RAQAMLI TA’LIM SHAROITIDA O‘QUVCHILARDA AXLOQIY ONG VA KIBERXAVFSIZLIK MADANIYATINI SHAKLLANTIRISH: MUAMMO VA YECHIMLAR
RAQAMLI TA’LIM SHAROITIDA O‘QUVCHILARDA AXLOQIY ONG VA KIBERXAVFSIZLIK MADANIYATINI SHAKLLANTIRISH: MUAMMO VA YECHIMLAR
Kirish. Bugungi globallashuv va raqamlashtirish jarayonida ta’lim tizimi ham tubdan o‘zgarib bormoqda. Raqamli ta’lim texnologiyalari o‘quvchilarga bilim olishda keng imkoniyatlar yaratmoqda. Biroq bu jarayon bilan bir qatorda axloqiy muammolar, internet madaniyatining pastligi va kiberxavfsizlikka oid xavflar ham yuzaga chiqmoqda. Ayniqsa, yoshlarning axborot makonida nazoratsiz qolishi ularning axloqiy ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, o‘quvchilarda nafaqat bilim va ko‘nikmalarni, balki axloqiy ong va kiberxavfsizlik madaniyatini shakllantirish muhim pedagogik vazifaga aylanmoqda. Ushbu jarayonda milliy va diniy-ma’naviy merosimizga tayanish, xususan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Ijtimoiy odoblar” asarida bayon etilgan g‘oyalardan foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Raqamli ta’lim va axloqiy ong tushunchasi Axloqiy ong — bu shaxsning jamiyatda qabul qilingan axloqiy me’yorlar, qadriyatlar va xulq-atvor qoidalarini anglash va ularga amal qilish qobiliyatidir. Raqamli ta’lim sharoitida axloqiy ong virtual muloqot, internetdan foydalanish madaniyati, axborotga mas’uliyatli munosabat kabi jihatlarda namoyon bo‘ladi. Raqamli muhitda o‘quvchilar turli axborot oqimlariga duch keladilar. Agar bu jarayonda axloqiy mezonlar yetarli darajada shakllanmagan bo‘lsa, yolg‘on axborot, tajovuzkor kontent va zararli g‘oyalar yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli raqamli ta’lim axloqiy tarbiya bilan uyg‘un holda olib borilishi zarur.
“Ijtimoiy odoblar” asarida axloqiy tarbiya masalalari Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Ijtimoiy odoblar” asari jamiyatda insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi axloqiy qoidalar majmuasidir.Asarda hurmat, halollik, mas’uliyat, birovning haqqiga xiyonat qilmaslik, so‘z va amal birligi kabi muhim tamoyillar keng yoritilgan. Mazkur tamoyillarni raqamli muhitga tatbiq etish orqali internet odobi, ya’ni onlayn muloqotda hurmat saqlash, yolg‘on va tuhmatdan tiyilish, shaxsiy ma’lumotlarni ehtiyot qilish kabi qoidalarni shakllantirish mumkin. Asarda keltirilgan ijtimoiy mas’uliyat g‘oyasi bugungi kunda internetdan foydalanishda ham dolzarbdir. Bolalarning internet va kompyuterdan foydalanishini oqilona va e’tibor bilan yo`lga qo`yish kerak. Avvalo, bola ota-onasi va kattalarning ruxsatisiz internet va kompyuterdan foydalanmasin.
