19.09.2024

NAHV ILMIDA DENGIZ – IBN HOJIB

Bu buyuk zotning asl ismlari Jamoliddin, kunyalari Abu Amr bo’lib,  to’liq ismlari Usmon ibn Umar ibn Abu Bakr ibn Yunus. U zotning asl kelib chiqishi Kurd millatiga mansub bo’lib,  570-yili Misrning yuqori qismida joylashgan Isno shahrida tug’ilganlar. Otalari amir Izzuddin ibn Musik as-Solahiyning (Salohiddin Ayyubiyning tog’alari) darvozaboni bo’lgani uchun u zot Ibn Hojib, ya’ni Hojibninng (hojib so’zi darvazabon, eshik og’asi degan ma’nolarni bildiradi)o’g’li degan nom bilan mashhur bo’lganlar. Otalari yosh Ibn Hojibni o’sha davrda ilm va ulamolar shahri bo’lgan Qohiraga olib boradi va u yerda Qur’oni Karimni to’liq yod olib, yetti qiroat bo’yicha ijoza oladilar. O’z davrida Molikiy mazhabining shayxlaridan hisoblanib, usulul-fiqh va arab tili ilmlarini ham chuqur egallaydi. 

Ustozlari: 

  • Imom Ash-Shotibiy (538-590) – bu zotdan qur’on qiroati va rivoyatini tehsil olganlar,
  • Ismoil ibn Yosin – bu zotdan hadis ilmini o’rganganlar,
  • Abul Qosim Vahbatulloh ibn Ali ibn Mas’ud Al-Busuriy (506-598) – bu zotdan hadis ilmini o’rganganlar,
  • Abul Fazl Muhammad ibn Yusuf ibn Ali Al-G’aznaviy (522-599) – bu zotdan barcha qiroatlar bo’yicha ijoza olganlar,
  • Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Homid al-Artohiy (601 v.),
  • Abul Jud G’iyos ibn Foris ibn Makkiy ibn Abdulloh Al-Laxmiy (518-605) – bu zotdan yetti qiroatdan ijoza olganlar,
  • Abu Mansur Shamsiddin Abul Hasan Ali ibn Ismoil ibn Ali al-Abyoriy (557-618) – bu zotdan fiqh ilmini o’rganganlar,
  • Imom Abul Hasan Ash-Shoziliy – shoziliya tariqatining imomi,
  • Abul Hasan ibn Jubayr – bu zotdan fiqh va usuldan dars olganlar,

U zot ko’pgina shaharlarni kezganlar va Baytul Maqdisga ham ziyorat uchun borganalar. Damashq shahriga ham borib u yerda Molikiy mazhabidan dars berganlar. Keyin esa Qohiraga qaytib kelib ustozlari imom Shotibiyning o’rinlarida “Foziliyya” madrasasida dars berganlar. U zotning ilmidan ko’pgina ahli ilmlar manfaat olishgan.

 Shogirdlari:

