo’lishi, c) ikkita naqd narsani bir birini muqobiliga sotish, d) qiymatdagi ziyodalik, e) ustun kelish, f) hiyla qilish, g) kasb qilish.

Sarf ilmining ilmiy va amaliy istilohlari mavjud:

Sarf so’zining ilmiy ta’rifi: “Sarf shunday ilmki, u orqali sarflanadigan kalimalarning tuzilishi, asliy va zoida harflar, sog’lom va illatli harflar va ularda ro’y beradigan o’zgarishlar bilinadi”[2].

Sarf so’zining amaliy ta’rifi: “Bitta o’zakni shaklini o’zgartirish orqali har xil ma’nolarni hosil qilish”.[3]

2. Sarf ilmining paydo bo’lish bosqichlari

Sarf ilmining paydo bo’lishi nahv ilmi bilan bir paytda bo’lib, bu hodisa hijriy birinchi asrning o’rtalariga to’g’ir keladi. Bu ikkala ilm ham bir paytning o’zida paydo bo’lib, o’sha davrlarda bularning o’rtasi ajratib o’tirilmasadan, ularni gohida “ilmul lug’at”, gohida “ilmun nahv” degan nomlar bilan nomlashgan. Ba’zi fikrlarga ko’ra, bu jarayon Abul Asvad ad-Dualiy (vafoti hijriy 69-y.) zamonlariga to’g’ri kelib u zot nahv fanining asoschisi hisoblanadi. Bu hodisa Xolil ibn Ahmad al-Farohidiy (vafoti hijriy 170-y.) zamonlarigacha davom etgan (bu bosqich Basra maktabiga xos bo’lgan). 

Bu jarayon ikkita bosqichda amalga oshgan:

1-bosqich. Bu bosqichni Abul Asvad ad-Dualiy va uning shogirtlari aks ettirib beradi. Ular Yahyo ibn Ya’mar (vafoti hijriy 129-y.), A’nbasa ibn Ma’dan (vafoti hijriy 100-y.), Maymun al-Aqron (vafoti hijriy 117-y.) va Nasr ibn A’simlar (vafoti hijriy 89-y.) bo’lib, ular bu fanni asosini barpo qilishda ko’p fidoiylik qilishgan.

2-bosqich. Bu bosqichni Abdulloh ibn Abu Is’haq al-Hazromiy (vafoti hijriy 117-y.), Iso ibn Umar as-Saqofiy (vafoti hijriy 149-y.), Abu Amr ibn A’lo al-Moziniylar (vafoti hijriy 154-y.) gavdalantirib beradi. Ushbu bosqich vakillari bu ilmni shakllantirishda qattiq ter to’kishgan va tarqoq holatdagi sarf-nahv qoidalarini yaxlit holatga keltirishgan, ularni manbalari bilan asoslab berishgan.

3. Sarf qoidalarini tuzib chiqish sabablari,

Tarixchi va tadqiqotchi olimlar sarf-nahv qoidalarini tuzishga undagan bir nechta sabablarni keltirib o’tishgan:

1. Arab davlatlari kengayishi natijasida a’jamlarga, ya’ni arab bo’lmaganlarga arab tilini o’rgatishga  bo’lgan harakat,

2. A’jamlarni biror bir qoidaga asoslanmay arab tilini o’rganishlari natijasida arab adabiy tili buzila boshlagan, buni oldini olish maqsadida a’jamlarga dasturul amal bo’ladigan qoidalar ishlab chiqish,

3. Siyosiy va ijtimoiy sohalarda arablar va a’jamlar o’rtasida muloqat qilishga bo’lgan hojat.

4. Sarf ilmiga kim tomonidan asos solinganligi.

Yuqorida aytib o’tganimizdek tarixchilar sarf faniga kim asos solganligiga hech qanday isbot keltirishmagan. Bunga sabab dastlab sarf ilmi nahvdan ajralib mustaqil fan sifatida paydo bo’lmaganligidir. Lekin mutaaxxir (keying) ulamolar “Sarf fanining asoschisi Muoz ibn Muslim al-Harro (vafoti hijriy 187 yoki 190-y.) ekanligiga mutaqoddim (oldingi) ulamolar ittifoq qilishgan”, deb aytib o’tishgan. Ularni bu gapni aytishiga sabab, Suyutiy o’zlarining “Bug’yatul Vu’at” kitoblarida Muoz ibn Muslim al-Harroni Abu Muslim Abdulmalik ibn Marvon bilan sarf qoidalari borasidagi bahsini keltirib, “Sarf fanining asoschisi Muoz ibn Muslim al-Harrodir” degan gaplarini o’zlariga hujjat qilib olishgan.

