06.12.2024

SIBAVAYH NOMI BILAN MASHHUR OLIMLAR

Sibavahy degan nomni eshitishimiz bilan dastlab zehnimizga o’sha buyuk nahv olimi Imom Sibavyh keladi. U zotning asl ismlari Amr ibn Usmon ibn Qanbar bo’lib, nasabini qisqartirib Amr ibn Qanbar deyishgan. U  zotning asl kelib chiqishlari forslik bo’lgan. Imom Sibavyhning kunyalari borasida turli xil fikrlar bor, ba’zilar Abu Bashr deyishgan bo’lsa , ba’zilar Abu Husayn deyishgan va boshqalar Abu Usmon deb ham aytishgan. U zotninng laqabiga kelsak, u zot “sibavayh” degan laqab bilan mashhur bo’lganlar. Bu so’z fors tilidan olingan bo’lib, “siba” olma , “vayh” hid, ya’ni olmaning hidi degan ma’noni bildiradi. Lekin oldingi ulamolardan ba’zilari, xususan Abu Abdulloh ibn Tohit al-Askariy “سى  - o’ttiz,بوى  yokiبويه  esa hid, ya’ni o’ttiz xil hid  degan ma’noni bildiradi” degan. Ushbu qarash fors tili e’tiboridan qaraganda to’g’ri hisoblansada, birinchi qarash to’g’riroq hisoblanadi.       

 Imom Sibavayhga nima sababdan bu laqab berilganligi to’g'risida turli xil rivoyatlar kelgan.

1. Imom Sibayhning o’zlari olmani yaxshi ko’rganliklari sababli ushbu laqabni olganlar.

2. Yuzlari doimo qizarib yurgani  uchun shu laqab u zotga nisbat berilgan.

3. Onalari erkalatib shu nom bilan chaqirganlar va keyinchalik bu nom u zotga laqab bo’lib qolgan.

 Imom Sibavayh rahmatullohi alayhdan keyin ham ushbu laqab bilan boshqa nahv olimlari mashhur bo’lishgan. (Ehtimol ularning ushbu laqabni olishlariga sabab nahv ilmi borasida juda ham mohir bo’lganliklari bo’lsa kerak). Imom Suyutiy o’zlarining “Nihoyatul bug’ya” kitoblarida Imom Sibavayh nomi bilan tanilgan to’rtta shaxsni zikr qilib o’tgan. Ular quyidagilar: 

  • Abu Bakr Muhammad ibn Muso ibn Abdulaziz al-Kindiy al-Misriy bo’lib ibn Jubay deb ham tanilgan. U zotning laqablari ham Imom Sibavayh bo’lgan. Imom Yaqut shunday deydi: “ Ibn Jubay nahv, maoniy, qiroat, g’arib (bu ilm qur’on tafsiriga xos bo’lib, qur’ondagi ma’nosi mabham va to’liq ravshan bo’lmagan so’zlarni izohlab beradigan ilm hisoblanadi), e’rob, ahkom, hadis va rivoyat ilmlarini yaxshi bilar  va ayniqsa nahv bilan g’arib ilmlariga alohida e’tibor qaratargan. Shuning uchun ham “Sibavayh” laqabini olgan edi”. Imom Yoqut yana zikr qilib aytadilarki “U juda ham kamtar, xudojo’y edi va u zotning majlislarida adiblar, faqihlar, obidlar va solih kishilar o’tirar, hatto majlislariga podshohlar ham qatnashar edi”.
  • Abu Nasr Muhammad ibn Abdulaziz ibn Muhammad at-Taymiy al-Asbahoniy. U zot ham ilm yulduzlaridan biri bo’lib lug’at va nahv ilmlarining olimi edi. 
  • Abul Hasan Ali ibn Abdulloh ibn Ibrohim al-Kufiy al-Mag’ribiy al-Molikiy. Hijriy 600-yildan keyin tug’ilganlar va 667-yili Qohirada vafot etganlar. 
  • Ibrohim al-Shabstariy an-Naqshbandiy. XX asr ulamolaridan biri hisoblanadi. U zot “Ikkinchi Sibavayh” nomi bilan mashhur edi. Uni nahv borasida yozilgan kitobi bo’lib “Nihoyatul bahja” deb nomlagan va o’zi unga sharh yozgan.

 

MAʼMURJON domla Abdusharipov
Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti mudarrisi.

 

Izoh qoldirish

Izohlar