  • Hofiz Zakiyuddin Abu Muhammad Abdul A’zim ibn Abdul Qoviy ibn Abdulloh ibn Salama ibn Sa’d Munziriy (vafoti 656.) - bu zot Ibn Hojibdan hadis rivoyat qilganlar,
  • Hofiz Sharofiddin Abdul Mu’min ibn Xolaf ibn Abul Hasan ibn Sharof (613-705) - bu zot Ibn Hojibdan hadis rivoyat qilganlar,
  • Sharofiddin Abdulloh ibn Muhammad ibn Ali  Al-Fihriy (644 v.)
  • Kamoliddin Abdurrahmon ibn Abdulkarim ibn Xolaf Al-Ansoriy (651 v.),
  • Dovud ibn Iso ibn Al-Adil Abu Bakr ibn Ayyub (656 v.) – bu zot Ibn Hojibdan nahvni dars olganlar,
  • Abdurahmon ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Usmon (665 v.)
  • Shayx Jamoluddin Muhammad ibn Abdulloh ibn Molik At-Toiy “Alfiya” kitobining sohibi .
  • Imom Hofiz Mansur ibn Salim ibn Mansur (607-637) - bu zot Ibn Hojibdan hadis rivoyat qilganlar,
  • Alloma Zayniddin Abdussalom ibn Ali ibn Umar (681 v.) – bu zot Damashqda molikiy mazhabi qozisi bo’lgan,
  • Imom Nosiruddin Ahmad ibn Muhammad ibn Mansur (683 v.) – bu zot Ibn Hojibdan fiqh o’rgangan va ustozidan fatvo berishga izn olgan. Ibn Hojib shogirdining zukkoligidan va g’ayratidan nihoyatda ajablanar edi.
  • Imom Ahmad ibn Idris ibn Abdurrahmon ibn Abdulloh Al-Qarofiy go’zal asarlar sohibi (684 v.),
  • Shayx Abu Bakr ibn Umar ibn Ali ibn Solim (607-695) – bu zot Ibn Hojibdan arab tilini dars olganlar,
  • Imom Muhaddis Zayniddin Ali ibn Muhammad ibn Munir “Sahihi Buxoriy”ning shorihlaridan (695 v.),
  • Muhamad ibn Abu Alo ibn Ali An-Nasibiy (695 v.) - bu zot Ibn Hojibdan qiroat ilmidan dars olganlar,
  • Abu Ali Al-Hasan ibn Jalol - bu zot Ibn Hojibdan hadis rivoyat qilganlar,
  • Abul Fazl Al-Irbaliy,
  • Jamoliddin Abu Is’haq Al-Foziliy

U zotdan yana Yoqut Hamaviy, Abul Hasan ibn Baqqol, Imod ibn Balisiylar ham ijoza olishgan.

Asarlari: 

  • “Al-Iyzoh” - Imom Zamaxshariyning “Mufassal” asariga sharh,
  • “Al-Amaliy an-nahviyya”,
  • “Ash-shafiya” - bu kitob sarf borasida yozilgan bo’lib, juda ham qisqa va lo’nda qilib yozilgan,
  • “Sharh ash-shafiya” – bu kitob “Ash-shafiya” kitobining sharhi bo’lib, muallifning o’zi sharhlagan,
  • “Sharhu kitabi Sibavayh”,
  • “Sharh al-kafiya”,
  • “Sharh al-vafiya”,
  • “Sharh muqaddima al-Jazuliyya”,
  • “Al-masail ad-Dimashqiyya”,
  • “Al qasida al-muvahhasha bil-asma al-muannasa” – bu 23ta baytdan iborat bo’lib, Ibn Hojib bu kitobda samoiy muannaslarni keltirib o’tgan.,
  • “Jami al-ummahat” – fiqh borasida yozilgan kitob,
  • “Sharh al-hadiy”,
  • “Uyun al-adilla”,
  • “Mu’jam ash-shuyux”.

Ibn Hojib rahimahulloh faqih, fozil, muftiy, ko’plab ilmlarda dengiz, taqvodor, tavoze’li, zehni o’tkir, dunyo tan olgan zakiylaridan, tasavvuri keng, usul, nahv, sarf, aruz, tafsir kabi fanlarda tengi yo’q shaxs edi. U zot ma’nolarni muxtasar qilib ifodalashda tengiz edi. Ibn Hojib va Ibn Molik ikki xil dunyoqarash egalari edi. Chunki ibn Molik mag’riblik va shofe’iy mazhabida edi. Ibn Hojib bo’lsa kurd millatiga mansub, molikiy mazhabida edi. Ibn Hojib rahimahulloh 646 yili 26 shavvol kuni Qohiradan Iskandariyaga safar chog’ida vafot etdi. Alloh u zotdan rozi bo’lsin.

MAʼMURJON domla Abdusharipov
Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti mudarrisi.

Izoh qoldirish

Izohlar