Bolalarni bunday paytlarda qarovsiz qoldirmaslik, nazardan qochirmaslik lozim. Ular foydalanadigan jihozlar hammaning ko`z o`ngida turadigan bo`lsin. Yo`qsa, ko`zni shamg`alat qilib, istalmagan, buzuq yoki befoyda narsalarga o`zlarini urishlari mumkin. Bolalarning internet va kompyuterda o`ynaydigan o`yinlari zehnni charxlaydigan, ma’rifiy foyda beradigan, odob-axloqqa chorlaydigan bo`lishi chorasini ko`rish lozim. Bolalarning vaqti zoe bo`lmasligi haqida muntazam bosh qotirish ham esdan chiqmasligi lozim. Yuqorida o`tgan mulohazalarda bir kishining saytga kirib, undan foydalanishi haqida so`z bordi. Ammo internetda boshqa xizmatlar, turli tarmoqlar va faoliyatlar ham bor. Albatta, bular haqida ham batafsil so`z yuritilishi juda zarur. Quyida xalqaro zamonaviy aloqa va axborot vositasi bo`lmish internetdan foydalanishning ba’zi umumiy odoblari haqida qisqacha so`z yuritamiz: Internetdan foydalanmoqchi bo`lgan odam niyatni yaxshi qilgan bo`lishi kerak. Albatta, musulmon inson har bir narsada bo`lgani kabi, internetdan foydalanishda ham faqat yaxshilikni, shariatda ruxsat berilgan narsalarga muvofiq ish qilishni niyat qilishi lozimdir. Ana shundagina bu ishidan foyda topadi, ko`zlagan maqsadiga erishadi. Internetdan olgan foydasiga qo`shimcha ravishda, dinining ta’limotlariga amal qilgani uchun savob ham oladi.
Agar diniy ta’limotga amal qilmay, niyatini yaxshilasa-yu, internetdan faqat yaxshilik yo`lida foydalansa, o`sha olgan foydasi qoladi, ammo savob olmaydi. Chunki bu ishiga diniy ta’limot asosida yaxshi niyatni aralashtirmadi. Musulmon kishi bir yaxshilikni niyat bilan qilsa, bir savob oladi, o`sha niyatiga amal qilganida esa, savobi o`n marta ko`payadi. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam O`z Robblari taboraka va taolodan rivoyat qilib aytadilar: «Albatta, Alloh yaxshiliklar va yomonliklarni yozib qo`ydi. So`ngra o`shani bayon qildi. Kim bir yaxshilikni qasd qilsa-yu, uni amalga oshirmasa, Alloh buni O`z huzurida komil bir yaxshilik qilib yozib qo`yadi. Agar uni qasd etib, amal ham qilsa, Alloh azza va jalla uni O`z huzurida o`ntadan etti yuz yaxshilikkacha, undan ham bir necha marta ko`p qilib yozadi», dedilar». Buxoriy, Muslim, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar. Internetga kirishdan oldin vaqtni zoe qilmaslik uchun umrning qadrini esga olish, uning har lahzasi hisobli ekanini, qiyomat kunida hisob-kitob bo`lishini esga olish zarur. Aynan ushbu his-tuyg`u bo`lmagani uchun ko`pchilik internetda soatlab vaqtini, aziz umrining g`animat kunlarini zoe qilishni o`ziga ep ko`rmoqda. Uzoq vaqt davomida, sakkiz-o`n soatlab internetda o`tirganlar o`ziga xos xastaliklarga chalinganlari haqidagi xabarlar behuda tarqalmagan bo`lsa kerak. Musulmon inson esa doimo, jumladan, internetdan foydalanishda ham umrining har lahzasi borasida oxiratda so`ralishini zinhor unutmaydi. Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Qiyomat kuni odam bolasining qadami to undan besh narsa haqida: umrini nimagasarflagani, yoshligini nimaga ketkazgani, molini qaerdan kasb qilgani va nimaga sarflagani, bilganiga qanday amal qilgani haqida so`ralmagunicha, Robbining huzuridan uzilmaydi». Termiziy rivoyat qilgan. Internetga kirishdan oldin ish rejasini yaxshilab tuzib olish kerak. Har bir ishdagi kabi, internetdan foydalanishda ham yaxshilab tuzilgan reja asosida ish yuritish lozim. Maqsad va ko`zlangan foyda aniq bo`lsin. Kirish niyat qilib turilgan saytning nomi tayyor bo`lsin. Shunga o`xshash barcha kerakli narsalar, ma’lumotlarni oldindan aniqlab olish zarur. O`tirib olib, «nima qilsam ekan», degan xayollarni surish vaqtning zavolidir. Internetda ishlashni «Bismillahir rohmanir rohiym» bilan boshlash va ish boshlashda o`qiladigan duolardan bilganicha o`qish kerak. Musulmon kishining har bir ishni boshlaganda albatta «Bismillahir rohmanir rohiym» deyishi kerakligi ko`plab hadislarda ta’kidlangan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «E’tiborli har bir ish «Bismillahir rohmanir rohiym» bilan boshlanmas ekan, u kesikdir», dedilar».