Abdullatif al-Xotib aytadilar: “Buyuk olim Suyutiyni bu so’zlarni aytishidan ajablanarlisi shundaki, u zot Muoz ibn Muslimni Abu Muslim bilan sarf qoidalari borasida qilgan bahsidan kelib chiqib, Muoz ibn Muslim sarf fanini asoschisi degan gapni aytgan, holbuki Muoz ibn Muslimdan oldin ham ulamolar sarf qoidalari borasida bahs qilishgan. Demak sarf qoidalari borasida munozara qilgan boshqa olimlarni ham sarf fanini asoschisi desak bo’lar ekan-da?”

Nahvshunos olim Al-Zajjojiy “Majalisul ulama” kitobida Asma’iyni Kisoiy bilan, Moziniyni Axfash bilan, Royashiyni Moziniy bilan sarf qoidalari borasidagi bahslarini keltirib o’tgan va bu orqali Muoz ibn Muslimdan boshqalar ham sarf qoidalari borasida bahs-munozara qilganiga ishora qilgan.

Ba’zi tadqiqotchilar Muoz ibn Harro sarf faniga tegishli ko’plab qoidalarni zikr qilib o’tganligi bois, u zot sarf fanining asoschisi deb nomlangan deya fikr bildirishgan. Sarf fani nahv fani bilan qo’shib o’rgatilganligi bois, bundan kelib chiqadiki, nahv faniga kim asos solgan bo’lsa, demak sarf fanining ham asoschi o’sha shaxs hisoblanadi. 

5. Sarf ilmining rivojlanish bosqichlari

Sarf fani shakllanish jarayonida bir nechta bosqichlarni bosib o’tgan:

Birinchi bosqich sarf ilmining shakllanish va rivojlanish bosqichi. Bu bosqich Xalil ibn Ahmad (vafoti hijriy 175-y.) davridan ibn Sarroj (vafoti hijriy 316-y.) davrigacha davom etgan. Ushbu bosqichda Sibavahning “Al-kitob” asari singari muhim kitoblar ibn yozilgan va sarfga doir qoidalar nahv bilan birga yozib ketilgan. Ushbu bosqichda Ali Al-Ahmar Al-Kufiy (vafoti hijriy 113-y.), Farro (vafoti hijriy 207-y.), Ibn Sikkit (vafoti hijriy 246-y.) kabi olimlar asarlar yozib ijod qilishgan. Bu bosqichda Nahv maktablari kengayib, Kufada lug’at olimlari ko’zga ko’rina boshladi. Ularning eng mashhurlari Muoz Muslim al-Harro, Ali ibn Hamza Kisoiy (vafoti hijriy 189-y.), Muhammad ibn Hasan Ar-Ruasiylar hisoblanadi. Bu davrda Bag’dodda ham lug’at maktablari shakllandi va boshqa maktablar bilan nahv va sarf qoidalari borasida ixtiloflar va bahslar yuzaga chiqa boshladi.

Ikkinchi bosqich sarf ilmining takomillashuv bosqichi. Bu bosqich Abu Usmon Bakr Al-Moziniy (vafoti hijriy 248-y.) va Abu Yusuf Ya’qub As-Sikkit zamonidan Muhammad ibn Zabid Al-Mubarrid (vafoti hijriy 285-y.) va Ahmad Yahyo Sa’lab (vafoti hijriy 291-y.) zamonlarigacha davom etgan. Ushbu bosqichda sarf kitoblari nahv kitoblaridan ajralib chiqa boshlagan. Abu Usmon Al-Moziniy sarf masalalariga oid mustaqil kitob yozgan va sarf fani borasidagi kitoblarni nahv kitoblaridan ajralib chiqishiga yo’l ochib bergan.

Uchinchi bosqich sarf fanidagi ulamolarni qaysi birining fikri ustun ekanligini aniqlash bosqichi. Bu bosqich hijriy 293-yildan hozirgi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Ushbu bosqichda lug’at maktablarining qarashlari va ular o’rtasidagi ixtiloflar o’rganilib, ularning qaysi biri to’g’ri ekanligi dalillar bilan isbotlab beriladi.

MA`MURJON. Abdusharipov
Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti mudarrisi.


 

[1]Bu fanga yana اَلتَّصْرِيفُ – at-tasrif (tuslash), عِلْمُ التَّصْرِيفِ – ilmut tasrif (tuslash haqidagi ilm), عِلْمُ تَشَكًّلِ الْكّلِمَاتِ – ilmu tashakkulil kalimat (so’zlarning shaklini o’rganish), عِلْمُ الصِّيَاغَةِ – ilmus siyog’a (siyg’alash, tuslash ilmi).tashakkulil kalimat (so’zlarning shaklini o’rganish), عِلْمُ الصِّيَاغَةِ – ilmus siyog’a (siyg’alash, tuslash ilmi).

[2]موسوعة النحو و الصرف و الاعراب  417

[3] شذ العرف في فن الصرف 20