05.12.2022

ILMNING AHAMIYATI VA FAZILATI

Alloh taologa hamd sano, olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevikli payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallamga durud salomlar va u zotga ergashgan barcha mo‘minlarga Allohning rahmati bo‘lsin!

Barcha dinlar ichida ilk bor ilmning inson hayotidagi o‘rniga ahamiyat bergan va ilmga keng yo‘l ochgan din – Islom dinidir.

Islom – ilm dinidir. Insoniyatga qiyomatgacha dasturul amal bo‘lgan Qur’on Karimning ilk oyatlari ham bunga yaqqol dalil bo‘ladi.

Muqaddas dinimizda ilmning va ulamolarning o‘rni beqiyos. Dunyoning muvozanatda turishligi ham Allohni qalbiga joylagan, taqvodor ulamolarga bog‘liq, chunki olimlar buzilsa olam buziladi.

Olamning intizomi ham ilmsizlik, aqlsizlik tufayli xarob bo'ladi.[1]

Albatta, bu borada hadislar ko'p. Lekin ixlos bilan ilm hosil qiluvchi tolibi ilm uchun bunday hikmatlar va hadislar nihoyatda ahamiyatlidir shu o'rinda salafi solihlarimizning, faqihlaru-mashoyixlarimizning ham fikr va xikmatlari bilan tanishib o'tsak, foydadan holi bo'lmaydi. 

Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ilm to'g'risida shunday marhamat qiladilar: 

"Ilm moldan yaxshidir, chunki ilm seni qo'riqlaydi, sen esa molni qo'riqlaysan. Ilm hokimdir, mol esa mahkumdir. Nafaqa qilish bilan mol kamayadi, ilm o'rgatish bilan ilm ziyoda bo'ladi".

Faxrul Musuliy roziyallohu anhu shogirdlaridan shunday deb so'radilar: "Agar bemor taom, sharob va dori iste'mol qilmasa, o'ladimi?""O'ladi", deyishdi. "Kalb ham shunday, agar uch kun ilm va hikmatdan man etsangiz, u ham o'ladi", - dedilar. Naqadar to'g'ri so'z! Qalbning ozuqasi ilm va hikmatdir. Jasadning ozuqasi taom bo'lganidek , qalb ham shu ikkalasi bilan tirikdir. . Ilmning niqoyasi yo'q. Shuningdek, barcha ilmlar fazilatli, qimmatli, sharafli bo'lib, har ilmning o'ziga xos bir fazilati bor. Bir shaxsning barcha ilmlarni o'zida mujassam eta olishi imkon doirasidan tashqaridadir. "Agar biz ilmni nihoyasiga etmoq uchun o'rgansak, noqislik qilgan bo'lamiz. Balki biz ilmni, johillikni ketkizmoq va bilimimizni oshirmoq uchun o'rganamiz", deydi, Movardiy.

Ba'zi olimlar aytishadi: "ilmga sho'ng'igan kishi dengizga sho'ng'igan shavvoz kabidir. Na biror erni ko'rur, na dengizning kengligini va uzunligini sezur".

Luqmoni Hakim o'g'liga shunday vasiyat qilganlar: "Ey o'g'ilcham, ulamolar bilan birga bo'lgin, ular bilan majlislarda yonma-yon o'tirgin, chunki Alloh taolo osmon suvlari bilan erni tiriltirganidek hikmatning nuri bilan qalbni tiriltiradi. Ey o'g'ilcham, namozni to'kis ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar, hamda, o'zingga etgan balolarga sabr qil. Albatta, mana shu ishlar maqsadga muvofig'laridir. Agar dunyo molini xohlasang, u bilan shug'ullan! Agar oxirat qayg'usini xohlasang, zuhdu taqvo bilan shug'ullan! Agar har ikkalasini xohlasang, ilm bilan shug'ullan! Chunki ilm dunyo izzati va oxirat sharafidir".

Imom Zuhriy rahmatullohi alayh aytadilar: "ilm zikrdir va uni zikr qilguvchilargina sevadilar".

Inson bir narsani talab qilar ekan, albatta, uning fazilatini bilmog'i shart, aks holda undan ko'zlangan maqsad ro'yobga chiqmaydi. Yuqorida ilmning fazilatlari haqida keltirilgan so'z javohirlari ham Alloh taolo odam bolalariga bergan ne'matning nechog'lik ulug'ligini bildirish uchundir.

Har bir narsani egallash yoki hosil qilishning fazilati, olinayotgan narsaning fazilati, kadri va qiymatiga qarab belgilanadi. Ilm olishning fazilati va uning qadri-qiymati ham bevosita ilmning qay darajada fazilatli ekaniga bog'liq.

Ilmning fazilati to'g'risida esa yuqorida bir qancha dalillar keltirib o'tildi. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak mulkka talofat yetishi yoki sohibining vafoti sabab mulk egasining qo‘lidan ketib qoladi.

Payg‘ambarlarga esa, qo‘ldan ketib qolmaydigan boylik-ilm berilgan. Ular ham bu sharafli ilmni o‘zlarining merosxo‘rlari olimlarga meros qoldirib ketganlar. O‘tgan ulug‘larimizdan foydali narsa haqida so‘rashganida "o‘zing bilan har doim birga qoladigani" deb javob berganlar. “O‘zimiz bilan birga bo‘ladigan narsa nima?" deganlarida, "kema cho‘kkanida sen bilan qolgan narsa" deb javob berdilar.

Demak ilm va yaxshi amal dunyodagi barcha narsadan afzal ekan. Payg‘ambarlar bizlarga qanday ham yaxshi merosni qoldirib ketgan ekanlar.

Ilmni meros olgan kishi barcha yaxshilikni qo‘lga kiritibdi, zero ulamolar oyati karimadagi bu dunyodagi "yaxshilik"[2]ni ilm va ibodat deb tafsir qilganlar. Alloh taolo ilm sababli olimlarni oliy qilib, yaxshilik amallarga yo‘lboshlovchi qiladi. Farishtalar, jamiki xayvonlar, parrandalar, dengizdagi baliqlar xattoki ho‘l—quruq narsalar borki barcha—barchasi olimning ilmi sababli unga istig‘for aytadi.

Ilm qalblarning hayoti va ko‘zlarimizning nuridir. Alloh taolo barchalarimizni hadisda keltirilgan olimlardan bo‘lib Allohning rahmatiga noil bo‘lishimizni nasib aylasin!


M.Yunusxo'jayev

Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti mudarrisi

[1] Imom Zarnujiy. «Ilm olish sirlari». – Toshkent. Movaraunnahr. 2004. – B. 11.

 

Izoh qoldirish

Izohlar

20.04.2024 16:00
Assalomu ALeykum men ilm va ilmsizlik haqida maqola yozmoqchi edim agar ruxsat bersangiz shundan ba`zi joylaridan foydalansam.