Abdulqodir Rahoviy rivoyat qilgan. Internetda ko`riladigan, o`qiladigan va eshitiladigan narsalarning barchasi shariat ruxsat bergan narsalar bo`lishi shart. Zotan, musulmon insonning hamma erda, barcha zamonlarda va barcha vaziyatlarda qiladigan gap-so`zlariyu, ish va faoliyati shariatga muvofiq bo`lishi talab etiladi. Ammo, ming afsuslar bo`lsinki, saytga kiradigan ba’zi odamlar hayotda o`zlariga ravo ko`rmaydigan narsalarni saytda bemalol ep ko`rishadi. Ular o`zlaricha, «bu ish hayotdagi saviyada emas-ku», degan xayolga borishlari mumkin. Aslida esa bu noshar’iy ishlarni saytda o`ziga ravo ko`rganlarning axloqiy saviyasida nuqson bor. Hayotda odamlar uni ko`rib- bilib turgani uchun, o`zgalar gapirmasin deya o`zini yomonlikdan tiygan bo`ladi. Saytda esa odamlar ko`rmaydi ham, bilmaydi ham. Buning ustiga, saytda ismini ham o`zgartirib, tamoman biror kishi tanimaydigan bo`lib oladi. Demak, uning shariat talablariga amal qilishi xo`jako`rsinga, to`g`riroq aytganda, munofiqlikka asoslangan bo`ladi. Shuning uchun ham saytga kirgan har bir inson o`zining musulmonlik burchini unutmasligi kerak. Odamlar ko`rmasa ham, Alloh taolo ko`rib turganini esdan chiqarmaslik lozim. Odamlar bilmasa ham, Alloh taolo bilib turganini munta-zam his etib turish zarur. Sayt egalarining ma’naviy-ma’rifiy huquqlariga to`la rioya qilish chin musulmonlik burchidir. Bunga pul to`lab kirish lozim bo`lgan saytlarga haq to`lamasdan, o`g`rincha kirish, ko`chirib olishga ruxsat berilmagan narsalarni ko`chirib olish, ko`chirib olinganda manba ko`rsatilishi lozim bo`lganida, ko`rsatmaslik kabi ishlar kiradi. Bu kabi ishlarning barchasi gunohdir. Chunki bu birovning ma’rifiy-ma’naviy mulkini talon-toroj qilishdan iboratdir. Boshqacha qilib aytganda, ma’rifiy-ma’naviy o`g`rilik va qaroqchilikdir. Bunday ishlar harom ekaniga ulamolar bir ovozdan fatvolar chiqarishgan. Ishxona yoki boshqa biror shaxsning internetidan ruxsatsiz foydalanish mumkin emas. Ba’zi kishilar ishxonaning internetidan o`z shaxsiy manfaatlari uchun foydalanishni o`zlariga ep ko`rishadi. Bunda ikki taraflama mulohaza qilinadigan ish sodir bo`ladi. Bir tarafdan – ishxonaning internetga to`laydigan mablag`i shaxsiy manfaat uchun sarflanadi. Ikkinchi tarafdan – ishxonaning ishini bajarish o`rniga ish vaqtida o`z manfaatini ko`zlab, mas’uliyatdan qochish yuz beradi. Boshqa odamning internetidan foydalanish borasida ham shunga o`xshash gapni aytish mumkin. Shuning uchun ulardan faqat haq egasining ruxsati bilan va zarurat yuzasidangina foydalanish mumkin. Dam olish tanaffusida kerakli ma’lumotni olish, elektron pochtani tekshirib ko`rish kabilarga ruxsat beriladi. Raqamli ta’limda kiberxavfsizlik muammolari Kiberxavfsizlik madaniyati — bu shaxsning raqamli muhitda o‘zini va boshqalarni himoya qila olish, xavf-xatarlarni anglash va ulardan oqilona saqlanish qobiliyatidir. Raqamlita’lim jarayonida o‘quvchilarning shaxsiy ma’lumotlari, onlayn platformalardagi faolligi turli tahdidlarga duch kelishi mumkin. Asosiy muammolar qatoriga quyidagilar kiradi: • shaxsiy ma’lumotlarning oshkor bo‘lishi; • zararli havolalar va firibgarlik; • axloqiy jihatdan salbiy kontent; • virtual zo‘ravonlik va kiberbulling. Ushbu muammolar o‘quvchilarda psixologik bosim va axloqiy inqirozga olib kelishi mumkin. Axloqiy va kiberxavfsizlik muammolarining yechimlari “Ijtimoiy odoblar” asarida ilgari surilgan g‘oyalarga tayangan holda quyidagi yechimlarni taklif etish mumkin:
1. Ta’lim jarayoniga axloqiy modullarni kiritish. Raqamli ta’lim platformalarida internet odobi va axloqiy mas’uliyatga oid mavzularni o‘rgatish.
2. Kiberxavfsizlik bo‘yicha targ‘ibot. O‘quvchilarga shaxsiy ma’lumotlarni himoyalash, xavfli kontentdan saqlanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish.
3. Ota-ona va pedagog hamkorligi. Oilada va ta’lim muassasasida bir xil axloqiy talablarni shakllantirish.
4. Milliy-ma’naviy merosdan foydalanish.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asarlaridagi odob va axloqiy me’yorlarni zamonaviy raqamli muhitga moslashtirish. Xulosa Raqamli ta’lim sharoitida o‘quvchilarda axloqiy ong va kiberxavfsizlik madaniyatini shakllantirish muhim ijtimoiy-pedagogik vazifadir. Ushbu jarayonda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Ijtimoiy odoblar” asarida bayon etilgan axloqiy tamoyillar muhim nazariy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi. Raqamli ta’lim va ma’naviy tarbiyani uyg‘unlashtirish orqali barkamol, mas’uliyatli va xavfsiz internet foydalanuvchisini tarbiyalash mumkin. Shuningdek, “Ijtimoiy odoblar” asari yoshlarning ma’naviy immunitetini oshirishda beqiyos ahamiyatga ega. Globalizatsiya davrida turli yot g‘oyalar, salbiy oqimlar yoshlar ongiga ta’sir ko‘rsatayotgan bir paytda, bu asar ularga milliy va diniy qadriyatlarni qadrlash, ota-ona va ustozlarga hurmat, jamiyat oldidagi mas’uliyatni anglash kabi fazilatlarni singdiradi. Bu esa yoshlarni barkamol shaxs sifatida voyaga yetkazishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, asarda keltirilgan ijtimoiy odoblar nafaqat diniy kontekstdagina, balki pedagogika, psixologiya va sotsiologiya fanlari nuqtayi nazaridan ham ilmiy asoslangan qadriyatlar sifatida qaralishi mumkin. Shuning uchun ham uni ta’lim tizimiga integratsiya qilish, yoshlar tarbiyasida qo‘llash juda samarali bo‘ladi. Umuman olganda, “Ijtimoiy odoblar” asarini o‘rganish shaxsiy hayotda poklik va halollikni, ijtimoiy hayotda esa birdamlik va mas’uliyatni mustahkamlashga xizmat qiladi. U milliy va diniy qadriyatlarni uyg‘unlashtirgan holda, jamiyatda ma’naviy yuksalishga, axloqiy tarbiya va totuvlikka yetaklaydi. Bu asar nafaqat diniy, balki pedagogik qo‘llanma sifatida ham ahamiyatga ega. Chunki unda yoshlarni tarbiyalashda psixologik va axloqiy jihatlar ham hisobga olingan.
Masharipov Raxmatulla Beknazarovich Imom Faxriddin ar-Roziy o'rta ta'lim madrasasi mudarrisi
УЗ
РУ
EN
العربية